Линклар

Шошилинч хабар
30 июн 2022, Тошкент вақти: 15:48

“Avtomobilchi” Jalilov endi oziq-ovqat sanoatini boshqaradi


Tohir Jalilov

Karimov davrida urilib, Mirziyoev hukumatga kelgach rahbarlik lavozimiga qaytgan Tohir Jalilov “O‘zbekoziqovqatxolding” shirkatiga rahbar etib tayinlandi. Jalilov “GM - Uzbekistan”ni boshqargan payti korrupsiyada ayblanib hibsga olingandi. Keyinchalik unga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinib, “O‘zavtosanoat” boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari bo‘ldi.

48 yashar Tohir Jalilovning “O‘zbekoziqovqatxolding” boshqaruv raisligiga tayinlanganini kompaniya rasmiylari Ozodlikka tasdiqladi:

“Tohirjon Abdunabievich juma kuni rasman xolding boshqaruv raisi sifatida tanishtirildi. Xabaringiz bor, o‘tgan hafta prezidentimiz Mirziyoev eksport masalalariga bag‘ishlangan videoselektr o‘tkazib, keskin tanqidiy fikrlar bildirdi. Bizning xolding ham bu tanqidlardan quruq qolmadi. Shundan so‘ng xolding rahbari Odilxon Rustamov ishdan olinib, uning o‘rniga Jalilov Tohirjon Abdunabievich boshliq bo‘ldi”, dedi xolding rasmiylaridan biri.

27 iyun kuni Mirziyoev eksport sohasidagi kamchiliklar uchun “O‘zbekoziqovqatxolding” rahbari Odilxon Rustamov va ushbu xolding tarkibida bir yil avval tuzilgan "O‘zagroeksport" maxsus tashqi savdo kompaniyasi direktori Jamshid Xolmuhammedovni “o‘z lavozimiga noloyiq” deya vazifasidan ozod etgandi. Hozircha "O‘zagroeksport"ga Rustamov o‘rniga kim tayinlangani Ozodlikka ma’lum emas.

"O‘zagroeksport" 2017 yilning birinchi choragida 101,8 ming tonna meva va sabzavotni eksport qilgan.

Avtomobil sanoatida qariyb yigirma yilcha faoliyat ko‘rsatgan Tohir Jalilovni hatto tanqidchilari ham mashina eksporti bo‘yicha yaxshi mutaxassis sifatida e’tirof etishadi.

So‘nggi olti yil davomida o‘zbek avtokonsernini boshqargan Tohirjon Jalilov tovlamachilik yo‘li bilan shirkat pullarini o‘zlashtirganlikda gumonlanib, 2016 yil aprel oyida hibsga olinib, bir muddat Toshkentdagi MXX tergov izolyatorida saqlangan. Biroq prezident Karimovning o‘limidan so‘ng Jalilov hibsdan ozod qilinib, tergov idoralariga uydan qatnab yurdi.

GM Uzbekistan ga aloqador korruptsion sxemalar ustidan tekshiruvlar prezident Islom Karimovning Moskvaga safari ortidan boshlangandi.

Rossiyaga safari davomida prezident Karimovga GM Uzbekistan ga tegishli minglab avtomobilning Rossiya banklaridan olingan qarzlar to‘lanmagani bois arest qilingani va yuzlab million dollar zarar ko‘rilgani bildirildi.

Toshkentda darhol boshlangan tergov davomida Tohirjon Jalilovga Rossiyada yana qator mol-mulk va yirik shirkatlar tegishli ekani aniqlangan va bu mol-mulklar sotuvga qo‘yildi.

Keyinchalik O‘zbekiston hukumati Rossiyada banklar tomonidan hibsga olingan GM Uzbekistan mashinalarini qaytirib olishga harakat boshladi. Rossiyada bankrot deb e’lon qilingan GM Uzbekistan ning rasmiy dileri“ UzDEUavto-Voronej” shirkati qarzlari 21 milliard rubldan oshib ketgani xabar qilindi. Bu mablag‘ning qariyb yarmiga GM Uzbekistan da’vo qildi

O‘tgan yil iyun oyida GM Uzbekistan mashinalarini Rossiyada Ravon brendi ostida sotadigan “UzDEUavto-Voronej” distribyutor firmasi AQSh-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining sobiq rahbari Tohir Jalilovni himoya qilib, prezident Karimovga ochiq xat e’lon qilgandi.

“UzDEUavto-Voronej” distribyuter firmasining 16 xodimi imzo chekkan xatning Ozodlikka yuborilgan nusxasida Tohir Jalilovning nohaq qamoqqa olingani ta’kidlanadi. Shuningdek, ochiq xat mualliflari O‘zbekiston huquq-tartibot idoralarini Tohir Jalilov obro‘yiga “ataylabdan yoki bilmasdan putur yetkazayotganlik” va bu bilan O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga “jiddiy ziyon yetkazayotganlik”da ayblaydi.

Biroq Jalilovning ayblovlardan forig‘ bo‘lib yana lavozimiga qaytishi Karimov o‘limidan so‘nggina amalga oshdi. Joriy yil fevralida Jalilov “O‘zavtosanoat” boshqaruv kengashi raisining o‘rinbosari lavozimga qaytarildi.

1969 yil Andijon viloyatida tug‘ilgan Jalilov 1993 yili Toshkent Texnika universitetiining muhandis-metallurg mutaxasisligi bo‘yicha tugatgan.

Mehnat faoliyatini Andijonning Buloqboshi tumanidagi «Biznes Fond»da mutaxasislikdan boshlagan Jalilov 1998 yildan boshlab avtomobil sanoatida qator lavozimlarda ishladi.

XS
SM
MD
LG