Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:29

Eng yosh zamministrning otasi: O‘g‘lim ta’lim sohasini isloh qilishiga ishonaman!


Ta’lim vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullaev birinchi ish kunini Press klubda chiqish qilishdan boshladi.
Ta’lim vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullaev birinchi ish kunini Press klubda chiqish qilishdan boshladi.

O‘zbekiston hukumatining yosh a’zosi Alisher Sa’dullaevning otasi Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘lining ta’lim sohasini isloh qilishga ishonishini aytdi.

22 yashar Alisher Sa’dullaev 30 iyunda bo‘lib o‘tgan "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati qurultoyida prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan edi.

2 iyul kuni jamoatchilikka e’lon qilingan bu tayinlov Singapur menejmentni rivojlantirish institutini joriy yil tugatgan Alisher Sa’dullaevni O‘zbekiston tarixidagi eng yosh vazir o‘rinbosariga aylantirdi.

Ayni kunning o‘zida prezident Turin politexnika universiteti va Germaniyadagi Hoffenhaym universiteti magistraturasini bitirgan 25 yashar Olim To‘ychievni ham Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi.

"O‘g‘lim amalga emas, ilmga intildi"

3 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda Alisher Sa’dullaevning otasi Zafar Sa’dullaev 11 iyul kuni 23 ga kiradigan o‘g‘lining esini tanigandan beri ilm va kitobga ergashganini aytdi:

- O‘g‘lim amalga emas¸ ilmga intildi. 5-sinfdan boshlab ingliz tilini o‘rgandi¸ sportga bordi¸ darslarini a’loga o‘qidi. Uning uchun bolalikdan boshlab eng og‘ir jazo¸ kitoblaridan ajratib qo‘yish edi. Bir tomondan Ollohning marhamati¸ ikkinchi tomondan¸ prezidentimiz nazariga tushib¸ juma kuni vazir o‘rinbosari etib tayinlandi. Qurultoydan keyin prezidentimiz oldilariga chaqirib¸ tayinlaptilar. Men bu xabarni o‘g‘limdan emas¸ vazirdan eshitdim. U kishi majlisdan keyin telefon qilib¸ “ota-rozi¸ xudo-rozi”¸ o‘g‘lingiz shunaqa lavozimga tayinlandi¸ dedi¸ juda faxrlandim¸ - deydi Zafar Sa’dullaev.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00
Бевосита линк

O‘zi ham mashinasozlik texnologiyasi bo‘yicha Jizzax kollejida o‘qituvchilik qilib kelayotgan Zafar Sa’dullaevning aytishicha¸ Alisher oiladagi to‘rt farzandning kenjasi va ta’lim sohasidagi muammolardan yaxshi xabardor.

- Hamma gap¸ ana shu kamchiliklarni tuzatish¸ prezidentimizga yordamchi bo‘lishda qoldi. O‘g‘lim toza¸ halol yigit. Ta’lim va tarbiyani doim birga olib borishga aharakt qilganmiz. Men o‘g‘limning o‘ziga yuklangan ishonchni oqlashiga ishonaman¸ - deydi 22 yashar vazir o‘rinbosarining otasi.

"Alisher bu lavozimga loyiq"

Alisher Sa’dullaevning Singapur menejmentni rivojlantirish institutida birga o‘qigan kursdoshlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda “Alisherning tayinlanishidan o‘zim vazir bo‘lgandek quvondim”¸ deya munosabat bildirdi.

“Alisher bu lavozimga juda loyiq bola. Ingliz tilisi mukammal. Dunëqarashi juda keng¸ asosiysi¸ imonli¸ toza bola. Bir necha yil birga o‘tirib-turgan bo‘lsak¸ birorta nojo‘ya ish qilganini ko‘rmadim ochig‘i. O‘qishga pora bilan kirmagandan keyin (Singapur instituti filiali pullik¸ unga ingliz tilidan imtihon topshirib¸ kiriladi – tahr.) uning birinchi qadamlari toza deyish mumkin. Endi o‘z atrofiga sekin-asta o‘ziga o‘xshagan yangicha fikrlaydigan toza yoshlarni tortib¸ innovatsion komanda tuza olsa¸ ta’lim tizimiga yangiliklar olib kirishga aqli¸ talanti etadigan yigit”¸ deydi O‘zbekistondagi eng yosh vazir o‘rinbosarini yaqindan bilgan kursdoshi o‘z ismi ochiqlanmasligini so‘rab.

Uning ma’lum qilishicha¸ Toshkentda asosan ingliz tili o‘qitadigan “Result” o‘quv markazi ochgan Alisher Sa’dullaevni hukumat rasmiylari va prezident nazariga tushirgan loyihasi birgina ingliz tilidan xalqaro sertifikat olish jarayonida qanday qilib 5 million dollarni O‘zbekistonda olib qolish va talantli o‘zbek ëshlarining mamlakatdan chiqib ketishini (utechka mozgov) to‘xtatishga qaratilgan.

“Alisher IELTS (International English Language Testing System) O‘zbekistonda faqat British Council monopoliyasi bo‘lib qolayotgani ortidan mamlakatdan chiqib ketayotgan valyutani hisoblab chiqqan. O‘zbekistonda bu test topshirish uchun navbatlarning uzunligi va jarayonning qiyinligidan juda ko‘plar Qozog‘iston va Ozarbayjonga borib bu testni topshirishga majbur bo‘lmoqda. Alisher¸ O‘zbekistonga bunaqa test olish vakolatiga ega boshqa tashkilotlarni olib kelish¸ ham ular pulining¸ ham o‘zlarining O‘zbekistonda qolishiga imkon berish haqida loyiha hozirlagan. U shu proekti bilan nazarga tushdi”¸ deydi yangi vazir o‘rinbosari kursdoshlaridan biri.

Qutblashgan munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoevning Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bitiruvchisi Alisher Sa’dullaevni Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarligiga tayinlagani ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilar o‘rtasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan voqeaga aylandi.

Ozodlikning Facebook sahifasida borayotgan bahs ishtirokchilari bu tayinlovlar masalasida ikki qutbga bo‘lindi – bir toifa yoshlarning hukumat lavozimlariga tayinlanishi O‘zbekiston kadrlar siyosatida jiddiy o‘zgarish boshlangani sifatida ijobiy baholayotgan bo‘lsa¸ ikkinchi guruh¸ o‘z sohasini isloh qilishga tajriba va bilimi yetarli yetuk kadrlar qolib¸ g‘o‘r yigitlarning mansabga qo‘yilishini¸ prezidentning yana bir populistik harakati sifatida tanqid qilishmoqda.

“Ikkita yosh yigitning yuqori lavozimlarga tayinlanishi¸ albatta¸ quvonarli hol,yaxshi yangilik. Mani masalaning boshqa tomoni o‘ylantirdi. Ularning biri Turin, boshqasi Singapurni bitirgan. Xorijiy OTM filiali bitiruvchilari hammasi. Shulardan jo‘yali fikr chiqayapti faqat. O‘zimizning OTM bitiruvchilari yuribmiz bir chekkada. Yana imtihonda hammasini tavakkal "S" javobini bosganlarni ham olib o‘qitmoqchimiz”¸ deb ëzdi Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Facebook foydalanuvchilardan biri esa ta’lim sohasi rahbarligiga tajribali mutaxassislar kerakligini ta’kidlaydi.

“Ta’lim sohasi juda ham qiyin va nozik. Bu sohaga boshidan maktabda ëki boshka ta’lim sohasida ishlaganlarni olish kerak. Maktabda ishlab turli xil yuqori organlardan tekshiruv kelganda ularning naqadar tajribasizligini kuzatdim”¸ deb yozdi u.

Bunday ishonchsizlikka javob berayotganlar biri esa¸ “aql yoshda emas¸ boshda bo‘ladi. Yoshlarning yuqori lavozimlarga tayinlanishi faqat yaxshilik alomati. To‘g‘ri, tajribasi kam, ish jarayonida xato kilishi ham mumkin .Sistemamizda “toblangan"¸ qobig‘idan chiqmay, xato qilishdan qo‘rqib¸ faqat yuqoridan buyruq kutadigan ,,oqsoqol" rahbarlardan yosh rahbarlar ming bora yaxshi”¸ degan qarashda.

Vazir o‘rinbosarining ilk ish kuni

3 iyul kuni Ozodlik muxbiri Alisher Sa’dullaevning o‘zi bilan suhbatlashish maqsadida uning yangi qabulxonasiga telefon qildi.

Qabulxona kotibasi yangi vazir o‘rinbosarining yig‘ilishda ekani va yaqin soatlarda kabinetida bo‘lmasligini bildirdi.

Ozodlik bog‘lanishga uringan soatlarda Alisher Sa’dullaevning Toshkentdagi Xalqaro press-klubda uyushtirilgan «O‘zbekistonda yoshlar siyosati: dolzarb masalalarga zamonaviy yondashuv» mavzusida tashkil etilgan uchrashuvda qatnashgani ma’lum bo‘ldi.

Bu uchrashuvda o‘zining vazir o‘rinbosari sifatida qiladigan ish rejasi hali tayyor emasligini e’tirof etgan Sa’dullaev¸ ayni paytda¸ niyatlarini izhor qilgan.

"Ishimni bog‘chadan boshlayman. Yuz kun ichida qiladigan ishim - viloyatlarni aylanish, bog‘chalardagi holatlarni o‘rganish, sharoitlarni ko‘rish, yangi tizimlarni olib kirish. Dam olish kuni Toshkent shahridagi ikkita maktabda bo‘ldik. Bitta yaxshi va bitta yomon ko‘rsatkichli maktabni tanladim. Bundan maqsad farqlar qanchaligini aniqlab, muammolarning negizini bilish.

Joylarga borish kerak, yoshlar bilan gaplashish kerak, ularni ruhlantirish kerak. Har birimiz agar vatan haqida shunday o‘ylasak, muammolarni echsa bo‘ladidegan Sa’dullaev 100 kundan keyin o‘z faoliyati bo‘yicha shaxsan prezidentga hisob berajagini aytgan.

XS
SM
MD
LG