Линклар

13 декабр 2017, Тошкент вақти: 23:58

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov 7 iyul kuni Minor masjidida juma nomoziga to‘plangan jamoaga keyingi kunlarda bahslarni uyg‘otgan qo‘lidagi soatini ko‘rsatib, "Oltin emas bu" deya izoh berdi.

59 yashar imom xatibning Toshkentdagi xalqaro press-klubdagi yig‘ilishda qatnashgan paytda qo‘liga taqqan soati ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarni keltirib chiqargan edi.

Facebookdagi o‘ndan ortiq sahifalarda minglab o‘zbek yuzerlari orasida "Anvar qori Tursunov 20 ming dollarlik oltin soat taqishi joizmi?", "Musulmon kishi moddiy manfaat topish uchun imom bo‘ladimi?" degan savollar atrofida bahslar urchigan edi.

"Soat mavzusini chetdagi alamzadalar qo‘zg‘atdi"

Anvar qori juma xutbasida soatning oltin emasligi va oltin soat taqish musulmonga nojoiz ekanligini ta’kidlab, “chetga chiqib ketgan alamzadalar qavmni" soat masalasini "imomdan sovutish uchun" muhokamaga chiqarganlikda aybladi.

- Buni qilayotganlar sizlar emassizlar. Buni qilayotganlar chetga qochib ketgan¸ alamzada va ular orqasida men tergab qo‘yganim uchun alam qilganlar bor. Ularning gapicha, men 20 ming dollarlik oltin soat taqib turib ularga tuhmat qilibman¸" - deya ta’kidladi Anvar qori.

U "halol boyigan odamga hech kim ta’na toshi otmasligi" kerakligini ham eslatdi.

Imom o‘z so‘zi isboti sifatida hanafiy mazhabi asoschisi Imom A’zam "judayam boy" bo‘lganini alohida ta’kidladi.

"500 dollar so‘ramaganman"

Yarim soatlik juma xutbasida Anvar qori Tursunov o‘zining moddiy boyliklarga qiziqmasligini va aqiqalarga borganida pul ta’ma qilmasligini pisanda qildi.

- Hech qachon aqiqaga borganimda 200 dollar yoki 500 dollar so‘ramaganman. (kulib) Bermaydiyam o‘zi birinchidan. Bunaqa beradiganlar yo‘q. Lekin umrimda so‘ramagnman. Qasam ichaman. Kim nima bersa olganman..., - dedi juma nomozidan oldingi nutqida masjid imomi Tursunov.

"Faqir imom" e’tirofi

Tursunov bu gaplarni mahalliy va boshqa OAVlar orqali ham aytganligini ta’kidladi.

Imom 3 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda qo‘lidagi soatning temir ekani¸ otasining "kamtarona" uyida yashashi va "eski Kaptiva"si borligini aytgandi.

Bu gapga javoban Toshkentlik Ozodlik mushtariysi imomning eskslyuziv tarzda "M-paket" seriyasida ishlab chiqarilgan BMV avtomobilida "yoshlarning havasiini keltirib" yurishini ëzdi.

Juma kungi ma’ruzasida Tursunov bu e’tirozlarga javobini yanada tafsilotlar bilan to‘ldirdi:

- BMV 6 degan mashinam bor degan gap qilishibdi. Shu yerda o‘tirganlar biladi. Men mashina haydashni ham bilmayman. Chunki qiziqmayman mashinaga. Otam aytardi¸ shuncha kitob o‘qiysan¸ shu qatorda sho‘pirchilikni ham o‘qib qo‘ymaysanmi der edi¸ - deya ta’kidlagan imom.

U o‘zining tirikchilik manbai masjiddan tashqarida ekanligiga ishorat qildi:

- Ozgina bo‘lsa ham tirikchiligim bor. Mana bular guvoh mana shu masjidning boyligini ham olmayman. Masjid boyligini odamlarga bo‘lib beraman. Men birovga muhtoj odam emasman. Uchta o‘g‘illarim bor¸ - dedi qo‘liga taqqan soati ijtimoiy tarmoqlarda bahslarni qo‘zg‘atgan imom.

"Badbaxt"larga ultimatum

Anvar Tursunov o‘z nutqida faqat o‘zi emas boshqa diniy arboblar ham tanqid nishoni bo‘lganiga ham e’tibor qaratdi.

U o‘zining tanqidchilarini "badbaxtlar" deb atadi:

- Bu badbaxtlar bunaqa gaplarni bitta mengamas¸ boshqalarga ham aytishgan. Hatto Shayx (Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf - Ozodlik izohi) hazratlariga ham aytishgan. Bular badbaxtlardir. Kitobini ham olib o‘qimagin, debdiya bittasi. O‘shanaqa odamlarni bilsanglar kuzatib yuringlar qori akam aytdi, deb. Ularni oxiri xarob bo‘ladi. Albatta, xarob bo‘ladi. Rasvo bo‘lib xor bo‘lib o‘ladi.

"Go‘riga sig‘magan" hujumchi

Ma’ruzasida davomida Anvar qori Tursunov o‘ziga uyushtirilgan suiqasd amali ijrochisi taqdiriga oydinlik kiritdi.

Anvar qorining ehtiros bilan ta’kidlashicha, uning joniga qasd qilgan yigit qamoqda urib o‘ldirilgan:

- Menga pichoq urganlar qamaldi 20 yilga. Men sudda aytdim unga. Qashqadarëning Qamashi tumanidan kelgan Ilhomov degan bola ekan. Men senga nima yomonlik qildim, dedim. Onasi uni oq qildi. Sakkiz yil bo‘ldi shunga. U bola qamoqda o‘ldi. Qamoqda ovqat talashib qolgan ekan. Talashgan bolasi kuchli ekan bitta urganida o‘sha menga pichoq urgan bolaning boshi ikkiga bo‘linib ketibdi. Keyin menga kelib aytishlaricha, menga pichoq urgan bola go‘rga ham sig‘mabdi. Uch marta go‘r qazib tiqishsa ham, go‘rga sig‘mabdi¸ - dedi Tursunov¸

Ayni nutqida Tursunov masjid qavmiga murojaat qilib, bu gaplarni telefonga yozib olib, tarqatishni so‘radi.

-O‘sha badbaxtlarning¸ menga tuhmat qiladiganlarning qulog‘iga yetib borsin¸ - dedi Tursunov.

Tarmoqni titratgan imom soati

Dushanba kuni Ozodlik bilan suhbatda Tursunov juma ma’ruzasida “Soat masalasiga izoh” berishni va’da qilgan edi:

- Men aytaman¸ jumada ham aytaman. Jumada ularga o‘zimni nimamni aytaman. Lekin ular Xudodan qo‘rqishsin. Mening gapim shu. Shu gapimni yetkazib qo‘ying. Xudodan qo‘rqishsin. Odam agar musulmon bo‘lsa¸ Olloh taolo "fatabayyanu" deb "Hujurot" surasida aytib turibdi. Mana hozir qo‘limda turibdi. Nechta odamga ko‘rsatdim. 250 dollarga olganman, dedi. Men nimasini ham bilganim yo‘q. Hayit kuni hayitlik, deb berdi. Bu hech qanaqa unaqa soat emas. Xohlasanglar¸ kelib qo‘limdan olib ko‘rsin.

Suiqasddan omon qolgan imom

59 yoshli Anvar qori Tursunov O‘zbekistonda eng ko‘zga ko‘ringan rasmiy din ulamolaridan hisoblanadi.

2009 yilda Anvar qori suiqasdga nishon bo‘lgan edi.

31 iyul tunida uch nafar shaxs Anvar qorini o‘zining uyi tashqarisida 9 joyidan pichoqlagan.

Hujumchilar voqea joyidan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Toshkentda yirik qidiruv amaliyoti o‘tkazilgan.

Qoriga suiqasd yuzasidan 70 ga yaqin odam hibsga olingan. Ammo mahkama yopiq bo‘lgan.

Suiqasd buyurtmachilari va jinoyat motivlari haqida ma’lumot berilmagan.

Anvar qori Tursunov 2015 yil noyabr oyidan boshlab "Minor" jome’ masjidida imom-xatibi sifatida ishlab keladi.

Anvar qori Tursunov bungacha Shayxontohur tumanidagi "Xoja Ahrori Valiy" masjidi imom-xatibi edi.

Anvar qori Tursunov 1958 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 1981 yil Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini, 2001 yil Toshkent Islom institutini tamomlagan.

Anvar qori Tursunov 1999 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. U 1989—1992 yillarda Qur’oni karimning birinchi o‘zbekcha tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.

XS
SM
MD
LG