Линклар

O‘zbekiston Adliya vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda¸ 2018 yilning 1 yanvaridan mamlakatda xususiy notariuslar tizimini qayta tiklash taklifi mavjudligi¸ ammo uning qabul-qilinish qilinmasligi boshqa manfaatdor idoralar va prezident qaroriga bog‘liq ekanini bildirdi. O‘zbekistonliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi xususiy notariuslar tiklanishini yoqlagan.

Notarial xizmatlar sifatiga oid o‘zbekistonliklar orasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda qatnashganlarning 53 foizga yaqini mamlakatda xususiy notarial xizmatlar qayta tiklanishini yoqlagan.

Bu so‘rov haqida jamoatchilikka ma’lumot bergan Adliya vazirligining Notariat¸ advokatura va FXDYo organlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Inom Qudratov¸ respondentlarning ko‘pchiligi shuningdek notariat sohasini tubdan isloh qilish, idoralar sonini oshirish¸ notarial xizmatlar uchun to‘lovlar tizimini keskin qayta ko‘rib chiqish va ularning shaffofligini ta’minlashni yoqlab chiqqanini bildirdi.

10 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda Adliya vazirligi rasmiysi bu so‘rovning harakatlar strategiyasiga kiritilgan davlat dasturining “Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari” deb nomlangan 2-bobi¸ 122-moddasini amalga oshirish jarayonida o‘tkazilganini bildirdi.

Strategiyada 2017 yilning 4-choragigacha notariat tizimini isloh qilish uchun qonunchilikka kiritilishi o‘rinli deb topilgan takliflar berish aytilgan. Yil oxirigacha biz Markaziy bank va Moliya vazirligiqonun loyihasini ishlab chiqib¸ uni Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kitritamiz. Ana undan keyin prezident farmon chiqarishi kerak bo‘ladi¸ nodavlat notariuslar tizimini qayta tiklash-tiklamaslik haqida. Bu farmon chiqadimi-chiqmaydimi¸ bu haqda gapirishga hali erta”¸ dedi Adliya vazirligi rasmiysi.

Aholi notarius eshigida navbat kutishdan¸ davlat notariuslari esa¸ bir kunda yuzlab mijozni qabul qilishdan charchagan

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan iyun oyida notariat tizimidagi muammolarni tahlil qilish va jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan so‘rovda 1104 odam qatnashgan bo‘lsa¸ ulardan 788 nafari notarial idorada bir necha soat yoki kunlar davomida navbat kutganidan shikoyat qilgan. Ayni shunday shikoyatlar¸ Adliya vazirligi faoliyati bilan bog‘liq prezident virtual qabulxonasiga tushgan shikoyatlarning ham kattagina qismini tashkil etgan.

Davlatga qarashli 1-notarial idorasining Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan notariuslaridan biri¸ xususiy notariuslar yopilganidan keyingi o‘zi va mijozlari vaziyatini “o‘ta og‘ir” deb baholadi.

Bir kunda¸ kamida 80 kishiga xizmat ko‘rsataman. Bu faqat harakatim¸ huquqiy maslahat so‘rovchilar¸ hujjatini shunchaki tekshirtirishga olib kelganlar bunga kirmaydi. Ertalabdan kechqurungacha idoramizda navbat tugamaydi. Odamlarga rahmingiz keladi¸ kunlab kutishadi bitta harakat rasmiylashtirishni. Bunaqa bosim ostida biz ham ularga yaxshi xizmat ko‘rsatolmaymiz¸ ularni xususiylar kabi “keling-keling” deb jilmayib kutib ololmaymiz. Shuning uchun xususiy notariuslar qayta tiklansa¸ hammaga – xalqqa ham¸ bizga ham yengillik bo‘ladi”¸ deydi 1-notarial idora notariusi.

"Bozor iqtisodiga o‘tmoqchi bo‘lsa¸ notarius ham¸ advokatura ham xususiylashtirilishi shart"

Huquqshunos Ruhiddin Komilov¸ hukumat bozor iqtisodiga o‘tish haqida fundamental qaror olgan bo‘lsa¸ nafaqat notarial idoralar¸ barcha yuridik xizmatlar¸ xususan¸ advokaturani ham xususiy qilishdan o‘zga yo‘l yo‘qligini aytadi.

- Bozor iqtisodining¸ kapitalistik jamiyatning asosiy shartlaridan biri shuku! Odamlar xizmat uchun pul to‘lab¸ puliga yarasha sifatli xizmat olishi kerak. Bizda odamlar ham pul to‘laydi¸ ham qiynaladi¸ aniqrog‘i¸ qiynalish uchun pul to‘laydi. Xususiy notariuslar yopilganidan beri ahvol nihoyatda yomon¸ notarius eshigida har kun yuzlab odam¸ ur-to‘polon. Muammoning yechimi oddiy – xususiy xizmatlarga yo‘l berish¸ deydi toshkentlik huquqshunos Ruhiddin Komilov.

Xususiy notariuslar yopilganiga 7 yildan oshdi

O‘zbekistondagi xususiy notariuslar faoliyati 2010 yilning 5 may kuni o‘shandagi prezidenti Islom Karimov farmoni bilan to‘xtatilgan edi.

Bunday qarorga berilgan izohda¸ “xususiy notariuslar tomonidan jiddiy qonunbuzarliklarning sodir etilishi, xususiy notariuslarning ko‘chmas mulk va avtotransport dallollari bilan til biriktirishlari oqibatida oldi-berdi hujjatlarining aksariyat qismi xususiy notariuslar orqali rasmiylashtirilishga o‘tgani ortidan ularni nazorat qilib bo‘lmay qolgani va boshqa suiste’molliklar va mansab vakolatlaridan foydalanishlar ushbu qat’iy choraning ko‘rilishiga sabab bo‘lgan”i aytilgan edi.

Farmonda shuningdek, “xususiy notariuslar faoliyati o‘rganib tahlil qilinganida, notariat institutini obro‘sizlantiruvchi salbiy tendensiya aniqlangani” ham alohida ta’kidlangan edi.

Ruhiddin Komilov ¸ ayni shunday tendensiya xususiy notariuslar mavjud bo‘lgan davrda ham¸ davlat monopoliyasi qayta tiklangan keyingi 7 yil davomida ham bir xil davom etganini ta’kidlaydi:

- Ayni suiste’molliklar davlat notarial xizmatlarida bo‘lmadimi¸ yoki bo‘lmayaptimi? Bitta-ikka qonunbuzar notariusni deb¸ butun xususiy tizimni yo‘q qildi. Qancha odam ishsiz qoldi¸ qancha odam kuyib qoldi bu qarorning orqasidan! Eng to‘g‘ri yo‘l¸ ham ish o‘rni yaratish bo‘yicha¸ ham davlat g‘aznasiga tushadigan soliqni ko‘paytirish bo‘yicha ham¸ ham aholiga sifatli xizmatni tashkil etish bo‘yicha - xususiy sektorni qayta tiklash bo‘ladi¸ deydi Komilov.

“Xususiy notarial xizmat ochishdan cho‘chib turibmiz...”

Ozodlik bilan suhbatda Toshkent va viloyatlardagi notarius xizmati mutaxassislari¸ 2018 yil 1 yanvaridan xususiy notarial tizim qayta tiklangan taqdirda ham¸ o‘z notarial idorasini ochishga shoshmasliklarini aytishdi.

Hozircha ko‘nglim chopmayroq turibdi. Ruxsat berilsa ham¸ oldin kuzatamiz¸ ko‘ramiz. Davlat xizmatini tashlab¸ yugurib ketmoqchi emasmiz. Qancha odam kuydi¸ ishsiz qoldi. Hozircha bir maromda oylik olib turibmizku! Mana nizomga o‘zgartish kiritishibdi. Bundan keyinnotarial harakatlar uchun to‘lovlarning 40 foizini o‘zimizga qaytarisharkan. Bu degani¸ qancha ko‘p odamga xizmat ko‘rsatsak¸ shuncha ko‘p oylik chiqadi¸ degani. Davlat notariusidagilarni ham rag‘batlantirishayapti yaxshiroq ishlashga”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan qarshilik notariuslardan biri.

XS
SM
MD
LG