Линклар

Farg‘ona viloyati Beshariq markaziy shifoxonasida 3 iyul kuni “ ektopik homiladorlik” (bachadon tashqarisidagi homiladorlik) tashxisi bilan operatsiya qilingan 25 yoshli ikki farzand onasi Dilobar Amanova 4 iyul kuni o‘ziga kela olmay jon berdi.

Beshariq markaziy shifoxonasidagi navbatchi vrachning aytishicha¸ Dilobar Amanova 3 iyul kuni soat 15. 30 da bachadonidan qon ketayotganidan shikoyat qilib shifoxonaga keltirilgan va o‘sha kuni soat 18.20 dan operatsiya qilingan.

Dilobar Amanovaning 33 yashar eri Vohid Amonovning Ozodlikka aytishicha¸ uning xotini operatsiyadan keyin ikki soat ichida bir yarim litr qon yo‘qotib o‘lgan besh va uch yashar ikkita qizi esa onasiz qolgan:

- Men Beshariq kasalxonasidagi layoqatsiz tizimni ayblayman. Agar vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishganida xotinim tirik qolgan bo‘lardi. UZI tekshiruvidan so‘ng xotinimni zudlik bilan operatsiyaga yotqizilishi kerakligini aytishdi. Biroq analizlari chiqmagach, operatsiyani nuqul orqaga surishdi. Tez operatsiya qilishganida o‘lmasdi. 6 soat kechikib operatsiya qilishdi¸ - deydi xotinini tuproqqa bergan er.

Tekshiruvchilar kasalxona faoliyatini falaj qilgan

Uning aytishicha¸ xotini operatsiya qilingan kuni Beshariq kasalxonasi Oliy Majlis mufattishlari tarafidan tekshirilgani bois butun klinika falaj holatda bo‘lgan:

- Oliy Majlisdan tekshiruv keldi, deb laboratoriyani yopib ketib qolishgan. Operatsiya qiladigan vrach ham tekshiruvchilar bilan birga yurgani bois kasalga qarashga qo‘li tegmadi. Xotini ham vrach ekan uni telefon qilib¸ meni o‘rnimga operatsionniyga kir deyapti. Tekshiruvchi kelsa kasalga qaramaslik kerakmi? deydi marhumning eri.

Sansolarlik va ta’magirlik borasida iddaolar

Dilobar Amonova jon berayotgan so‘nggi minutlarida yonida bo‘lgan dugonasining Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ doktorlar “bu mening kasalim emas¸ sening kasaling deb sansolarlik” qilishgan.

Bu orada ayolning bachadon trubkasi yorilib ketganidan keyin operatsiya boshlangan.

Vohid Amonovning iddaosiga ko‘ra¸ samarasiz chiqqan amaliyot uchun Beshariq kasalxonasi vrachlari pul so‘rashgan:

“Operatsiya tugashi bilanoq ikki yordamchisi kelib, biz charchadik operatsiyada kechasi bilan uxlamadik, rozi qilarsiz, hech bo‘masa qo‘l haqi bering deyishdi. Men hozircha pulim yo‘q ayolim tuzalib ketsa beraman desam, ular to‘ng‘illab ketib qolishdi» deydi Vohid Amonov.

Vohid Amonov Ozodlik bilan suhbatda xotinini ma’rakasini o‘tkazayotgani bois vrachlar ustidan shikoyat qilishga qo‘li tegamagani va o‘z xotini o‘limida tibbiyot tizimini ayblashini aytdi.

Faqat doktor aybdor emas

Ozodlik muxbiri voqea yuzasidan O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bosh boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zini vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning ërdamchisi deb tanishtirgan mulozim Ozodlik bilan suhbatda vrachlarni ënini olib gapirdi:

- Vrachlarni hamma ayblaydi. Lekin bemorlarning o‘zi ham aybdor. Mana 25 yashar ona. Vnematochnaya beremennost. Bolasi uch yashar besh yashar. Bu qiz necha yoshda erga tekan? Bu o‘lmay kim o‘ladi? 25 yashar ayolda 5 yashar bola, 19 da tuqqan¸ 18 da erga tekkan. U o‘lmay kim o‘ladi. O‘zingiz o‘ylang 18 yashar qizni erga berishgan. Adoyi-tamom bo‘lgan organizmi buni. Nima yegan¸ nima ichgan. O‘shaning uchun vnematochnaya bo‘lgan. Oxirgi minutda doktorga kelgan. Keyin doktorlardan ayb qidirishadi. Doktorlar ham o‘shalar o‘lsin demaydikuuu... Doktorlarni ayblamaylik¸ deydi mulozim.

Mulozima Beshariqdagi ona o‘limi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z surishtiruvini o‘tkazajagini aytdi.

XS
SM
MD
LG