Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:31

Mirziyoev Karimov moliyaviy tizimi boshqaruvchisini pensiyaga jo‘natdi


67 yoshida pensiyaga ketgan Tatьyana Guskova o‘tgan yil 78 yoshida vafot etgan Islom Karimovning moliya-iqtisod sektoridagi "ishongan tog‘i" sifatida ta’riflanadi.
67 yoshida pensiyaga ketgan Tatьyana Guskova o‘tgan yil 78 yoshida vafot etgan Islom Karimovning moliya-iqtisod sektoridagi "ishongan tog‘i" sifatida ta’riflanadi.

1986 yili, Islom Karimov O‘zbekiston SSR Moliya vaziri bo‘lib turgan paytda o‘ziga o‘rinbosar qilib tayinlanganidan beri vazirlikni de-fakto boshqarib kelgan Tatyana Guskova prezident Mirziyoevning 13 iyul kungi qarori bilan Moliya vazirining 1- o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Ozodlik suhbatlashgan moliya tizimi mulozimlari¸ Guskovaning ketishini butun boshli bir davrga yakun yasalayotgani sifatida baholadilar.

Kechikib rasmiylashtirilgan ketish

Prezident rasmiy saytida 13 iyul kuni e’lon qilingan qarorda¸ Tatьyana Guskovaning “nafaqaga chiqishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgani” aytilgan.

Ayni paytda¸ Moliya vazirligi rasmiy saytidagi ma’lumotga ko‘ra¸ Haydarov Ahadbek Yahyobekovich iyun oyidan beri Moliya vazirining 1-o‘rinbosari lavozimida ishlamoqda.

Bu ikki rasmiy ma’lumotda keltirilgan sanalardagi tafovut¸ Tatyana Guskovaning Moliya vazirining 1-o‘rinbosari lavozimidan ozod etilishi amaldagi o‘zgarishdan ancha kechikib rasmiylashtirilganini ko‘rsatadi.

Aslida¸ 67 yashar Guskovani yaxshi bilgan vazirlik mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ Guskova o‘tgan yilning noyabrida – Shavkat Mirziyoev prezidentlik vazifasini bajarishga kirishganidan ikki oy o‘tib-o‘tmay¸ ishga chiqmay qo‘ygan.

“Tatyana Nikolaevna o‘zi oldinlari ham tez-tez Germaniyaga davolanishga oylab ketib qolardi. Noyabrda ham salomatligi bois¸ bolnichniyga chiqdi. Shundan keyin tuzuk-quruq ishlagani yo‘q”¸ deydi Moliya vaziri 1-o‘rinbosarini bevosita bilgan manba.

Pensiyami iste’fo?

O‘zbekiston moliya tizimining Gusьkovani yaxshi bilgan rasmiysi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Tatyana Guskovaning qisman salomatligi bois¸ yana qisman esa¸ prezident Mirziyoevning mamlakat byudjetiga qilayotgan nihoyatda kuchli bosimi bois¸ pensiyaga ketishga qaror qilganini bildirdi.

O‘zbekiston byudjetini tiyin-tiyinigacha biladigan ham¸ uni taqsimlaydigan ham Guskova edi. Guskova imzosisiz¸ biror sohaga bir so‘m ham pul berilmas edi. Mirziyoev kelgandan beri¸ har kuni tinimsiz va’da berayapti – hali metro, hali stadion¸ aeroport¸ ziyoratgoh qurmoqchi¸ hali hammaga soliqdan imtiyoz bermoqchi¸ sudya¸ prokuror¸ vrachlarga ipotechniy uylar qurib bermoqchi. Hech kim undan bu vadalaringizni bajarishga pulni qaerdan olmoqchisiz¸ deb so‘rolmayapti. Soliq tushumlari qisqarib borayotgan¸ xorijiy investitsiya kirmayotgan bir paytda¸ o‘zi shundoq ham og‘ir ahvoldagi byudjetdan pulni orqa-oldiga qaramay sarflashning naqadar halokatli ekanini Guskova yaxshi bilganidan¸ o‘yindan chiqa qoldi”¸ deydi moliya tizimi rasmiysi shaxsi sir qolish sharti bilan.

Ketgan kim edi?

67 yashar Tatyana Guskova nomi keng jamoatchilikka ko‘p ham tanish bo‘lmasa-da¸ u deyarli biror marta jamoatchilikka u yoki bu shaklda ko‘rinish bergan bo‘lmasa-da¸ O‘zbekiston moliya-iqtisodiy boshqaruvini ozmi-ko‘pmi bilganlar¸ uning bu boshqaruvdagi nihoyatda qudratli shaxs bo‘lganini aytadilar.

Xususan¸ O‘zbekistondagi mustaqil iqtisodiy tahlilchilardan biri Ozodlikka Guskovani “mamlakat iqtisodiy blokida uzoq-uzoq yillar prezidentdan keyingi asosiy shaxs edi”¸ deb ta’rifladi.

O‘n yilga yaqin Moliya vazirligida bevosita Guskova bilan birga ishlagan Saparboy Jubaev¸ Guskovaning vazirlikdagi “ko‘tarilish” tarixini eslaydi:

- Guskova Islom Abdug‘anievich Moliya vaziri bo‘lgan paytda¸ 1983-86 yillarda u bilan birga ishlagan. 26 yoshida Sanoatni moliyalashtirish boshqarmasi rahbarligiga kelgan nihoyatda talantli qiz edi. Karimov Qashqadaryoga hokimlikka ketishdan sal oldin¸ uni vazir o‘rinbosari qildi¸ prezidentlikka kelishi bilan 1- o‘rinbosar qildi. O‘rinbosarlik va birinchi o‘rinbosarlikda qariyb 32 yil o‘tirdi. Bu orada qanchadan-qancha Moliya vaziri kelib-ketdi¸ lekin Guskova o‘zgarmadi. Vazirlar idoraning siyosiy yuzi bo‘lgan bo‘lsa¸ asosiy ishni Guskova boshqarardi. Byudjet¸ valyuta aktivlari nazorati to‘lig‘icha Guskova qo‘lida edi¸ deydi O‘zbekiston Moliya vazirligi Valyuta-iqtisod boshqarmasining sobiq rahbari Jubaev.

“Guskova – bugungi abgor moliya-iqtisod tizimi uchun asosiy mas’ullardan biri!”

O‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchilardan yana biri Ozodlik bilan suhbatda¸ Gusьkovani mamlakatda valyuta erkin konvertatsiyasi joriy qilishga qarshilik qilib kelgan asosiy shaxslardan biri sifatida baholadi.

“Men Guskovaning bu haqdagi yopiq chiqishlarini eshitganman. Konvertatsiyaga ochiqdan-ochiq qarshi edi. U borligida soliq siyosatini isloh qilish bo‘yicha birorta tashabbus o‘tmas edi. Har qanday islohotga qarshi edi. Markaziy bankka yangi rahbar kelishi bilan¸ qandaydir tebranishlar boshlandi¸ jonlanish sezildi. Minfin rahbariyati¸ ayniqsa¸ uning 32 yillik de-fakto rahbarining ketishiga O‘zbekiston iqtisodi uchun xayrli voqea deb qarayman”¸ dedi Ozodlik bilan yozma suhbatlashgan tahlilchilardan biri.

"Guskovaning ketishida ko‘p ham xayr yo‘q!"

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi sobiq mulozimi Saodat Nishonova mamlakat moliya-iqtisod tizimining ayanchli ahvoli uchun javobgarlikni Guskova kabi mutaxassislarga to‘nkashni adolatsizlik¸ deb atadi:

- Guskova real vaziyatdan kelib chiqib¸ konvertatsiyani ochishga byudjetning qurbi yetmasligini aytgan¸ bu to‘g‘ri. O‘zbekiston soliq tizimi ham¸ o‘ta murakkab qurilma ¸ uning bir joyiga tegish¸ boshqasi qulashiga turtki bo‘ladi. Guskova buniyam yaxshi bilardi. Lekin bu tuzumni u yaratgani yo‘q¸ buning uchun mas’uliyat undan shunaqa tizimni shakllantirish va saqlab qolishni talab qilgan siyosiy rahbarlar zimmasida. Siyosiy qaror beruvchilar va bu siyosatning ijrochi-mutaxassislar o‘rtasida farq borligini e’tirof etish kerak¸ deydi Nishonova.

Bu mutaxassis¸ Tatyana Guskova yoki Rustam Azimovlarning moliya tizimi boshqaruvidan ketishi moliya-iqtisod sohasida ijobiy o‘zgarishlar¸ islohotlar boshlanishiga maydon yaratadi¸ deb umid qilayotganlarni vaziyatning murakkabligidan ogohlantiradi:

- Men obrazli qilib¸ Guskovaning ketishi bilan¸ hech bir haqoratsiz¸ byudjetning “qo‘riqchi iti” ketdi¸ degan bo‘lardim. Ilma-teshik byudjetni u yog‘idan yamab¸ bu yog‘idan yamab bo‘lsa ham ¸ oylik va pensiyalar to‘lanishini ta’minlab kelgan Guskovaning ketishi¸ yaqin orada¸ ijtimoiy sohaning kollapsi¸ inflyatsiyaning nihoyatda kuchayishiga yo‘l ochishi mumkin. Bugun Mirziyoev komandasidagi professional moliyachilar¸ bu sohani yaxshi bilmasligi ko‘rinib qolgan prezidentni¸ fiskal sohadagi populizm oqibatlaridan ochiq ogohlantirishlari shart¸ deydi o‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi.

XS
SM
MD
LG