Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:50

Qirg‘izistonlik bloger: O‘zbek yoshlari o‘qimay qo‘yganining 3 asosiy sababi bor


Shermuhammad Abdug‘ofurov, qirg‘izistonlik bloger.

Xuquq himoyachilari 2010-yildagi Iyun voqealaridan keyin qirg‘izstonlik o‘zbek yoshlarining jamiyatga integratsiya bulishi nochorlab, bilim olishga, rivojlanishga intilishi ortga ketganini aytib kelishadi. Bu muammo o‘zbek blogosferasida ham bot-bot ko‘tarilib turadi. Qirg‘izstonlik o‘zbek bloger, Jalolobod viloyati Suzoq tumanida yashaydigan Shermuhammad Abdug‘ofurov bilan bu borada Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati jurnalisti Sanjar Eraliev suhbatlashdi.

Қирғизистонлик блоггер Шермухаммад Абдуғофуров билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:31 0:00
Бевосита линк

- Qirg‘izistondagi o‘zbek yoshlarining bilim olishga intilishi, umuman jamiyatga integratsiya bo‘lishi o‘zbek blogosferasida ko‘pincha tanqidiy fikrlar bilan yoritiladi. Bu borada sizning fikringiz qanaqa?

- Qirg‘izistondagi boshqa joylarni bilmadimu, lekin, men yashaydigan joydagi o‘zbek yoshlarini bilimga chanqoq, deb atamagan bo‘lar edim. 9-sinfni bitirgani haqidagi guvohnoma olish uchun amallab kelib-ketib, hujjat qo‘liga tegishi bilanoq Rossiyaga jo‘naydiganlari ham anchagina. Maktablarda 9-sinfgacha 2-3 sinf komplekti bo‘lsa, 10-sinfga bazo‘r bitta sinfga yarasha o‘quvchi to‘planmoqda.

Sabablar haqida gapiradigan bo‘lsak, ular anchagina. Asosiy 2-3 sababni aytib o‘tishim mumkin.

Birinchidan, o‘qiganim bilan qaerda ham ishlardim, degan savolga javobi yo‘q ularning. Ko‘ryaptiki, 5 yil umrini sarflab o‘qiganlar ham, yo oylikning ozligiga chidolmay, yo umuman ish topolmay, baribir, o‘sha Rossiyaga ketishga majbur bo‘lyapti. Baribir oxir-oqibat Rossiyaga borganimdan keyin 5 yil o‘qishda vaqt o‘tkazib nima qilaman, deyishadi. 5 yil o‘qib maktabda maktabda, bankda yoki yana boshqa joyda ishlab 10000 so‘m (1USD=70KGS) atrofida oylik olib yurgan odamning 9-sinfni arang tamomlagan sinfdoshi har oyda uyiga 40-50 ming rubldan pul jo‘natyotganini, mashina olayotganini, uy qurayotganini ko‘rganidan keyin, o‘qib men kim bo‘ldimu, familiyasini to‘g‘ri yozishni bilmaydigan falonchiev kim bo‘ldi, degan savolni o‘ziga berishi tabiiy.

Ikkinchidan, o‘zbek maktablaridagi ta’lim sifatini ham yuqori deb bo‘lmaydi. Kuchli o‘qituvchilar birin-ketin pensiyaga chiqib ketyapti, yoshlardan ularning o‘rnini bosadigan kuchli o‘qituvchi etishib chiqmayapti. Oddiy Word’da ishlashni bilmaydigan informatika o‘qituvchilarini ham, afsuski, ko‘rdim. Umuman o‘qituvchilik kasbi “moda” emas hozir. Maktabda ishlayotgan yaxshi o‘qituvchilarning ko‘pchiligi tuzukroq imkoniyat bo‘lsa, o‘sha kuniyoq maktabdan ketishga tayyor.

Uchinchidan, til masalasi. O‘zbek maktabini a’lo baholarga tamomlagan bitiruvchilarning aksari qirg‘iz va rus tillarini yaxshi bilmaydi. Umumrespublika testi esa faqat qirg‘iz va rus tillarida o‘tkaziladi. Shunday ekan, o‘qishga kirishni avvaldan rejalashtirgan o‘quvchilarning ko‘pchiligi 9-sinfdan uyog‘ini, asosan, rus maktablarida davom ettirmoqda. Ham til o‘rganadi, ham testga yaxshiroq tayyorlanish imkoniyati bor. O‘zi o‘zbek maktablari masalasini yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak, menimcha. Balki, bu maktablarni o‘zbek tili va adabiyoti chuqur o‘rgatiladigan rus yoki qirg‘iz maktablarga aylantirish maqsadga muvofiqdir... Bilmadim...

- Diniy-ekstremistik tashkilotlarga qo‘shilgan qirg‘izstonliklarning ko‘pini o‘zbek millatiga mansub yoshlar tuzadi, degan ma’lumotlar bor. Buning sabablarini nimada ko‘rasiz.

- Ikkinchi savolga javob birinchi savoldan kelib chiqadi. O‘qimagan bolani turli yo‘llarga og‘dirish ham osonroq. Ekstremizm yoki terrorizmda ayblanayotganlarning aksari Rossiyada ishlayotgan yoshlar ekani bunga isbot bo‘lsa kerak. Qolaversa, diniy ta’lim-tarbiya masalasiyam ko‘ngildagidek emas. Arabcha narsani ko‘rsak, Islom deb ketaveradigan odatimiz ham yo‘q emas. Yoshlarimiz Saudiya, Pokiston yoki Turkiyadan kelgan odamga ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermay, o‘zimizning diniy ulamolarga ergashishsa, yaxshi bo‘lardi. O‘z navbatida diniy ulamolarimiz ham yoshlar orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirishi kerak. Umuman olganda, asta-sekin bu ishlar bo‘lmoqda ham. Qolaversa, Milliy havfsizlik davlat qo‘mitasining sa’y-harakatlari natijasida so‘nggi yillarda ancha ekstremistik va terroristik g‘oyalarni targ‘ib qilayotgan odamlar qo‘lga olinayotgani sir emas.

Hozirgi gapimni balki ko‘pchilik noto‘g‘ri tushunar, lekin, nazarimda dindorlik darajasi keragidan ortib ketgandek. Qizlarni o‘qitmaslik (ba’zi hollarda umuman uydan chiqarmaslik), ularni juda yosh turmushga berish, arab va pokistonliklarning kiyinishiga taqlid qilish kabi narsalar ko‘payib ketdi. Eshitishimcha, bu qanchalik haqiqatga yaqin, bilmadimu, ba’zi joylarda ro‘mol o‘ramaydigan xotin-qizlarga, masjidga chiqmaydigan erkaklarga mahalla bosim ham o‘tkazmoqda ekan. Qirg‘iziston dunyoviy davlat bo‘lganidan keyin, dunyoviy davlat qonun-qoidalaridan chetga chiqmay yashasak yaxshi bo‘lardi, menimcha.

- O‘zbek yoshlarining jamiyatga integratsiya bo‘lish borasidagi muammolariga xuquq ximoyachilari 2010-yildagi Iyunь voqeasini misol qilishadi. Bunga sizning fikringiz qanday?

- Albatta, 2010-yildagi voqealardan keyin o‘zbek yoshlarida tushkunlik, umidsizlik kayfiyati kuchli bo‘lgan. O‘zimdan misol qiladigan bo‘lsam, men ham “Bu yerda keragim yo‘q ekan, ilojini qilib, biror joyga ketish kerak”, degan kayfiyatda yurganman. Lekin Qirg‘izistonning turli hududlarida do‘stlar va ko‘p millatli kollektivning yordamida u kayfiyatdan chiqib ketdim. O‘sha voqalar tufayli, balki ba’zi yoshlarda o‘qiganim bilan bu erda ish topa omlayman, deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Rossiyaga borib, fuqarolik olib qolib ketaman, degan fikr bo‘lgan, ayrimlari shunday qilishdi. Ota-onalar o‘zlari ham 2010-2011-yillarda shunday qilishdi. Yaxshi, bu vaqtinchalik holat bo‘lib chiqdi. Hozir men tanigan yosh yigit-qizlar o‘qishlarga kiryapti, ishga o‘rnashyapti. Menimcha, davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar va siyosiy partiyalarning yoshlar qanotlari o‘zbek yoshlarni safiga tortsa, menimcha Qirg‘izston uchun foyda bo‘ladi.

- Endi o‘zingiz haqingizda gaplashaylik. O‘zbek tilli blogerlar orasida mashhursiz. O‘zbek blogerlari orasida bir tanlovda g‘olib ham bo‘lgandingiz. Hozir faoliyatingiz qanday ketyapti?

- Ha, 2012 yildan beri blogerlik qilaman. Nima sabab bo‘ldi, hozir esimda yo‘q, lekin blogim, asosan, O‘zbekiston haqidagi blog bo‘lib ketdi. O‘zbekistondagi muammolar, xalqaro voqealarning O‘zbekistonga ta’siri, o‘zbek blogosferasi va ijtimoiy tarmoqlardagi mavzular haqida yozdim, asosan. Bunga bir tarafdan Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi so‘z erkinligi darajasi ham sabab. O‘zbekiston haqida O‘zbekistondan turib yozish doim ham xavfsiz emas, ya’ni blogosferadagi bozorning ma’lum bir qismi bo‘sh edi. 2014 yili o‘tkazilgan ilk o‘zbek blogerlari tanlovida 3- o‘rinni olishga ham erishdim. 2015 yilgi tanlovda bir qator cheklovlar kirgizildi, faqat O‘zbekiston fuqarolari qatnashishi mumkin bo‘lib qolgani uchun, qatnasholmadim. Hozir blogerlik faoliyatim ancha sustlashgan. Bir tarafdan ish ko‘p, vaqt oz. Qolaversa, 2016 yilning oktyabr, noyabr oylarida, adashmasam, blogim O‘zbekistonda ochilmay qoldi. Texnik nosozlik bo‘lsa kerak, degan o‘yda yangi domen, yangi xosting olib blogni ko‘chirdim. Oradan ko‘p o‘tmay, yangi blog ham O‘zbekistonda ochilmay qoldi. Shundan bildimki, blog O‘zbekistonda “blokirovka” qilingan. Turgan gapki, buning sababi menga qorong‘u. OAV anchagina tor “ramka”da ishlagan Islom Karimov davrida emas, o‘zbek yangilik saytlari ancha erkin ishlay boshlagan, Xyuman Rayts Votch, Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati qaytishi kutilayotgan yangi davrda blok qilinganim, men uchun ham kutilmagan hol bo‘ldi. Umuman, mening kuniga o‘rtacha 150-200 odam kiradigan blogim nima havf tug‘dirgan bo‘lishi mumkinligi ham qorong‘u. Buni “kamtarona mehnatlarimga berilgan yuqori baho” sifatida qabul qilib qo‘ya qoldim. Balki “Ozodlik”dagi intervyuni o‘qib, blogimni ochishar...

XS
SM
MD
LG