Линклар

O‘tgan oyda tashkil qilingan “Majburiy ijro byurosi” elektr va gazdan qarzdorlardan pul undirish paytida “birovlar ishlatgan gaz va chiroq haqini boshqalar“ zimmasiga yuklash kabi holatlar yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tekshirish o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi. Majburiy ijro byurosi direktori Botir Qudratxo‘jaevning mahalliy matbuotga bildirishicha¸ energoresurslar hisob-kitoblarining qonuniy yuritilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish uchun 423 nafar prokuratura xodimi biriktirilgan. Ozodlikning Qurultoy eshittirishi qatnashchilari ham “tekshiruvchilarni tekshirish lozimligini” aytishdi. Ularga ko‘ra¸ gaz¸ chiroq o‘lchash jaraëni shaffof bo‘lishi lozim.

O‘zbekistonlik jurnalist Nazokat Azim fikriga ko‘ra¸ energiya resurslari uchun to‘lov tizimi mukammal emas:

- Gaz va elektr o‘lchagichlarini raqamlilaridan qo‘yish kerak. Bular shunday o‘lchagich bo‘lsinki, gaz va svet nazoratchilarida uni to‘xtatib qo‘yish yoki orqaga surish imkoniyati bo‘lmasin. Yana u pul tugashi bilan xuddi telefon aloqasi uzilgandek o‘chsin, svet ham, gaz ham ta’minoti shu xonadonga to‘xtatilsin. Shunda nazoratchilar cho‘ntaklariga pul ishlamaydilar, aholi esa yugurib borib vaqtida pul to‘laydi. Boshqa iloj yo‘q. Gaz va elektr enargiyasi uchun qarzlar nazoratning shaffof emasligidan ham kelib chiqmoqda¸ deydi jurnalist.

Qo‘qonlik universitet o‘qituvchisi Jahongir Ergashev ayni fikrni davom ettirdi.

- To‘lov tartiblarini isloh qilish kerak. o‘qituvchi va shifokorlarga gaz va elektr to‘lovida imtiyoz qaytarib berilishi kerak, deb o‘ylayman. bu siyosat shundoq ham eng nochor bo‘lib qolgan qatlamni bir suyash bo‘lib xizmat qilar edi. Shuningdek, gaz va elektr ta’minoti idoralari aholining bo‘yniga qarz ilib qo‘ygan. Bu qarz avvalo pora berib gaz va svetdan foydalanib kelgan ayrim kichik va o‘rta biznesning qarzlarini aholiga sochib yuborishi ortidan ancha ko‘payib ketgan. Qarzdorlikning sabablari yaxshi o‘rganilsa, ayrim holatlar yuzaga chiqadi. shunda aholi qarzini to‘lashi mumkin¸ deydi Ergashev.

Sobiq davlat mulozimi¸ taniqli tadbirkor Anvarmirzo Husainov esa davlat xalqning gaz va chiroqdan qarzini kechishi lozim, degan fikrni ilgari surdi.

Qashqadaryolik faol Rustam Ochilov ham “To‘lashga imkoni yuk ehtiyojmand oilalarning qarzidan kechsa yaxshi bo‘lardi”, degan fikr bildirdi.

O‘z hajviyalarida qarzdorlarni aks ettirgan qiziqchi Sherqo‘zi G‘oziev esa qarzlar to‘lanishi kerak, degan fikrda sobit:

- Xalq maqollaridan birida «Yemoqning qusmog‘i bor» deb aytilgan. Bundan ma’lumki, chiroqning shu’lasida mazza qilib o‘tiribsanmi, demak o‘z vaqtida haqqini ham to‘lab qo‘yishni unutmaslik kerak! Shunda odam xotirjam o‘tiradi. Yelkada qancha qarz bo‘lsa, yana ko‘payib boraveradi. «Toma-toma yig‘ilib, ko‘l bo‘lur, qatra-qatra yig‘ilib mo‘l bo‘lur». Shuning uchun gazmi, chiroqmi o‘z vaqtida to‘lab qo‘ysa, xotirjam uxlaydi. Men ikkalasini ham bir yilga to‘lab qo‘yib, bir yilgacha mazza qilib yuraman¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev tarafidan imzolangan "Elektr energiyasi va tabiiy gaz etkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon ortidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilgan edi.

XS
SM
MD
LG