Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 14:52

Qirg‘izistonlik o‘zbeklarning "Begoyim" fondi Mirziyoevga murojaat qildi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining Botken viloyatidagi o‘tkazish-nazorat maskani.

Qirg‘izistonning Jalolobod shahridagi “Begoyim” jamoatchilik yoshlar adabiy fondi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga ochiq xat yo‘llab, qirg‘iz-o‘zbek aloqalarini jonlantirish masalasini ko‘tardi.

Internetda e’lon qilingan murojaatnomada ikki davlat o‘rtasidagi chegara punktlarida nazoratning qattiqligi oddiy xalq qarindosh-urug‘chilik rishtalarining uzilish darajasiga olib kelayotgani to‘g‘risida so‘z yuritilgan.

Shuningdek, O‘zbekistondan badiiy kitoblarning avvalgidek kelmay qolishi etnik o‘zbeklarni milliy adabiyotdan olislashga majbur qilayotgani belgilangan.

“Begoyim” jamoatchilik yoshlar adabiy fondining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan ochiq xati 19 iyulda tashkilot raisasi Ra’noxon Mamitovaning Feysbukdagi sahifasida e’lon qilindi.

- Nimaga muhtojlik sezsang, o‘sha muammoga ko‘proq ko‘ngil burarkansan. Bizdagi asosiy muammolarning biri – badiiy kitoblar yetishmasligi. Men maktablarga borib, kutubxonalarga kiraman. Vaqtim tig‘iz bo‘lsa ham kiraman. Sovet davridagi sotsializm mavzusidagi kitoblar chang bosib yotibdi. Kutubxonachilardan o‘zbekcha ertaklar yozilgan kitoblar bor-yuqligi haqida so‘rayman. “Qaniydi bo‘lsa, kitob tokchalariga terib qo‘ymasmidik”, deya javob berishadi,- deydi Ra’noxon.

Murojaatnomada chet davlatlardagi etnik o‘zbeklarni esdan chiqarmaslik iltimosi aytilib, bu borada qirg‘iz hokimiyati yurgizayotgan ishlardan andoza olish kerakligi haqida ham so‘z bo‘ladi. Rasmiy Bishkekning yurgizayotgan ishlari maqtalib, hukumat so‘nggi yillari etnik qirg‘izlarga e’tiborni kuchaytirayotganiga urg‘u berilgan. Oliy o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik qirg‘izlarga 100 o‘rin ajratilgani yozilib, O‘zbekiston ham qirg‘izstonlik o‘zbeklarning kelib o‘qishiga sharoit yaratishi lozimligi tilga olingan.

O‘zbekiston 2010 yili Qirg‘izston bilan chegarada nazoratni kuchaytirgan. 2013 yildan boshlab qarindosh-urug‘lar faqat telegramma orqali qatnab qolishdi. Oddiy xalq avval deyarli barcha nazorat punktlaridan o‘tib yurgan bo‘lsa, hozirda uchta katta postdangina qatnashadi. So‘nggi yillarda ikki davlatdan biri biriga qiz uzatib, kelin olgan urf-odatlar deyarli to‘xtab qoldi. Chegara muammosi yo‘q paytda u yoki bu davlatga kelin bo‘lib tushgan ayollar orasida yaqinlari, xatto ota-onasi olamdan o‘tsa, bora olmay qolganlari anchagina. Bu masala “Ozodlikda” avval ham bir necha bor ko‘tarilgan.

Toshkentga yo‘llangan ochiq xat qirg‘iz jamiyatida turlicha tahlil qilina boshladi. Ba’zilar buni boshqa davlat ishiga aralashish sifatida qabul qilib, noto‘g‘ri deya baxolashyapti. Qirg‘iz-o‘bek aloqasi haqida qator maqolalarning muallifi, publitsist Jo‘ldo‘sh Turduboevning fikri quyidagicha:

- Bu ilojsizlikdan yozilgan murojaat. Shunga majbur bo‘lishdi-da. Buni yomon fikrda qabul qilmaslik lozim. Asosiysi, shu ochiq xatni provokatsiya sifatida ishlatmaslik kerak. Xar-xil oldi-qochdi gaplarni qo‘shib, muammo qilib yuborishmasa bo‘ldi.

Turduboevning fikricha, xuddi shu kabi muammolar o‘zbekistonlik qirg‘izlarga ham taalluqli va bu masalaga hukumatlar e’tibor qaratishi kerak.

Qirg‘izston bilan O‘zbekiston o‘rtasida bir necha yil muzlab turgan aloqa 2016 yilning kuzida, Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgandan so‘ng jonlana boshladi. Madaniy uchrashuvlar tashkil etilib, chegaralarni aniqlash borasida muzokaralar tez-tez o‘tmoqda. Ammo chegara punktlaridagi qattiq nazorat, telegramma sistemasi qachon olinishi dargumon.

Qirg‘izston vitse-premyer-ministri Jenish Razakov xukumatlararo muzokaralar natijali o‘tayotganini aytib, ammo yuqorida aytilgan muammolar, asosan telegramma sistemasi qachon birato‘la olinishi belgisiz ekanini bildirdi. Sababi, bu qoidani O‘zbekiston kirgizgan:

- Muzokaralarning boshlangani biz uchun katta muvaffaqiyat. Uchrashuvlar muntazam ravishda, oy sayin bir Qirg‘izstonda, bir O‘zbekistonda o‘tkazilyapti. Ammo ishlar xali beri ko‘p. Qachon oxiriga chiqishini ayta olmaymiz.

Qirg‘izstonda etnik o‘zbeklar halqning 14 foizini tuzadi. Asosan O‘sh, Jalolobod va Botken viloyatlarida yashashadi.

Mirziyoevga ochiq xat yo‘llagan “Begoyim” jamoatchilik yoshlar adabiy fondi 2007 yildan beri ishlaydi. Ikki yuzga yaqin a’zosi bor. Raisasi Ra’noxon Mamitova ovozi Toshkentga yetib, istaklari ijobat bo‘lishidan umidvor:

- Juda ishonmasak ham, umid bor. Chegarani to‘liq ochishmasayam, engilliklarni yaratishsa... Bir paytlar kelib, bu muammolar hal bo‘ladi, albatta. Avvalgidek, Toshkent-Jalolobod poezdi qatnab qolsa yaxshi bo‘lardi.

Hozirda Qirg‘izstonda o‘qish o‘zbek tilida olib boriladigan 43, o‘zbek tili aralash o‘qtiladigan 100 dan oshiq maktablar bor. O‘sh va Jaloloboddavlat universitetlarida “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedralari ishlaydi. Atalgan ikki viloyatda o‘zbek tilida rasmiy haftalik gazetalar chop etiladi. Bundan tashqari “Intimaq” teleradiokanalida o‘zbek tilida ko‘rsatuv va eshitirishlar kuniga efirga beriladi. O‘shdagi Bobur nomidagi o‘zbek drama teatri muvafaqiyatli ishlab kelmoqda. Haftasiga Bishkek-Toshkent yo‘nalishida samolet uchadi.

Sanjar Eraliev, "Azattiq" radiosi muxbiri

XS
SM
MD
LG