Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 15:32

Respublikadagi o‘nlab kollejga bu yil o‘quvchi qabul qilinmadi


Nurobod shaharchasidagi kollej binosi
Nurobod shaharchasidagi kollej binosi

Buxoro¸ Samarqand¸ Xorazm va Andijon viloyatlaridagi 10 dan ziyod maishiy xizmat kasb-hunar kollejlariga 2017-18 o‘quv yili uchun o‘quvchilar qabul qilinmadi.

Viloyatlardagi soha mutasaddilarning Ozodlikka aytishicha¸ bu kollejlar hozircha tugatilmaydi: ikkinchi va uchinchi bosqich o‘quvchilariga o‘qishni tugatish uchun imkon beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mulozimi esa “aksariyat kollejlar taqdiri borasida hali uzil- kesil qarorga kelinmaganligini" ta’kidladi.

Ozodlik suhbatlashgan Buxoro viloyat hokimligi mulozimi¸ aksar ota-onalar o‘z farzandlari 11 yillik ta’lim tizimida o‘qishni davom ettirish istagini bildirgani bois, bir nechta kollejda birinchi kurs uchun o‘quvchi qabul qilinmaganini aytdi. Mulozimga ko‘ra¸ “extiyoj bo‘lmagan kollejlarning 25 foiz o‘qituvchilari qisqartiriladi” Bu mulozimning yana aytishicha, “ishdan bo‘shagan o‘qituvchilar xalq ta’limi tizimidagi o‘quv dargohlariga ishga joylashtiriladi”

"Nabor yo‘q"

Ozodlik muxbiri bilan ayni mavzuda suhbatlashgan Samarqand¸ Xorazm¸ Jizzax viloyatidagi mulozimlar ham “ehtiyoj kam bo‘lgani bois o‘quvchilar hujjat topshirmagan” maishiy xizmat kasb-hunar kollejlarida birinchi bosqich uchun qabul bo‘lmaganligini aytishdi.

Eltuz.com nashrining ëzishicha, “Andijon shahridagi 2- maishiy xizmat kasb-hunar kollejiga bironta ham o‘quvchi xujjat topshirmagan. ”Nashr muxbirining kollejda ishlovchi muallimlardan biriga tayanib ma’lum qilishicha ” majlis o‘tkazilib kollej yopilishi va o‘qituvchilar o‘zlariga boshqa ish qidirishlari lozimligi” aytilgan.

Andijon viloyat hokimligida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka aytishicha¸ bu holat viloyatdagi barcha kollejlarga aloqador emas. Unga ko‘ra “Andijon mashinasozlik kolleji” da qabul to‘xtamagan.

Mulozim Andijon viloyatidagi 117 kollejdan qanchasi qolishi haqida aniq ma’lumot aytmadi.

Bitta viloyatda qancha kollej qolishiga Ozodlik suhbatlashgan Samarqand xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi aniqlik kiritdi.Unga ko‘ra¸ Xalq ta’limi boshqarmasi o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashgan ota-onalarning 71 foizi o‘z farzandlarining kollejda emas balki 11 yillik ta’lim tizimida o‘qishni davom ettirishlariga istak bildirishgan. Shundan kelib chiqib viloyatdagi kollejlarnimg yarmidan ko‘pi “kelasi uch yil ichida tugatilish ehtimoli bor” dedi mulozim.

Ehtiyoj katta kollejlar yopilmaydi

Buxoro viloyat hokimligi mulozimi prezidentning may oyidagi farmoyishiga binoan, “kollejlarga qabul kvotalarini prognozlashtirishda mehnat bozoridagi ehtiyoj“ inobatga olinayotganiga e’tibor qaratdi:

- Shavkat Mirziyoevning 18 maydagi farmoyishi asosida ishlayapmiz. Masalan, naqqoshlik¸zardo‘zlik va boshqa milliy hunardmandlik sirlarini o‘rgatadigan kollej bitiruvchisiga bozorda ehtiëj mavjud. Turizm kollejlari bitiruvchilariga ham ehtiyoj bor. Maqsadimiz kollej bitiruvchilarining bandligini ta’minlash. Shu bois ehtiyoj kam kollejlargina yopiladi¸ dedi suhbatdosh.

Xorazm¸ Samarqand va Jizzah viloyatlardagi mulozimlar Ozodlik bilan suhbatda san’at¸ xalq hunarmandligi¸ turizm va gaz sohasi bo‘yicha kollejlarda qabul jarayoni to‘xtamaganligiga ham e’tibor qaratishdi.

"Vazirlik kollejlar taqdiri borasida hali bir qarorga hali kelmadi"

O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari faoliyatini boshqarishga mas’ul birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhammedovning o‘zini Sarvar, deb tanishtirgan yordamchisi Ozodlikka “kollejlar va litseylarni yopish to‘g‘risida hali aniq topshiriq yo‘qligini” aytdi:

- Hozir o‘rganish ketyapti. Prezidentimizning shaxsan topshiriqlari bilan. Kollejlarning keyingi taqdiri bo‘yicha har bir hududga vazir o‘rinbosarlari biriktirilib so‘rov o‘tkazilyapti hozir. Kim kollejda o‘qiydi¸ kim 11 yillik ta’lim tizmida o‘qiydi, degan savol asosida so‘rovnoma tayyorlaganmiz. Kollejlar o‘z-o‘zidan yopilib ketmaydi. Prezident farmoni bilan yopiladi. Bu gapim siz keltigan kollejlarga ham tegishli,- dedi mulozim.

Ta’lim standarti o‘zgarmoqda

Joriy yilning 17 iyun kuni Bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahridagi har bir tumandan 4 tadan maktabda tajriba tariqasida 10-11-sinflar qayta joriy etilishi haqida chiqish qilganidan so‘ng bu tajriba butun respublikada o‘tkazila boshlandi. Bu esa o‘z navbatida kollejlarning istiqbolini shubha ostiga qo‘ydi.

Bundan oldin O‘zbekistondagi to‘rtta akademik litsey prezident farmoni bilan tugatilgan edi.

Prezident qaroriga ilova qilingan sharhda aytilishicha, 4 ta litseyning yopilishiga ularning “moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermay qolgani” sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonlik blogger Sardor Salim¸ Ozodlik bilan suhbatda kollej va litseylar yopilib¸ 11 yillik ta’lim tizimiga o‘tilishini "Ortga tashlangan salbiy qadam deb atadi:

Unga ko‘ra¸ bu qadam bilan O‘zbekiston "qoloq mamlakatlar klubiga a’zo bo‘ladi"

"O‘zbekiston zamon talablariga javob berish maqsadida 12 yillik ta’lim tizimini postsovet hududida birinchilardan bo‘lib joriy etgan edi. Birinchi prezident Islom Karimov 1990 yil 3 avgustda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlardan birida respublikada barcha sohalar qatori ta’lim tizimi ham butunlay izdan chiqqani, o‘quv muassasalari achinarli ahvolga kelib qolganini aytib o‘tgan edi. 1997 yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi" zamonaning kun tartibidagi muammolarni hal etish uchun o‘z davrining ilg‘or va uzoqni ko‘zlagan tashabbusi bo‘lganini boshqa postsovet respublikalari ham endigina – bizdan 20 yil keyin bu yo‘ldan yurishni rejalashtirgani ko‘rsatib turibdi.

Lekin ta’lim tizimidagi islohotlar ko‘zlanganidek amalga oshirilmadi yoki allaqachon ma’nan eskirdi. Bizga hozir ta’limning yangi islohoti kerak, lekin bu islohot o‘quv yillar sonini qisqartirish yoki ko‘paytirishdan iborat bo‘lmasligi lozim¸ deya ta’kidlaydi blogger Sardor Salim.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra joriy yilda O‘zbekiston bo‘ylab 467 019 nafar o‘quvchi 9 sinfni tugatdi.

Ularning qanchasi¸ litsey¸ qanchasi kollej va qanchasi 11 sinflik tizimda o‘qishni davom ettirishi aniq emas.

O‘zbekistondagi mavjud 1411 ta kollej maktablarning 9-sinfini bitirgan yoshlar kasb-hunar o‘rgananishi uchun faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

Bundan tashqari oliy ta’lim muassasalari qoshidagi 144 ta akademik litseyda aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha bilim beriladi. Ushbu maskanlarni har yili o‘rtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 9582 ta 9 yillik maktab bor.

XS
SM
MD
LG