Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 19:42

Buxorolik 28 tadbirkor viloyat hokimini prezident siyosatini “sabotaj" qilishda aybladi


"Dilkusho" bozorining buzilishi oqibatida 300 dan oshiq tadbirkor ishsiz qolgani haqida yozdi Ozodlikka murojaat qilganlar..

Ozodlikka maktub bilan murojaat qilgan 28 nafar buxorolik tadbirkor viloyat hokimi O‘ktam Barnoevni prezident Shavkat Mirziyoev boshlagan xususiy mulk va tadbirkor huquqlari himoyasini kuchaytirish siyosati¸ shu yo‘nalishda qabul qilingan qonun va qarorlarga qarshi chiqayotganlikda aybladi. Viloyat hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mas’uli esa¸ aksincha¸ hokimning aynan prezident siyosatini amalga tatbiq qilish bilan bandligini bildirdi.

Ozodlikka murojaat qilgan tadbirkorlar¸ o‘z xavfsizliklariga tahdid tug‘ilishidan cho‘chishlari¸ shu bois¸ o‘z shaxslari sir qolishini istadi. Vaziyat butun bo‘y-basti bilan tushunarli bo‘lishi uchun tadbirkorlar murojaati matnidan bir necha katta parchani asl holida keltiramiz.

“Buxoro viloyatida aholi¸ ayniqsa¸ tadbirkorlarning ertaga biror ishni boshlashga davlat organlari, hokimiyat va qonunlarga ishonchsizlik tufayli umuman qo‘li bormayotganligini ko‘rish mumkin. Bunday holatga viloyat hokimi O‘ktam Barnoevning g‘ayriqonuniy, qo‘pol va o‘zi va oshna-og‘aynilarini manfaatini ko‘zlab Prezident nomidan gapirib «sallani ol desa kallani olish» qabilasida ish tutishi va shu borada huquq-tartibot va hattoki sudlarni ham o‘ziga “yuqoridan aytilgan topshiriq” deb bo‘ysundirib¸ o‘ta qo‘pol va adolatsizlarcha ish olib borishi sabab”dir deb boshlanadi tadbirkorlar murojaati.

1-e’tiroz: «Hokim 17 ta baliqchi fermerdan 16 tasini bir kunda xonavayron qildi”

Buxoro viloyati hokimiga nisbatan bildirilgan bunday keskin tanqidga asos sifatida tadbirkorlar hokimning aholi orasida e’tirozga sabab bo‘lgan bir necha harakatini keltiradilar.

“Masalan¸ shu 2017 yil may oyining 5-kunidagi 261-sonli birgina qaroriga asosan 17 ta baliqchilik fermer xo‘jaligining 16 tasini hech gap-so‘zsiz¸ qonunlarni oyoq-osti qilib bekor qilganligi, shu 16 fermer va uning farzandlari, hamda unda mehnat qilayotgan mutaxassis, oddiy ishchi va boshqalar¸ jami taxminan 100 dan ziyod oilani va 500- 600 dan ziyod insonlarni ishsiz qoldirib, davlat va qonunga bo‘lgan ishonchini butunlay yo‘qotdi, qolaversa shu ko‘llarni hech qanday asossiz boshqalarga berishi¸ xususan Toshkentdan kelib ko‘lni tushunmaydigan o‘z tanishi Jamol degan (Toshkentda restoranlari bor ekan) shaxsga manfaat evaziga 10 ming gektar ko‘lni berganligini, xalq bilib turganidan xulosa qilsa bo‘ladi.

Buning hammasini Prezident 10-11 mart kunlari Buxorodagi tashriflari chog‘ida shaxsan aytganlar¸ deb xalq og‘zini yopmoqdalar.

Lekin Prezidentimizning Buxorodagi tashriflari protokolida samarasiz ishlayotgan ayrim baliqchilik fermerlarini nazarda tutib, shularni rivojlantirishga yordam berish¸ agar bajarib bilmasa¸ keskin chora ko‘rish belgilangan, bir kunda bu fermerlarni xonavayron qil¸ deb aytmagan. Endilikda ularning mulklari hammasi ko‘llarda qolib ketdi”¸ deyiladi Buxoro viloyati hokimi qarorlaridan biriga e’tiroz bildirgan tadbirkorlar guruhi.

2-e’tiroz: “Zarafshon” mehmonxonasini davlatga qaytarish bahonasida o‘nlab tadbirkorning xususiy mulkini tortib olishdi”

“Prezidentimizning Buxorodagi tashriflari Protokolining “V. Geologiya, yoqilg‘i-energetika, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi bo‘yicha”deb nomlangan bobining 77-bandida:

Buxoro shahar “Zarafshon” MChJga tegishli Zarafshon mehmonxonasi bo‘sh yotganligi uchun ko‘rib chiqib, ta’mirlab, to‘la quvvatda ishlatmasa¸ davlatga kaytarish masalasi qo‘yilgan.

Lekin shu mehmonxona atrofida obod va to‘liq ishlayotgan o‘nlab tadbirkorlarning ham xususiy mulkini sudlarga Prezident topshiriqlari, deb umuman g‘ayriqonuniy qaror chiqarib, olib qo‘yilishi natijasida yuzlab oilalar ishsiz qolganligi va bu tadbirkorlar o‘z mulkidan adolatsiz ayrilganligi, bu xalq ishonchini qozonishmi?”

3-e’tiroz: Buxoro markazidagi eng gavjum bozorni cho‘lga aylantirishdi¸ endi qurishga pullari yo‘q!”

"Buxoro shahridagi “Dilkusho” bozoridagi 300 ga yaqin tadbirkorlar mulki hisoblangan do‘konlarning ularga qonun asosida mulk evaziga to‘lov to‘lanmasdan va joy ajratmasdan buzib yuborilishi, gapirsang qamataman, deb qo‘rqitishini xalq qanday tushunsin? Bu 300 ga yaqin tadbirkor orasida bankdan kredit olganlari, hattoki ayrimlari yashab turgan uyini sotib ish o‘rni bo‘ladi¸ deb do‘kon qurganlar bor axir, mana shular tirikchilik kilib yurgan oila a'zolari va yordamchi ishchilar 1000 lab aholi ta’birida, qonun ustuvorligini, xususiy mulk davlat himoyasida ekanligini endi tushintirib bo‘ladimi, bularni adolatga va ertaga ishonchining bahosi qancha? “Dilkusho” bozorida ishlagan tadbirkorlarning 70 foizi 4 oydan buyon ishsiz. Qani yangi bozor? Aytishlaricha, katta bozor quraman, degan millioner xam bozor qurish fikridan kaytgan. Ayni paytda “Dilkusho”da hech qanday qurilish ishlari bo‘lmayapti. 4 oy Buxoro g‘aznasiga “Dilkusho”dan soliq ham kirmayapti.

Bunday misollarni Buxoroda ko‘plab keltirish mumkin. Achinarlisi - bular hammasining muhtaram “Prezidentimiz shaxsan bergan topshiriq” deb qayd etilishi. Axir tushuntirsa xalq va tadbirkorlar tushunishadi, xatosi bo‘lsa¸ tuzatishadi. Qonuniy yul tutsa bo‘ladiku!”

Hokimlik javobi

26 iyul kuni Ozodlik buxorolik tabdirkorlar shikoyatiga munosabat so‘rab Buxoro viloyati hokimi qabulxonasiga bog‘landi¸ ammo hokim kabinetida emasligi vajidan¸ u bilan gaplasha olmadi.

Viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha mas’ul birinchi o‘rinbosarining Toshkentda ekani va undan ham tadbirkorlar shikoyatiga munosabat olishning imkoni yo‘qligi aytildi.

Hokimlikning tadbirkorlar tilga olgan jarayonlardan bevosita xabardor mulozimi¸ O‘ktam Barnoev amalga oshirayotgan harakatlarning hammasi prezident qarorlariga asoslanganini bildirdi.

“Birinchisi¸ baliqchilik bo‘yicha. Prezidentimizning baliqchilik kompleksi bo‘yicha aniq talablari bor. Faloncha ish o‘rni yaratiladi¸ imtiyozli kredit ajratiladi¸ unga uch yoki to‘rt yillik muddat beriladi¸ deyilgan. Shu muddat ichida maqsadli foydalanmasa¸ avtomaticheski undan tortib olib¸ tenderga qo‘yishga¸ kim yutib chiqsa¸ shunga berishga majburmiz. Investitsiya bo‘yicha bizga maxsus topshiriqlar kelgan¸ biz shularga amal qilayapmiz.

Ikkinchisi¸ Zarafshon mehmonxonasi. Bu investitsiya dasturiga kiritilgan edi. Buni tadbirkor imtiyozlari bilan olib¸ anchadan beri hech narsa qilmagan¸ hududni ishlatmagan. Dastur bo‘yicha u bu yerda yangi ish o‘rinlari yaratishi kerak edi. Bu juda katta bino¸ u birinchi etajni boshqa tadbirkorlarga arendaga berib¸ shu bo‘yicha soliq to‘lab kelgan¸ lekin asosiy majburiyatini bajarmagan. Prezident talab qo‘ydilar – lgota bilan sotib olib¸ ishlatmayotgan bo‘lsa¸ tortib olib¸ tender qilingda¸ tashabbus ko‘rsatgan tadbirkorga imtiyozli qilib bering¸ dedilar. Bu butun respublikada bo‘layotgan narsa. Shuning uchun “Zarafshon” kompleksi tortib olindi¸ unga narx qo‘yildi¸ hozir tenderga qo‘yilgan – kim olsa¸ marhamat. Lekin uning atrofida xususiy do‘kon yo‘q. Biz xususiy mulkni qanday tortib olamiz¸ prokuratura himoya qiladi uni.

Uchinchisi¸ “Dilkusho” dehqon bozori bo‘yicha. Bu bozor prezidentimizning bozorlarni tartibga solish¸ ularni zamonaviylashtirish bo‘yicha chiqargan qarorlari asosida buzildi. Hozir zamonaviy¸ uzoq o‘n yillarga xizmat qiladigan yangi bozorning loyiha-smetasi ko‘rilayapti¸ oldingisi zamonaviy talabga javob berolmagi uchun o‘tmadi. Davlatning puli chegaralangan¸ shuning uchun bu loyiha ham tenderga qo‘yiladi. Qaysi tadbirkor yutib chiqsa¸ quradi. Do‘koni buzilgan tadbirkorlarning hammasini SUMga¸ Kolxoz bozorga ko‘chirganmiz. “Dilkusho”dagi birorta tadbirkor ko‘chada qolgani yo‘q. Sizga 70 foiz¸ deyilganlar bozorqo‘m bilan kelishib¸ noqonuniy ishlab kelgan alamzadalar bo‘lishi mumkin".

Buxorolik tadbirkor izohi

Ozodlik buxorolik 28 nafar tadbirkro nomidan yozilgan murojaat va unga nisbatan hokimlik rasmiysi bergan javoblar mazmuni yuzasidan Buxorodagi yirik tadbirkorlardan biri bilan gaplashdi.

Ozodlikka yo‘llangan murojaatga aloqasi yo‘q bu tadbirkor¸ hokimlik javobi emas¸ tadbirkorlar e’tirozlari asosli ekanini ta’kidladi.

“Shahar markazidagi bozorni hammani qo‘rqitib¸ terror qilib buzishdi. Endi qurishga pul yo‘q. Buxoroda bir necha zapravkasi bor boyvachchaga taklif qilishgan ekan¸ u ham hokimiyat 51 foiziga egalik qiladigan bu bozorni qurib¸ kuyib qolishdan qo‘rqib¸ ko‘nmadi.

Bozor buzilganidan keyin ishsiz qolgan tadbirkorlarga joy berdik¸ degan gap ham yolg‘on. Na joy¸ na kompensatsiya, na yer berildi. Bir-ikkita it topmas joylarni taklif qilishdi¸ lekin u ham og‘izda qolib ketdi. Buxoroda tadbirkorlarning qattiq bosimda qolgani bor gap. “Buzdiraman”¸ degan gap hokim Barnoevning asosiy quroliga aylangan. Endi tadbirkorlar¸ buzdirmasin¸ deb pora tashiydigan bo‘lib qolgan. Vaziyat hech ham yaxshi emas”¸ dedi Ozodlik bilan xavfsizlik nuqtai nazaridan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan yirik tadbirkorlardan biri.

XS
SM
MD
LG