Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 23:26

Tramp Xitoyni Shimoliy Koreya masalasida AQShga yordam bermayotganlikda aybladi


AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyni Qo‘shma Shtatlarga Shimoliy Koreya bilan nizoni hal etishda “hech qanday” yordam bermayotganlikda aybladi va “Bu holning davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deya qo‘shimcha qildi.

Trampning 29 iyul kuni Tvitterdagi bayonotiga qo‘shimcha ravishda yangragan izohlari Pxenyan qit’alararo ballistik raketani (QBR) sinovdan o‘tkazgandan so‘ng paydo bo‘ldi. Ushbu yadro quroli tashuvchi raketalar AQSh hududiga qadar uchib bora olishi aytildi.

AQSh harbiy havo kuchlari 30 iyul kuni tarqatgan bayonotda Tramp izohlaridan bir necha soat so‘ng AQShning harbiy qudratini namoyish qilish uchun ikkita B-1B bomba tashuvchi uchog‘i Koreya yarim oroli ustidan uchib o‘tgani aytildi.

Harbiylarning xabar qilishicha, bomba tashuvchi uchoqlar AQShning Guam orolidagi harbiy bazasidan havoga ko‘tarilgan va 10 soatlik parvoz mobaynida ularga Yaponiya va Janubiy Koreya qiruvchi uchoqlari hamrohlik qilgan. Uchoqlar havodagi ob’ektlarni qo‘lga olish bo‘yicha va boshqa amaliyotlar o‘tkazdi.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In: “Harbiy kuchlarimiz Koreya-AQSh harbiy tayyorgarligini kuchaytiradi hamda har qanday ig‘volarga qarshi turish uchun Koreya-AQSh ittifoqiga asoslangan hamkorlik tizimini qo‘llab-quvvatlaydi”, deb bayonot berdi.

Tramp Tvitterdagi izohlarida AQShning o‘zidan oldingi rahbariyatini Pekinga, ko‘maklashishni istamayotganiga qaramay, milliardlab dollar pul ishlab olishi uchun imkon berganlikda aybladi.

“Xitoydan hafsalam pir bo‘ldi. Oldingi ahmoq rahbarlarimiz ularga yillik o‘zaro savdodan yuzlab milliard dollar pul ishlab olishiga imkon berdi, ammo ular biz uchun Shimoliy Koreya masalasida hech ish qilmayapti, faqat gap bilan ovora. Biz bu holning davom etishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Xitoy bu muammoni osongina hal qilishi mumkin edi”, deb yozdi u.

2016 yilda Qo‘shma Shtatlarning Xitoy bilan savdo kamomadi 309 milliard dollar bo‘ldi.

Tramp va boshqa rahbarlar Xitoyni qayta-qayta Shimoliy Koreyaga Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorlari bilan taqiqlangan yadro va ballistik raketalar dasturi yuzasidan bosim o‘tkazishga da’vat etib keladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 29 iyul kuni Shimoliy Koreyaning “raketa uchirishi” BMT qarorlariga va “xalqaro hamjamiyatning umumiy istaklari”ga zid bo‘lgani uchun bunday amaliyotga qarshi ekani xususida bayonot berdi.

Shimoliy Koreya rasmiylari 29 iyul kuni Pxenyanning so‘nggi QBR sinovi Seulni AQShning THAAD raketadan himoya tizimini mamalakat hududida tezroq joylashtirishga majbur qilganini bildirdi. Xitoy ushbu tizim joylashtirilishiga qattiq qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

AQSh armiyasi vakillarining ma’lum qilishicha, Amerika va Janubiy Koreya harbiy kuchlari “yuzadan-yuzaga” raketalari bilan mashqlar o‘tkazdi va QBR sinovidan so‘ng “harbiy javob variantlari”ni muhokama qildi.

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning aytishicha, so‘nggi sinov “AQSh uchun jiddiy ogohlantirishdir va ushbu mamlakat siyosatchilari u tajovuzkor ekanini, mabodo Pxenyanga qarshi ig‘vogarlik qiladigan bo‘lsa, jazosiz qolmasligini tushunishi kerak”.

XS
SM
MD
LG