Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:04

Ikki advokatning shariatni Konstitutsiyadan ustun qo‘yganiga oid MXX iddaosi rad etildi


Uzbekistan - T-shirt on which written Uzbekistan National Security Service
Uzbekistan - T-shirt on which written Uzbekistan National Security Service

Shu yilning 25 iyulida Toshkent shahar advokatlar palatasining malaka komissiyasi ikki advokatning kasbiy odobi va malakasiga oid MXX mulozimi kiritgan taqdimnomani ko‘rib chiqdi va unda ilgari surilgan talabni rad etdi.

Ozodlik bu haqdagi ma’lumotni tilga olingan palata mulozimidan oldi.

Ma’lum bo‘lishicha, MXXning Toshkent shahar boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik B. K. palataga kiritgan taqdimnomada advokatlar kasbiy malakasizlikda hamda "islomiy davlatda yashashni afzal", deb bilishda ayblangan.

Advokatlardan birining Ozodlikka aytishicha, ularning "islomchilikda" ayblanishiga iftor paytida og‘iz ochish uchun suv so‘ragani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

MXX zobitining taqdimnomasi

Nusxasi Ozodlikda mavjud 3 varaqli taqdimnomada aytilishicha, MXXning Toshkent shahar boshqarmasi tergov bo‘linmasi yurituvidagi 9406-sonli jinoyat ishi bo‘yicha tergov davrida ayblanayotgan shaxsning advokatlari “kasbiy odobi va malakasiga mutlaqo noloyiq taktikani qo‘llagan”.

Taqdimnomani kiritgan MXX podpolkovnigi advokatlardan birini “davlat organlari faoliyatini Islom dini qoidalari asosida tashkil qilishni targ‘ib qilganlikda” ham ayblagan.

“Kurbanov A.K. tergov va protsessual harakatlarda ishtiroki davomida islom dini talablari asosida boshqariladigan davlat tuzumini yoqlab, davlat organlari faoliyatini islom dini qoidalari asosida tashkil qilishni targ‘ib qilib. “islomiy davlat”da yashashning “afzalliklari”, O‘zbekiston Respublikasi hududida islom diniga e’tiqod qiluvchi shaxslarga boshqa din vakillariga nisbatan usutunlik berish maqsadga muvofiq bo‘lishi haqida fikr bildirib kelmoqda...”- deb yozgan MXX zobiti advokatlar Muxtabar Hasanova hamda Abdug‘ani Qurbonovlarni advokatlik litsenziyasidan mahrum qilishni so‘rgan.

Advokatga nisbatan bildirgan bunday ayblovini izohlab berishini so‘rash uchun MXX zobiti B.K. bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Advokat Kurbanov A.K. esa, Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Zobit kiritgan taqdimnomaning yuqorida keltirilgan parchasi davomida bunday deyilgan: “Unga (Kurbanovga – tahr.) tergov tomonidan bu qarashlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid ekanligi tushuntirilganida, Kurbanov A.K. keksayib borayotgani sababli Konstitutsiya talablarini unutib borayotganini, “oxiratni, qanday dafn etilishni o‘ylab, islom dini asosida afzal ko‘rayotgani”ni ma’lum qilib kelmoqda”.

Diniy motiv qaerdan paydo bo‘ldi?

Advokat Muxtabar Hasanova Ozodlik bilan suhbatda MXX zobitining hamkasbiga nisbatan ilgari surgan diniy motivdagi ayblovini MXX tergov izolyatoriga himoyasi ostidagi shaxs bilan uchrashish uchun borganlarida ro‘y bergan voqea bilan bog‘ladi:

- Ro‘za kunlari edi. Hamkasbim ikkalamiz ham ro‘za og‘iz edik. Soat 4 larda kirib, 10 largacha qolib ketdik. Iftor vaqti bo‘lganida suv so‘radik B.K.dan. U bizga “Bu diniy idora emas sanlarga”, dedi. Keyin biz ro‘za tutish taqiqlanmagani, Prezidentimiz o‘zlari ham iftorlarga qatnashayotganini aytdik. O‘sha voqea tufayli paydo bo‘lgan bo‘lsa kerak, taqdimnomadagi diniy ayblov, - dedi Muxtabar Hasanova.

Toshkent shahar advokatlar palatasi mulozimining (ismini aytmaslikni iltimos qildi) Ozodlikka aytishicha, MXX zobiti kiritgan taqdimnomani malaka komissiyasi 25 iyulda ko‘rib chiqqan, unda keltirilgan vajlar tasdiqlanmagan va MXXning talabi rad etilgan.

MXX mulozimining advokatlar ustidan yozishiga nima turtki bo‘ldi?

Bu savolga javoban, advokat Muxtabar Hasanova “Aybimiz - himoyamiz ostidagi shaxsdan tergovchi talab qilganiday, aybiga iqrorlik olib bermaganimiz bo‘lsa kerak”, dedi.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahar IIBBning narkotrafik va giyohvandlikka qarshi kurash bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili, mayor S. Z. va boshqa bir necha shaxs giyohvand moddalar saqlash va sotishda ayblanmoqda va bu ishda M. Xasanova hamkasbi bilan ayblanuvchilarni himoya qilmoqda.

Advokat Hasanovaning iddaosicha, jinoyat ishi soxta guvohliklar, zo‘raki iqrorliklarga qurilgan, ishda S.Z.ning aybi tasdiqlanmagan.

Mazkur jinoyat ishi hozirda mazmunan ko‘rib, hal qilish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudiga yuborilgan.

"Advokatlar bosim ostida"

Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanovning fikricha, advokatlarga MXX mulozimlari tomonidan bosim o‘tkazish odatga aylanib qolgan.

- Nafaqat MXX, boshqa idoralar, masalan, prokuratura, adliya, ichki ishlar tomonidan ham advokatlarga bosimlar bo‘lib turadi. Men o‘zim advokatlarni himoya qilish protsesslarida bir necha marta qatnashganman. Bu O‘zbekistonda advokatura institutining hali rivojlanmaganidan dalolatdir. Qolaversa, keyingi yillarda advokatlar vakolatlari bir necha bor qisqartirildi, dedi Abdurahmon Tashanov.

Advokatlar tayanadigan hujjatlar

O‘zbekistonda advokatlik faoliyati 1996 yil, 27 dekabrda imzolangan “Advokatura to‘g‘risida”gi, 1998 yilning 25 dekabrida imzolangan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar bilan, Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 9 martdagi “Advokatlik faoliyatini litsenziyalash va advokatlik tuzilmalarini tashkil etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori va yana boshqa bir necha hujjat bilan tartibga solinadi.

XS
SM
MD
LG