Линклар

Shavkat Mirziyoev prokurorlarni "eng katta o‘g‘rilar" deb atadi(VIDEO)

  • Садриддин Ашур/Озодлик

Prezident Shavkat Mirziyoev

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 avgust kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida prokurorlar va ularning faoliyatini qattiq tanqid qildi. Prezident “eski axlat tizimi”dan qolgan prokurorlarning o‘zlari "eng katta o‘g‘ri" ekanligini ta’kidlar ekan, agar halol ishlamasa, almashtirishdan keyin qolgan prokurorlarni ham ishdan chetlatishini aytdi.

Ozodlikka yetib kelgan audioyozuvda O‘zbekiston prezidenti ochiqchasiga prokurorlarni yomon ko‘rishini aytadi:

“Sen dunyoqarashingni o‘zgartirmasang ertaga kech bo‘ladi, shuni bilgin sen. Senga o‘n kun srok, menga sening qadamlaring baribir yoqmayapti. Bitta o‘zing qolding, hammani obtashadim men. Men o‘zi prokuror degan odamni, kechirasizlaru, juda yomon ko‘raman. Buni ochiqcha aytyapman, nimaga desangiz men rayon hokimi bo‘lganman, viloyat hokimi bo‘lganman, bu noinsoflarni g‘o‘ddayishini, prokurorcha bo‘lib darrov yurishi o‘zgarib qolishini, odamni mensimasini juda yaxshi bilaman. Juda yaxshi bilaman, voy bo‘o‘o‘o‘o‘o‘o‘y...., deydi prezident prokurorlar ishiga baho berarkan.

Prezident Karimov davridagi prokuratura xodimlarini "axlat" deb ataydi va ularni "baribir" o‘zgartirishga va’da beradi.

"Mana biz yangi Bosh prokuror qo‘ydik, 80 foiz odamni o‘zgartirdik, oldingi qolgan axlatdan, tizimdan, menga bosh prokuror qoldirgan o‘g‘ri tizimidan 20-15 foiz odamlar yuribdi. Jumladan, Fayziev(Toshkent viloyati prkurori Jamshid Fayziev nazarda tutilyapti - tahririyat) ham shu tizimning odami. Baribir o‘zgartiramiz oxirigacha. Yo prokuror halol bo‘lib ishlaydi, yo umuman prokuraturani yo‘q qilamiz. Odamlarning boshiga balo bu, prokuror degan balo. Halol ishlamaydimi, ketadi hammasi”,​ - deydi Mirziyoev.

Ba’zi bir prokurorlarning hatto familiyasini to‘g‘ri yozishini bilmasligini aytgan prezident prokuror, e’tiborni ular qurayotgan qasrlarga qaratdi:

“Qachon prokuror yaxshi yashaydi, qachon xalq yaxshi yashasa. Bularning uylarining qaranglar, tagidagi mashinalarini qaranglar, Nima, bular atom reaktori ixtiro qilganmi? Bir-ikkita ahmoqlari familiyasini yozishni ham bilmaydi. Tanish-bilish bilan prokuror bo‘lib olgan. Ha-a-a g‘o‘ddayadi. Meni bularni yomon ko‘rishim, bular izidan chiqib ketgan edi. Mana hozir halol-pok ishlashga harakat qilayotgan odamlar bilan biz ishlayapmiz, deydi prezident.

Mirziyoev o‘zidan ketganlarning “dumlari” birin-ketin uzilayotgani, tez orada jamiyat bunday shaxslardan to‘la tozalanishini aytadi:

“Men hammasini bilaman, Xudoga shukr. Arqonni uzun tashlab qo‘yibman, hozircha. Darrov tortib olamiz. Davlat bilan hech kim, hech qachon hazillasha olmaydi. Hech kim va hech qachon. Xalq... yana bir marta xalq. Bu yerda Muhiddinov degan prokuror bo‘lgan. Mana necha yilga qamalib ketgan. Biz uchun hech kim avtoritet emas, bitta xalq, xalq va yana xalq”, deydi prezident.

Shavkat Mirziyoev prokuratura xodimlari bilan 7 yanvar kungi uchrashuvida "Prokuratura faqat jazolaydigan repressiya organi bo‘lib qolmasligi” uchun¸ ular ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi kerakligini aytgan edi.

Prezident o‘z nutqida prokuratura xodimlari konstitutsiya bergan huquqdan foydalanmay¸ “prinsipial pozitsiyadan mosuvo tomoshabinga” aylanganidan xavotir bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG