Линклар

O‘zbekiston poytaxtidagi aksar bozorlarida go‘sht narxi bo‘yicha aholini aldash hollari davom etayapti. Qashqadaryolik ona xorijga ketish uchun 2,5 yoshli o‘g‘lini 2000 dollarga pulladi. Kinodan ilhomlanib, IIB xodimini jarohatlagan rishtonlik haydovchi javobgarlikka tortildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Go‘sht savdosida ko‘zbo‘yamachilik: maqsad xalqni aldashmi?

Toshkentning aksar bozorlarida go‘sht narxi borasida aholini aldash davom etmoqda (“Oila davrasida”, 3 avgust). Rastalarda “1 kilogramm go‘sht 25 ming so‘m” degan yozuv yopishtirilgan, amalda esa 30 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha sotilmoqda. Sotuvchilar soxta narx-navo ko‘rsatilgan yorliqlar bozorlar ma’muriyati tomonidan yopishtirilganini aytgan. Xaridorlar esa bu tarzda odamlarni aldab, ko‘zbo‘yamachilik qilishni qoralab, o‘z noroziligini bildirgan. “Bozorlarda nima uchun bunday yozuvlar osilyapti? Xalqni aldash uchunmi yoki qog‘ozdagi arzon go‘shtni qidirib, sarson-sargardon bo‘lib yurishi uchunmi? Go‘sht bu narxda sotilmas ekan, bu yozuvlardan nima naf?” deya mutasaddilarni savolga tutadi gazeta.

Farzandini “bozorga olib borilgan qo‘y kabi” sotishga uringan ona ozodlikdan mahrum etildi

Toshkent shahri Sergeli tumanida chaqaloqfurushlik bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi (“Postda”, 29 iyul). Asli qashqadaryolik Aziza Eshqoraeva Toshkentda fohishalik bilan shug‘ullanib yurib, shu viloyatlik usta bilan tanishib qolgan. Ikkisi qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab o‘g‘il farzandli bo‘lgan. Bu orada chaqaloqning otasi ishlash uchun Rossiyaga ketgan. O‘g‘lini ikki yarim yoshgacha parvarishlagan ayol uni sotishdan kelgan daromad evaziga xorijga ketishni rejalashtirgan. “Onasining qo‘lidan ushlab olib, atrofga olazarak boqayotgan Lazizbek esa tuqqan volidasi allaqanday buyum kabi sotib yuborayotgani, go‘yo bozorga olib borilgan qo‘y kabi savdolashilayotganini anglamas edi”, deb yozadi IIB nashri. Shu tariqa A.Eshqoraeva ikki yarim yoshli bolasini 2000 dollarga sotishga urinayotganda huquq idoralari tomonidan qo‘lga olingan. Qayd etilishicha, chaqaloqfurushning qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi ochiq majlisida ko‘rilgan va Aziza Eshqoraevaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jazo tayinlangan.

Farg‘onada IIB xodimini chet el kinolaridagi kabi bosib ketmoqchi bo‘lgan haydovchi jazolandi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi avtomobilь egasi yo‘lda to‘xtatgan IIB xodimiga bo‘ysunmadi, boz ustiga, unga jarohat etkazdi (“Huquq”, 3 avgust). IIB yo‘l harakati xavfsizligi xodimi “Neksiya” avtomobili egasini qoidabuzarligi uchun to‘xtatgan, ammo u bo‘ysunmagan. Shundan keyin IIB xodimi mashinani to‘xtatish uchun kapoti ustiga yotib olgan. Ismi oshkor etilmagan haydovchi esa unga jarohat yetkazib qochib ketgan. Qo‘lga olingach, hujjatidagi kamchiliklar bois IIB xodimiga bo‘ysunmaganini ma’lum qilgan. IIB xodimiga jarohat yetkazgan haydovchiga tegishli jazo berilgan. Qayd etilishicha, huquqbuzar haydovchi xorij filmlaridagi politsiyachidan qochish epizodlaridan ilhomlangan.

XS
SM
MD
LG