Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 21:02

Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, 7 avgustda shahar mahallalari rahbarlari bilan uch soat davomida selektr yig‘ini o‘tkazib, to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha qat’iy tartib joriy etilganini bildirdi. Mazkur yig‘in prezident Mirziyoev ijodkorlar bilan uchrashuvda Toshkentdagi to‘ylarni tanqid qilganidan to‘rt kun o‘tib o‘tkazildi. Shavkat Mirziyoev majlisda qatnashgan Toshkent shahar hokimi va Yoshlar ittifoqi rahbariga to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Gul otishu pul sochish

Selektr yig‘ini ishtirokchilarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, endilikda Toshkent shahrida to‘y-hasham, tantana, marosim va boshqa oilaviy tadbirlarga taklif etilganlar soni 300 kishidan ortmasligi shart.

Bundan buyon yana Toshkentdagi to‘ylarda kelin-kuyovning vals tushishi, pul sochishu gul otish hamda tort kesish taqiqlanadi.

Bu, ba’zi fuqarolar yig‘inlariga tarqatilgan tartibnomada ta’rif berilishicha, "milliylikka zid keladigan odatlardir".

Unga muvofiq, endilikda nikoh to‘ylari, unashtirish, oqo‘rar va fotiha marosimlari birlashtiriladi.

Cheklovlar jumlasiga yana quyidagilar kiritilgan:

- yengil mashinalar sonini cheklash (faqat kelin-kuyovga);

- audio soz-ovozlarni pasaytirish;

- milliy qo‘shiqlarni ko‘paytirish;

- kelin salomni nikoh to‘yi vaqtida to‘yxonaning o‘zida o‘tkazish va turli sovg‘alar berishni yo‘q qilish.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi mahalla yig‘inlari raislaridan biri to‘y va azaga bog‘liq ma’rakalar haqida mahalla fuqarolar yig‘ini xabardor qilinishi shart etib qo‘yilganini bildirdi.

Endilikda o‘zbek to‘ylarida dabdabaga yo‘l qo‘yish taqiqlanadi
Endilikda o‘zbek to‘ylarida dabdabaga yo‘l qo‘yish taqiqlanadi

Nikohni faqat litsenziyali imom o‘qiydi

O‘tkaziladigan tadbirlarda diniy mavzudagi ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, faqat din sohasi vakili, imom-xatib tomonidan ma’ruza qilinishi shart qilib belgilandi.

- Yangi tartibga muvofiq, FHDYo idoralari tomonidan nikohlanuvchi yoshlar ariza topshirish vaqtida yashash joylaridan, mahallalardan ma’lumotnoma olish talab qilinadi. Nikoh faqat ro‘yxatdan o‘tgan imom-xatib tomonidan o‘qilishi kerak, - dedi mahalla raislaridan biri.

Endilikda nikoh to‘ylarida xonadonlardan odob-ahloq qoidalariga, sahna madaniyatiga va tashqi ko‘rinish madaniyatiga qat’iy rioya etilishi ham talab qilingan.

Kelin sepiga kelinlik odobi haqidagi kitoblar

Yangi tartibda kelinlarga qimmatbaho chet el mebellari, gilamlar va boshqa jihozlarning bo‘lg‘usi qaynonalar tomonidan talab qilishiga chek qo‘yilgan.

Kelin sepiga endi bu kabi qimmatbaho buyumlar emas kitoblar beriladi
Kelin sepiga endi bu kabi qimmatbaho buyumlar emas kitoblar beriladi

Shuningdek, sepga kelinlik odobi, kuyovning oilaviy o‘rni haqidagi adabiyotlardan qo‘shish so‘ralgan.

Qiz tomoni beradigan oshni faqat yaqin qarindoshlar (50-100 kishidan oshirmaslik) o‘rtasida o‘tkazish talab qilinadi.

Challar va aqiqa bekor qilindi

Yangi tartibga muvofiq, qovurdoq, challar va quda chaqirish marosimlari bekor qilingan.

Muchal to‘yi va aqiqa marosimini o‘tkazmaslik so‘ralgan.

Ozodlik gaplashgan to‘yxona va salonlar egalari hamda bezatuvchilar yangi tartib haqida hokimiyat vakillari ularni ogohlantirishganini bildirdilar.

O‘zbekistonda to‘ylarni ixchamlashtirish harakati sobiq prezident Islom Karimov davrida boshlangandi.

2012 yilning aprel oyida Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashi "To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlar xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida" qaror qabul qilgan edi.

Biroq kutilgan samaraga erishilmadi.

To‘ylardagi isrof va dabdabaga endi prezident Shavkat Mirziyoev qarshi kurashmoqchi.

XS
SM
MD
LG