Линклар

Шошилинч хабар
06 декабр 2019, Тошкент вақти: 20:52

Andijonda pul jo‘natmalarini olish uchun kuniga 8-10 soatdan navbat kutishmoqda


Infinbank ning Andijon viloyati filiali

Andijon viloyatidagi banklarda xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini olish qiyinlashdi. Banklar oldidagi yuzlab odamlar navbatini ko‘rgan guvohlarning aytishicha, pulni olish uchun 8-10 soatdan navbatda turishga to‘g‘ri kelyapti. Bank rasmiylari, yuzaga kelgan holatni tasdiqlar ekan, buning sababi Toshkentdan valyutaning kam berilayotgani va pul jo‘natmalari soni ko‘payib ketganligi bilan bog‘liqligini aytdi.

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida yashaydigan Akmalning Ozodlikka yozishicha, u Rossiyadan akasi yuborgan pulni olish uchun uch kun ovora bo‘lgan:

“Akam oyimni davolatish uchun juma kuni pul yuborgan edi. Uni olish uchun bankka chiqsam, ishlamayapti ekan. So‘rasam, “ertaga obedgacha ishlaymiz, ertaga keling”, deb aytishdi. Shanba ertalab yana bankka chiqdim. Bank ichkaridan qulflangan, lekin odamlar navbat olib kutib turgan ekan. Bir soatlardan so‘ng ichkaridan bir odam chiqib, “bugun bank ishlamaydi, boringlar, ketinglar”, dedi. Keyin Andijon shahriga bordim. Necha bankni aylanib chiqqan bo‘lsam, birortasi ishlamas ekan”, deb yozdi Akmal Ozodlikka yakshanba kuni yozgan xabarida.

Ipak yo‘li bankining Andijon viloyati filiali
Ipak yo‘li bankining Andijon viloyati filiali

Akmal dushanba kuni Ipak yo‘li bankining Andijon shahar filialida 10 (!) soat navbatda turib, pulni olishga muvaffaq bo‘lganini aytdi:

“Dushanba kuni ertalab soat ettilarda borsam, allaqachon yuzlab odam navbatda turibdi ekan. Keyin navbat qog‘ozini ko‘rsam, 500 odam yozilgan ekan. Ertalab soat ettidan beshgacha navbatda turib, o‘n soat deganda zo‘rg‘a oldim”, deydi Akmal.

Andijon shahrida yashaydigan Ozodlik mobil muxbiri jazirama issiqda odamlarning pul ololmay sarson bo‘layotganini to‘rtta bankda kuzatgan:

- Hamkorbank, Infinbank, Agrobank, banklarining barchasini aylanib chiqdim, barchasida tumonat odam. Odamlar tashqarida daraxtlar ostidagi o‘tning ustida uxlab yotishganini ham ko‘rdim. Onaxonlar, yosh bolali ayollar ham bor edi. Ipak yo‘li bankida besh yuzdan ortiq odam, Infinbankda ikki yuztacha odam bor edi. Men ham ertalab navbatda turganimcha, kechqurun soat oltilarda pulni olishga ulgurdim, deydi mobil muxbir.

Ipak yo‘li bankining Andijon viloyati filialida odamlar navbat kutmoqda
Ipak yo‘li bankining Andijon viloyati filialida odamlar navbat kutmoqda

Infinbank ning Andijon viloyat filiali mutaxassisi Farruxbek xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini olish uchun yuzlab odamlar navbatda turganini Ozodlikka tasdiqladi:

- Buning ikki sababi bor. Birinchidan, yoz paytida mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari ko‘payib ketadi. Shuning uchun pul oluvchilar ham ko‘payadi. Ikkinchidan, hozir jo‘natmani olish uchun rayonlardan shaharga keluvchilar ko‘payib ketdi, sababi, tijorat banklarining tumandagi filiallari jo‘natmalar berishni to‘xtatgan. Shuning uchun ham hamma shaharga yopirilib kelmoqda, dedi bank mulozimi.

Ipak yo’li banki Andijon viloyati filialining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi so‘zlariga ko‘ra, bunday holatning yuzaga kelishi naqd valyutaning Toshkentdan kam yuborilayotgani bilan bog‘liq:

“Hozir tijorat banklari valyuta yetkazib berolmay qoldi. Shuning uchun valyuta tumanlarga emas, faqat shaharlardagi filiallarga berilyapti. Buning yechimini xalqaro jo‘natmalar shirkatlari bilan shartnoma tuzgan tijorat banklari topishi kerak”, deydi mulozim.

Ozodlik muammoni, bugun, birgina Andijon viloyati misolida o‘rgandi. Siz yashayotgan viloyatda vaziyat qanday? Pul jo‘natmalarini o‘z vaqtida ololyapsizmi? Bu haqda Ozodlikka xabar qiling.

O‘zbekistondan xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini olishda muammo paydo bo‘lishi ilgari ham ko‘p kuzatilgan.

Bir oy avval Ozodlik Samarqand shahrida odamlar xorijdan yuborilgan pul jo‘natmalarini o‘z vaqtida ololmay, sarson bo‘layotgani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonliklar Rossiyadan pul jo‘natish bo‘yicha MDH vatandoshlari orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Rossiya Markaziy banki hisobotiga ko‘ra¸ 2016 yil davomida o‘zbekistonliklarning vataniga yuborgan jami mablag‘i 2 milliard 741 million dollarni tashkil etgan.

O‘rtacha hisobda¸ Rossiyada mehnat qilaëtgan har bir o‘zbekistonlik o‘tgan yilda oyiga 279 dollar pul yuborgan.

XS
SM
MD
LG