Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:18

Dollar arzonladi, go‘sht qimmatladi, benzin taqchillashdi


O‘zbekiston “qora bozori”da dollar kursining tushishi, go‘sht narxining keskin tarzda ko‘tarilishi va benzin taqchilligi shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayotgan mavzularga aylangan. "Qora bozori"da o‘tgan oyda 8500 so‘mgacha sapchib ketgan 1 AQSh dollari 11 avgust kuni 7850 so‘mga tushdi, lahm go‘shtning kilosi esa 40 ming so‘mdan oshdi. Mamlakat bo‘ylab benzin taqchil, haydovchilar uning litrini 4 ming so‘mdan olishga majbur bo‘lmoqda.

Dollar

O‘zbekiston "qora bozori"da bir AQSh dollari olti oy avvalgi darajaga tushdi.
O‘zbekiston "qora bozori"da bir AQSh dollari olti oy avvalgi darajaga tushdi.

​O‘zbekistonda so‘nggi oylarda tinmasdan ko‘tarilib kelgan AQSh dollari avgust boshidan tusha boshladi.

O‘tgan oy 8300-8500 so‘m orasida bo‘lgan AQSh dollari so‘nggi bir necha kun ichida 8 ming so‘mlik dovondan pastlab, 7700 so‘m​gacha tushdi.

Toshkentning Chorsu bozorida 11 avgust kuni bir AQSh dollari 7780 so‘mdan olindi, 7850 so‘mdan sotildi.

- Uch kun oldin 7700ga ham tushgandi, bugun ozgina ko‘tarilib, dollar o‘zini joyini topdi, deb umid qilyapmiz, - deydi Chorsu bozoridagi sarroflardan biri.

Iqtisodiy tahlilchilar ham, oddiy odamlar ham dollarning arzonalishishi sabablarini ayta olishmadi.

Ijtimoiy tarmoqda esa bu borada turlicha fikrlar bildirilyapti.

Kimdir dollarning tushishini mavsumiy omillarga bog‘lasa, boshqalar mamlakatda GM avtomobillarining so‘mda sotila boshlaganini bunga sabab qilib keltirishadi.

- Chunki avtomobillarni xarid qilish uchun so‘m topishlari kerak. Ular dollarda jamg‘arib qo‘ygan pulini so‘mga aylantirishga majbur bo‘lishyapti, buning oqibatida so‘mga talab ortayapti, - deb yozdi Facebook tarmog‘idagi Potrebitel uz guruhining Ulug‘bek Safoev ismli foydalanuvchisi.

O‘zbekistonda dollar tushishi mavsumiy ekanini aytayotganlar ham ko‘p.

– “Qora bozor”da har yili avgust oyida shunday tushish bo‘ladi. Ataylabdan bozorga katta miqdorda dollar tashlashadi, odamlar qo‘lidagi naqd so‘mlarni yig‘ishtirib olish uchun qilinsa kerak bu, keyin yana ko‘tariladi, - deydi Facebook tarmog‘idagi Potrebitelь uz guruhining Gulruh ismli foydalanuvchisi.

Go‘sht

Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayotgan mavzulardan yana biri go‘sht narxi ko‘tarilayotganidir.

O‘zbekiston bozorlarida go‘shtning kilosi 40 ming so‘mdan tepada.
O‘zbekiston bozorlarida go‘shtning kilosi 40 ming so‘mdan tepada.

“Qora bozor”da AQSh dollari tushganiga qaramay, bozorda narx-navolar ko‘tarilmoqda. 1 kilo suyakli mol go‘shti shu kunlarda 29-34 ming orasida, lahm go‘sht esa 40 ming so‘mdan oshib ketgan.

Go‘sht narxi oshishini mahalliy hokimiyatlarning go‘sht narxini 29 ming so‘mdan oshirmaslik haqidagi qarorlari ham to‘xtatib qololmayapti.

Jizzaxlik haridorlardan birining Ozodlikka aytishicha, bozorlardagi narxlar ro‘yxatida bir kilo go‘sht 29 ming so‘m qilib yozib qo‘yilgan, lekin bunday narxda bozorda go‘sht yo‘q.

- 35-40 ming so‘m. Hokimyatdan tekshirib kelsa 29 mingdan sotyapmiz, deydi. Lekin aslida yaxshi go‘sht olaman desangiz 40 ming so‘m, - deydi jizzaxlik haridor.

O‘zbekistonning ayrim bozorlarida esa, qassoblar o‘z mahsulotini hokimiyat belgilagan narxda sotishdan bosh tortmoqda va go‘sht kamayib ketgan.

O‘zbekistonning ayrim bozorlarida go‘sht olish uchun uzundan-uzoq navbatlar yuzaga kelgan.

- Prezident yoki hokimiyatdan kimdir kelsa narxni tushirishadi, ketishi bilan ko‘tarishadi, - deydi Toshkentning Yunusobod tumanida yashovchi nafaqaxo‘r Shoira Saidbekova.

"Президент келишига гўшт 26 минг сўмдан сотила бошлади"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:12 0:00

Andijonning Eski shahar bozorida go‘sht va go‘sht maxsulotlari bilan savdo qiluvchi tadbirkor Bunyodbekning Ozodlikka aytishicha, hokimiyatning go‘sht narxini 29 ming so‘mdan oshirmaslik to‘g‘risidagi talabini bajarish uchun sotuvchilar mahsulot sifatini shu narxga moslagan.

- Hozir go‘sht hokimning qarori bilan 29 ming so‘mdan sotilyapti, odamlar bundan norozi, chunki olayotgan go‘shtini suyakli, yog‘li qismi ko‘paydi. Shu 29 ming so‘mlik bir kilo go‘shtning yarmi suyak va yog‘. Oddiy qilib aytganda odamlar 29 ming so‘mga yarim kilogina go‘sht olyapti. Undan ko‘ra, avvalgiday 40 ming so‘mga lahm go‘sht olganimiz yaxshi edi, deyishadi ular. Go‘shtni hokimiyat arzonlatdi, sotuvchilar sifatini shunga mosladi, - deydi andijonlik tadbirkor.

Benzin

Shu kunlarda respublikaning deyarli barcha viloyatlarida, hatto Toshkent shahridagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin yo‘q.

Internet ijtimoiy tarmoqlarida AYoQShlar yaqinida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelgani aks etgan fotosuratlar ko‘paygan.

Benzin zapravkalari oldida navbatlar kundalik manzaraga aylangan
Benzin zapravkalari oldida navbatlar kundalik manzaraga aylangan

Ba’zi yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin tijoriy narxlarda sotilayotgan bo‘lsa-da, Toshkent shahrida haydovchilar uzundan-uzun navbatlarda qolib ketayotganlaridan norozilar.

Andijonlik haydovchilar viloyatdagi avtomobilga yonilg‘i quyish shoxobchalarining birontasidan benzin topishning iloji bo‘lmayotganini aytishadi

- 2800 so‘mlik benzin yo‘q hisob. Hamma 4000 so‘mdan qo‘ldan olyapti. 4000 so‘mga ham aralashtirilgan benzin. Zapravkalar hammasi yopiq. Ayrimlarida kechqurun 2800 so‘mdan chiqib qolishi mumkin, lekin yo‘qolib qoladi. Hozir 10ta zapravkaga bordim, hammasida yo‘q, - deydi andijonlik haydovchilardan biri.

Zapravkalardagilar haydovchilarga yaqin orada benzin bo‘lmasligini, mashinalarni esa gazga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda.

Poytaxt Toshkentda esa haydovchilar zapravkalarda benzin olish uchun kutib qolayotganliklaridan nolishmoqda.

- Bugun Yunusobodda benzin olish uchun to‘rt soat kutdim. 2800 so‘mlik benzin kechqurun 6 gacha tugab qolyapti, - deb yozdi Facebook tarmog‘ining Voditeli Tashkenta guruhidagi Tohir ismli foydalanuvchi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda AYoQShlarda benzin taqchillashishi odatiy holga aylandi.

“O‘zbekneftmahsulot” shirkatidagilar esa buni benzinga talab ko‘pligi bilan izhlashadi.

- Endi mashina ko‘p, ko‘ryapsizku, har oyda o‘ttiz mingtadan mashina chiqyapti, yiliga yarim millionga yaqin mashina ko‘paymoqda. Hammasi benzin olavergandan keyin tugaydi-da. Bu o‘lchovli narsaku, - degan Ozodlik bilan suhbatda “O‘zbekneftmahsulot” shirkati mulozimi.

XS
SM
MD
LG