Линклар

Bosh vazir tanqididan so‘ng telekanallarda jonli efir to‘xtatildi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Jonli efirga berilmagan dasturdan surat

O‘zbekiston telekanallaridagi informatsion dasturlardan boshqa ko‘rsatuvlarni jonli efirda berish to‘xtatildi. Jonli efiri to‘xtatib qo‘yilgan ko‘rsatuv mualliflaridan birining Ozodlikka aytishicha¸ 21 avgustdan boshlab ko‘rsatuvlar oldin yozib olinib, muharrir nazoratidan o‘tgachgina, efirga qo‘yilmoqda.

Keyingi paytlarda MTRKning yetakchi kanallarida informatsion dasturlardan tashqari "Munosabat", "Xalqaro press-klub", "Uchburchak" kabi tok-shoular jonli efirda yoyinlanayotgan edi.

Shu paytgacha jonli tarzda namoyish qilinib kelgan Xalqaro press - klub ko‘rsatuvlarining so‘nggi uch soni odatdagi vaqtida efirga uzatilmadi. Yozib olingan so‘nggi 3 dasturning efirga qachon berilishi ham hozircha noma’lum. Shuningdek, "O‘zbekiston" telekanalidagi "Munosabat" ko‘rsatuvi ham jonli efir setkasidan olib qo‘yilgan.

“Munosabat” ko‘rsatuvning yozib olingan varianti seshanba kuni namoyish qilingan. Telejurnalist Quddus A’zam boshlovchiligidagi bu ko‘rsatuv har haftada 4-5 marta jonli efirda uzatilib kelayotgan edi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Bosh vazir Abdulla Aripov va davlat maslahatchisi Hayriddin Sultonov ishtirokidagi majlisda "jonli efirga nuqta qo‘yilgan".

O‘zbekiston MTRK Media markazida 21 avgust kuni MTRK jurnalistlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov “jonli efir” to‘xtatilganini aytib¸ jonli efirda yo‘l qo‘yilgan nuqsonlari uchun MTRK rahbari Bobir Alixonovga hayfsan bergan edi.

Bu yig‘ilishda ishtirok etgan, ismi sir qolishini so‘ragan jurnalistlardan birining aytishicha,“Bosh vazir “bundan keyin hech qanday onlayn-ponlayning bo‘lmaydi, qisib ishlaysan hammang. Onlaynni efirga yaqinlashtirmaysan, har bir ko‘rsatuvni efirga berishdan oldin Xayriddin Sultonov bilan maslahatlashasan”, deb aytgan.

Ozodlik suhbatdoshi bo‘lgan o‘zbekistonlik jurnalist ”jonli efirdagi ko‘rsatuvlar siyosiy taqiqqa uchradi” deb ta’kidlayotgan bir paytda¸ Sherzod Qudratxo‘jaevning o‘zi ijtimoiy tarmoq orqali tomoshabinlariga murojaat qilib «Xalqaro press-klub o‘z faoliyatini tugatgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi.

"Press-klub o‘z rejasi bo‘yicha ishlashda davom etadi, ammo ba’zi texnik sabablarga ko‘ra, hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga chiqishi to‘xtatilgan" deb yozdi Qudratxo‘jaev.

Xalqaro Press-klub tashkilotchilridan biri Ozodlik bilan bog‘lanib 23 avgust kuni O‘zMTRK Media markazida Xalqaro Press-klubning navbatdagi majlisi yozib olingani va jonli efirga berilmaganini aytib fotosuratlar yubordi. Suratlarda ko‘rsatuv ishtirokchilari, jumladan Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov​ni ko‘rish mumkin.

Jonli efirga uzatilmagan bu ko‘rsatuvda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati ishtirok etib, jurnalistlar bilan muloqot olib borgan.

Press-klubda o‘tkazilgan matbuot anjumanining boshlanishida XPK raisi Sherzodxon Qudratxo‘jaev Press-klub faoliyatiga oid eng so‘nggi yangiliklar (Aripov ishtirokidagi majlis) tushuntirish bergan.

O‘z tushuntirishida Qudratxo‘jaev press-klub faoliyatida “formatdan chiqish yuz berganini” tan olgan.

TVda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan ko‘rsatuvlari jonli efirdan olib tashlangan boshlovchilar Quddus A’zam va Sherzodxon Qudratxo‘jaevlardan, telekanallar rahbarlaridan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Jonli efir ko‘zgusida ko‘ringan "qiyshiq" manzaralar

Joriy yilning aprelida O‘zbekiston Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tib ish boshlagan Xalqaro press-klub shu paytgacha jonli efirda tok-shou formatida o‘nlab ko‘rsatuvlarni efirga uzatdi.

Bu ko‘rsatuvlarning birida senator Svetlana Ortiqova o‘qituvchi va hamshiralarni shanbalika jalb qilishni deyarli oqlaganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiga nishon bo‘lgan edi. “Munosabat” ko‘rsatuvning jonli efirdagi sonlaridan birida “Qadimiy obidalarni himoya qilyapmiz” deya ta’kidlagan qashqadaryolik deputat Dilfuza Jalilovaning ko‘zini qisgani ham butun respublika bo‘ylab mutoibaga sabab bo‘ldi.

Akmal Rizaev taxallusi bilan bloglar yozadigan toshkentlik blogerga ko‘ra¸ aynan jonli efir “mulozimlarni fosh qilish” uchun eng ma’qul format:

- Bu deputat madaniy obidalarni asrash bo‘yicha qo‘mita a’zosi. Unga obidalarni asrash masalasida necha marta murojat qilgan bo‘lsam ham javob ola olmagandim. O‘zbekistondan o‘g‘irlab olib chiqib ketilgan Chashmai Ayyub maqbarasi bo‘lagi borasida deputatlarning roli haqidagi savolga Oliy Majlis deputati Dilfuza Jalilova "Bor, bor, bor rolimiz" deya javob qaytarib partiyadoshlari tomon yuzini burib ko‘z qisib qo‘ydi. Jonli efir bois bu deputatning qadimiy obidalarga befarqligi oshkor bo‘ldi¸ deydi bloger.

"O‘zbekiston 24" kanalida ishlaydigan jurnalistning Ozodlikka aytishicha¸ “shu kabi yumoristik holatlar efirga chiqib ketmasligi va davlat rahbarini ortiqcha maqtab yuborishga chek qo‘yish maqsadida jonli ko‘rsatuvlar to‘xtatilgan”.

Ayni paytda «O‘zbekiston 24» kanalidagi informatsion ko‘rsatuvlar jonli efirda ketishda davom etmoqda dedi jurnalist.

***

Yuqoridagi maqola e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tgach,

ayrim mahalliy nashrlar O‘zMTRKdagi o‘z manbalariga tayanib, ko‘rsatuvlar jonli efirga qaytajagi to‘g‘risida xabar qildi.

"O‘zbekiston" telekanalidagi manbaning ma’lum qilishicha, jonli efirdagi ko‘rsatuvlar namoyishi vaqtincha — efir bayram dasturlari bilan to‘lib ketgani munosabati bilan to‘xtatilgan. Sentabr oyida shu kungacha jonli efirda chiqqan ko‘rsatuvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga qaytadi",- deb yozdi daryo.uz sayti.

XS
SM
MD
LG