Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2019, Тошкент вақти: 17:38

Ukraina mustaqilligi kunida o‘tkazilgan harbiy paradda AQSh mudofaa vaziri ishtirok etdi


AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis va Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Kievda matbuot anjumani o‘tkazdi. 2017 yil, 24 avgust.

AQSh mudofaa vaziri Jeyms Mettis Ukraina mustaqilligi kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda ishtirok etish hamda prezident Petro Poroshenko va mudofaa vaziri Stepan Poltorak bilan uchrashish uchun Kievga xizmat safari bilan keldi.

Kuni kecha Ukraina va mamlakat sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar yangi o‘quv yili arafasida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.

Mettis va boshqa xorijiy davlatlar mudofaa vazirlari ishtirok etgan harbiy paradda so‘zga chiqqan Poroshenko: “Ukraina agressor hujum qiladigan bo‘lsa, shiddatli harbiy javob qaytarishga tayyor”, dedi. Bu bilan Poroshenko Moskva va ayirmachilarni yanada ko‘proq hudud egallab olish oqibatlaridan ogohlantirdi.

Ammo prezident Ukraina “prioriteti Donbass va Qrimni qaytarib olish uchun tinch, diplomatik, siyosiy va qonunga asoslangan yo‘l” ekanligini ta’kidladi.

“Hamkorlarimizga ishonaman”, deya so‘zini davom ettirdi prezident. Poroshenko Britaniya, Gruziya, Estoniya, Kanada, Latviya, Litva, Moldova, Polsha, Ruminiya hamda AQSh mudofaa vazirlariga paradda ishtirok etayotganlari uchun rahmat aytdi.

2015 yilning fevralida Ukraina sharqida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Minskda erishilgan tinchlik bitimiga to‘liq amal qilinmay kelinadi.

BMT hisoblariga ko‘ra, 2014 yilning aprelidan beri Ukraina sharqida kamida 10 090 kishi, jumladan, 2 777 oddiy fuqaro halok bo‘lgan. Kamida 23 966 odam esa jarohat olgan.

Bayram arafasida AQSh prezidenti Donald Tramp Poroshenkoga tabrik maktubi yubordi.

Ukraina prezidenti saytida yozilishicha, Tramp AQSh Ukrainaning suverenligini va birligini hamda chinakam Yevropa davlatiga aylanishga qaratilgan harakatlarini qo‘llashini bildirgan.

Mettis Poroshenko bilan 23 avgust kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida: “Rossiyaning Qrimni egallab olganini tan olmaymiz, olmaymiz ham. Rossiya buni rad etsa-da, xalqaro chegaralarni kuch ishlatib qayta chizmoqchi ekanligini, bu bilan suveren va mustaqil Yevropa davlatlarini zaiflashtirmoqchi ekanligini bilamiz. Rossiya Minsk tinchlik bitimini qabul olganida o‘z obro‘sini o‘rtaga qo‘ydi. Kelishuv zudlik bilan o‘q otishni to‘xatishga, og‘ir harbiy texnikani olib chiqib ketishga hamda Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti faoliyatiga to‘sqinlik qilmaslikka chorlaydi”, dedi.

Sharqiy Ukrainadagi qurolli mojaroga chek qo‘yish urinishlari bo‘yicha AQSh maxsus elchisi etib tayinlangan Kurt Volker ham hozir Kievda.

O‘tgan oyda Volker Ozodlik radiosining Current Time TV telekanali bilan suhbatda Tramp ma’muriyati Kiev o‘zini Rossiya dastaklayotgan ayirmachilardan himoya qila olishi uchun Ukrainaga qurol-aslaha yuborish haqida o‘ylayotganini aytgan edi.

Volker Ukrainaga qurol berish Rossiyani allaqachon qilayotgan ishlaridan ko‘proq chora ko‘rishga majburlamasligini aytdi.

6 avgust kuni AQSh matbuoti Pentagon Ukrainaga 50 million dollarli qurol-aslaha yuborishni tavsiya qilayotgani haqida yozdi.

Xabarlarga ko‘ra, yuboriladigan qurol-aslahalar orasida tanklarga qarshi Javelin raketa tizimlari ham bo‘ladi. Kiev ayirmachilar boshqaruvidagi hududlardagi zirhli transport vositalariga qarshi kurashish uchun aynan shunday tizimlar kerak ekanligini aytib keladi.

Ayni damda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Ukraina sharqida to‘qnashayotgan taraflar o‘quv yili boshlanishidan avval o‘q otishni to‘xtatishga kelishib olganini bildirdi.

YeXHTning Ukraina bo‘hroni bo‘yicha vakili Martin Saydik 25 avgust tunida o‘t ochish to‘xtatilishini bildirdi.

Poroshenko o‘t ochishni to‘xatish taklifini 22 avgust kuni Lugansk viloyatida qayta ta’mirlagan musiqa teatri ochilishida bildirgan edi. Prezident bu bilan Kiev tinchlik tarafdori ekanligini ko‘rsatishni istashini aytdi.

AQSh hamda Yevropa ittiqofi joriy qilgan sanktsiyalar Rossiyani ayirmachilarni qo‘llashni bas qilishga yoki Minsk kelishuvi bo‘yicha o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishga unday olgani yo‘q.

Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi, Suriyadagi urush hamda Moskvaning AQSh prezidenti sayloviga aralashuvi ortidan Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalar Sovuq urush yillaridagidek sovub ketgan.

XS
SM
MD
LG