Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:39

Qurbon hayiti namoziga bolalarning kirishi avvalgi yillardan biroz erkin bo‘ldi


Ozodlik mobil muxbirlarining xabar berishicha, O‘zbekiston masjidlarida 1 sentabr kuni o‘qilgan Qurbon hayiti namoziga bolalarning kirishi avvalgi yillarga nisbatan erkinroq bo‘lgan. Ammo, aksariyat viloyat masjidlarida har yilgidek bolalar namozga qo‘yilmagan. Namozxonlar bu yil militsiya xodimlaridan nazoratchilar kamroq qo‘yilganini aytishadi.

Ўзбекистонда Қурбон ҳайит намози ўқилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:46 0:00

​Qurbon hayiti munosabati bilan poytaxt Toshkentda jamoat transporti ertalabki soat 04:00 dan boshlab ishlay boshladi.

Erta tongdan o‘zbekistonlik musulmonlar Qurbon hayiti namozini o‘qish uchun masjidlarga yo‘l oldi.

Balog‘at yoshiga yetmagan farzandlarini o‘zi bilan birga masjidga olib borgan otalarning ba’zilari bolalarga qo‘yilgan taqiq yumshaganini aytayotgan bo‘lsa, ba’zilari farzandlarini ortga qaytarishga majbur bo‘lgani haqida aytdilar.

Toshkentning Yashnobod tumanidagi Abu Bakr jome’ masjidida Hayit namozini o‘qigan 70 yashar Abduqahhor Musaevning aytishicha, bu safar bolalarning masjidga kirishi bemalol bo‘lgan:

- Bu yil bulturgiga qaraganda bemalolroq bo‘ldi. Melisalar ham avvalgiday ko‘p emas. Bolalarni masjidga kiritilmaganini ko‘rmadim, deydi Abduqahhor Musaev.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilari ham Toshkentning aksar masjidlarida bolalarning Hayit namoziga kirishi erkin bo‘lganini yozdilar:

"Hasti imom" jome’ masjidiga yosh bolalar hech qanday muammosiz kiritilyapti. Agar boshqa yerda imkoni bo‘lmasa, farzandingiz bilan shu yerga keling", deb yozdi namozxonlardan biri.

Ammo, Toshkentning hamma masjidiga bolalar kiritilmagan.

"Bizlarning Eshonguzar mahallasidagi jome masjidga bolalar umuman qo‘yilmadi"

"Qorasuvda boshida kiritishmadi. Nazorat punktini yonida bechora bollar qarab turishdi. Keyin otsepleniya joyigacha saf to‘lib kelganidan keyin nachora mentlar xammani qo‘yib yuborishdi"

"Ba’zi joylarda bolalar masjid hovlisiga kiritilmadi, lekin ko‘chada masjid tashqarisida bemalol! Masjid kichkina edi, odam to‘lib qoldi", deb yozadi Feysbuk foydalanuvchilari.

O‘zbekiston viloyatlarida bolalarning masjidga qo‘yilishi masalasida ikki xil holat kuzatilgan:

"Andijon shahrining Imomi A'zam (Piyozpoya) masjidida maktab va kollej bolalari masjid ichiga kiritilmadi. Yarim soat tortishdik, foyda bo‘lmadi. Narigi tomondagi maxallaga to‘plashdi bolalarni. Kiritmaymiz, topshirik shunaka bulgan deb turib olishdi"

"Namanganda, Mingchinor masjidida yosh bolalar bilan juda ham fayzli bo‘ldi"

"Qo‘qonda ham qo‘ymadi, afsus!"

"Bizda, Andijondagi G‘ishtli masjidida har doimgidek yosh bolalar militsiya tomonidan masjidga kiritilmadi"

"Asakada melisalar bolalarni to‘xtatib qolishayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim", deb yozadi Hayit namoziga chiqqan o‘zbekistonliklar.

"Oq kallapo‘shlar yechib olindi!"

Surxondaryolik Ozodlik mobil muxbirining xabar berishicha, Sherobod tumanida hayit namozini nazorat qilish avalgi yillardagidan qattiqroq bo‘lgan:

"Yangi Imom Termiziy masjidiga bordik O‘zbekistonnig turli viloyatlaridan odamlar keldi. Lekin, bolalar, hattoki yoshroq ko‘ringan o‘smirlar ham kiritilmadi. Yana oq kallapo‘sh kiyganlar echib olindi, bu tadbirlarga tuman ichki ishlar bo‘limi o‘rinbosari. podpolkovnik Bahrom aka boshchilik qildi", deb xabar beradi mobil muxbir.

"So‘nggi 12 yilda Marg‘ilonda ilk bor bolalar erkin namozga kirdi"

Marg‘ilonlik ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, u va boshqa namozxonlar bolalarning Hayit namoziga qo‘yilganidan juda xursand bo‘lgan:

- Bugun so‘nggi 10-12 yilda nihoyatda xursand bo‘ldik. Hech kim bolalarning oldini to‘smadi. Masjid bolalar bilan yanada go‘zal ko‘rinar ekan. Buni ko‘rib hamma xursand bo‘ldi. Namozni ham xursandlik bilan ado etdik, deydi marg‘ilonlik tadbirkor.

"Avval melisa bosib ketardi"

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashaydigan Zoirjon ham bu safargi Hayit namozida militsiya xodimlari deyarli bo‘lmaganini aytdi:

- Bundan bir yil oldin ham Qurbon hayiti kuni masjid oldini militsiya xodimlari va GAI bosib ketardi. Bu yil ular yo‘q, faqat uchastka noziri va posbonlar turibdi, xolos. Bolalarni masjidga kirishiga ham hech kim to‘sqinlik qilmadi, deydi Zoirjon.

XS
SM
MD
LG