Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:30

Ota-onalar farzandlariga maktab formasi sotib olishga majburlanmoqda


Andijonning Paxtaobod tumanida maktablar o‘quvchilarga yangi maktab formalarini sotib olishnitalab qilmoqda. Maktab rahbarlari ota-onalarni chaqirtirib, formani faqat maktabdan olishlari kerakligini uqtirgan. Talabni rad qilganlarning farzandlariga maktab kitob bermasligi haqida ogohlantirgan.

Paxtaobod tumanida yashovchi to‘rt farzandning onasi Latofat opa maktab formasi qimmatligi sabab bu yilgi o‘quv yilida katta o‘g‘il-qizlaridan qolgan formalar bilan kichiq farzandlarini kiyintirmoqchi edi.

Lekin, maktab rahbariyati undan farzandlariga yangi forma olib berishni va ularni faqat maktabdan sotib olishni talab qilgan.

- “Avval forma olasiz keyin kitob", deb shart qo'yilyapti. Bular mahalliy chevarlarga formani arzon tiktirib, 150 ming so‘mdan majburlab sotib, pul qilishyapti. Meni to‘rtta farzandim bor, har biriga forma sotib olib berishga qurbim yetmaydi, - deydi Latofat opa.

Ozodlik mazkur xolat yuzasidan izoh so‘rab Andijon valoyat xalq ta’limi boshqarmasiga bog‘langanida telefon go‘shagini ko‘targan mulozim har bir maktabning o‘z ichki tartib-qoidalari borligi va ularni har bir maktab ota-onalar bilan kelishib qabul qilishini aytdi.

- O‘quvchilar qanaqa formada kelishini maktablarni o‘zlari belgilaydi. Masalan o‘quvchi qora shimda kelishi kerak, desa siz bolaga moviy rangda shim tiktirib bersangiz qoida buziladi. Bu masalani ota-onalar maktablar bilan hal qilishi kerak. Agar forma ota-onalarga qimmatroq bo‘layotgan bo‘lsa ularni 50 foizini kredit hisobida to‘lash masalasi ham ko‘rilyapti. Formani olayotgan paytda 50 foizini, qolgan qismini o‘quv yili davomida to‘lash tartibi ham muhokama qilinyapti, - dedi mulozim.

Yagona maktab formasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev o‘tgan oy mamlakatda ta’lim sohasiga oid yig‘inda so‘zlagan nutqida mamlakatda o‘quvchilarning maktab formasini joriy etishni taklif qilgan edi.

"Bizning o‘zbek mentaliletini hisobga olgan holda, maktablar va kollejlarga yagona forma joriy etish lozim. Forma bilan maktab o‘quvchisining ma’naviy dunyosi, madaniyati, mas’uliyati o‘zgaradi. Bizning jamiyatimizda g‘arib va boy kiyingan maktab o‘quvchilari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Bu kabi vaziyatlar ma’naviyatni emas, nafratni uyg‘otadi. Aynan mana shu illatni biz tag-tomiri bilan sug‘urib tashlashimiz kerak", — degan edi Mirziyoev mamlakatda ta’lim sohasida islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘inda.

Mirziyoev shuningdek, ota-onalar bolalarga kiyim xarid qilar ekan, bu kiyimlar aksariyat hollarda sifatsiz materiallardan tikilayotganini qo‘shimcha qilgan.

"Oqibatda, aholi pullarni havoga sovurmoqda. Aynan mana shu holat meni umuman qoniqtirmayapti", — degan prezident va adolatli, teng huquqli jamiyat qurish kerakligini qo‘shimcha qilgan.

O‘zbekistonda maktab formasi qanday bo‘lishi va qachondan joriy etilishi ma’lum emas.

Bir bolani maktabga tayyorlash 200 dollar bo‘lyapti

Ayni paytda 2016-2017 o‘quv yili yaqinlashar ekan aksar ota-onalarning o‘y-hayoli shu kunlarda maktab yoshidagi farzandlariga o‘quv qurollari va maktab formasi sotib olish bo‘lib qolmoqda.

Toshkentda yashovchi to‘rt farzandning onasi Mashhura opa ushbu o‘quv yilida bir farzandni maktabga uzatish uchun, ya’ni kiyim-bosh, portfel, daftar-qalam va darsliklar xaridi uchun 200 dollarga qadar chiqim qilganini aytadi.

- O‘rtacha sifat portfel 500 ming so‘m. 800 ming so‘mga ham bor. Maktab formasi 200-300ming so‘m atrofida. Bitta forma bilan ish bitmaydi. Kamida uchtani olish kerak. Bundan tashqari oyoq kiyimi bor, sport kiyimi bor. Kanselyariya ashyolarini o‘zi 500 ming so‘mdan oshyapti. Meni hisobim bo‘yicha, hali bunga ko‘p narsa kirmagan, bir bolani maktabga tayyorlash200 dollarga tushyapti, - deydi Mashhura opa.

Bundan tashqari, ota-onalarni o‘qish boshlanganidan so‘ng boshqa xarajatlar kutmoqda.

- Asosiy xarajat maktab boshlanganidan keyin bo‘ladi-da. Maktabni ta’mirlashdan tortib, turli bayramlarda o‘qituvchilar uchun sovg‘a-salomlar xarid qilish uchun pul beriladi. Umumiy hisobda bu “ortiqcha” xarajatlar bir bolaga ming dollardan oshadi. Shu pulni ham maktab boshlanmasidan jamg‘arib qo‘yish kerak bo‘ladi, - deydi Mashhura opa.

Bu narxlar poytaxt Toshkentga taalluqli.

Viloyatlarda maktab xarajatlari kamroq, lekin oilalarning daromadi ham poytaxtdagiga qaraganda ancha past.

Olti yoshli o‘g‘lini maktabga tayyorlayotgan xorazmlik Muhabbat opa esa bolasini maktabga joylash uchun 2 million so‘m sarflaganini aytadi.

- Yaxshiroq maktabga joylash uchun 2 million so‘m berishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiroq maktabda o‘qisin deyapmiz. Prezidentimizning o‘quv qurollari solingan maktab sumkalarini oldik, shu ham katta yordam bo‘lyapti ota-onalarga, - deydi Muhabbat opa.

Farzandlari katta sinfga boradigan ota-onalarning harajatlari esa o‘ziga yarasha.

- Boshqalar qatori kiyintirmasangiz ko‘ngli o‘ksiydi. Boshqalardan kam bo‘lmasin, deb qimmatroq bo‘lsa ham kiyim-bosh olib beramiz. Bola katta bo‘lgan sayin maktab harajati ham oshib borar ekan.Bir bolani kiyintirishni o‘zi 200 dollar bo‘lyapti. Kiyimku mayli, amallaymiz. Ayrim fanlardan repititorga to‘lashga ham to‘g‘ri kelyapti, chunki maktabda yetarli bilimni olmaydi. Maktabdagi o‘qish bilan qanoatlanadigan bo‘lsangiz bolangiz o‘qishga kirolmaydi. Shuning uchun repititorga pul to‘lab, darsdan keyin bolani yana o‘qityapmiz- dedi Toshkentlik Mashhura opa.

Ota-onalar oldida kelajakda farzandini oliy o‘quv yurtiga kiritish jarayonlari turibdi.

Oliy o‘quv yurtiga kirish uchun to‘lanadigan harajatlar va kontrakt pullari esa maktab harajatlari oldida xolva.

Lekin, ko‘pchilik ota-onalar, jumladan toshkentlik Latofat opa ham farzandlarini o‘qitish uchun bor-butini ayamasligini aytishadi.

- Pul ketsa ketsin, farzandlarimiz bilimli bo‘lsin, - deydi toshkentlik Mashhura opa.

XS
SM
MD
LG