Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2019, Тошкент вақти: 22:37

O‘zbekistonda "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmondan 16 mingtasi undan chiqarilgan


O‘zbekistonda “diniy-ekstremist oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari bu ro‘yxatdan o‘chirilgan, ular “normal hayotga qaytgan”. O‘zbekistan 24 telekanaliga ko‘ra, bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 1 sentabr kuni Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasida imom xatiblar bilan uchrashuvi chog‘ida ta’kidlagan.

Prezidentga Mirziyoevga ko‘ra, "qora ro‘yxat"da turgan 17 ming musulmon ichidan 16 mingtasi undan chiqarilgan, 9 ming 500 nafari ish bilan ta’minlangan.

- Diniy oqimda turganlardan biz mana 16 mingini yana bir marta ular bilan suhbatlashib, hayotini bilib, ularni diniy oqim ro‘yxatidan chiqardik. Lekin, ularni tashlab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi. Endi shu 16 ming odamni tarbiya qilishimiz, jamiyatimizga kirgizishimiz kerak, - deb ta’kidlagan Mirziyoev 1 sentabr kuni imom xatiblar va mahalla faollari bilan uchrashuv chog‘ida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig‘i bilan O‘zbekistondagi minglab dindorlar shu vaqtgacha bo‘lib kelgan va xalq orasida "qora ro‘yxat" deya tanilgan ro‘yxatdan chiqarilgani haqda Ozodlik bundan oldin ham xabar bergan edi.

Musulmonlar idorasidagi manba 10 mingdan oshiq kishining ushbu ro‘yxatdan chiqarilishini va ularni mahalliy imomlar kafillikka olishini ma’lum qilgandi.

O‘zbekistonda keyingi yillar davomida respublika bo‘ylab taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilar hamda ularning oila a’zolari ro‘yxati respublika Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari hamkorligida tuzilgan.

Ro‘yxatga nomi kiritilgan shaxslar nazorat ostidagi fuqarolar bo‘lib, ular har hafta, ayrimlari esa oyda bir marta o‘zi yashab turgan manzilga mas’ul uchastka noziri idorasida davomatdan o‘tadi yoki tuman IIB suhbatdan o‘tkazib turiladi.

Nomi ro‘yxatga tushgan shaxslarning xorijga chiqishi ham cheklangan va odatan, bundaylarning chiqish vizasi olish so‘rovi rad etilgani haqida Ozodlikka murojaatlar kelib turadi. Bundaylar davlat tashkilotlariga ham, odatan, ishga olinmaydi, olinsa-da, quyi lavozimlarda ishlaydi.

Jumladan, so‘nggi 20 yilga yaqin muddat davomida shunday nazorat ostida saqlangan Abror Muxtor Aliy, endilikda, "oqlangan"idan juda mamnun ekani va shu kunlarda o‘ziga rasman ish topish harakatini boshlaganini aytgan.

“Qora ro‘yxat”dan o‘chirilganlar orasida jurnalist Xayrulla Hamidov ham borligi aytilgan.

5 avgust kuni Facebook sahifasida xabar ulashgan jurnalist endi O‘zbekiston televideniesida sport sharhlovchisi bo‘lib ishlay olishiga umid bildirgandi.

42 yashar jurnalist diniy motivdagi ayblovlar bilan 5 yillik qamoq jazosini o‘tab chiqqach, diniy motivdagi ayblovlarda gumon qilingan nazoratdagi fuqarolar ro‘yxatida saqlanayotgan edi.

Hozirda Hamidov futbol sharhlovchilik faoliyatini davom ettirmoqda.

XS
SM
MD
LG