Линклар

Ozodlikning O‘zbekiston bank tizimidagi rasmiy manbasiga ko‘ra¸ Markaziy bank 5 sentabrdan boshlab, 1 AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatini 4210 so‘mdan 8100 so‘mga tushirdi. Bu haqdagi qarorning Markaziy bank saytida e’lon qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki o‘z qarorini prezident Mirziyoevning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ortidan qabul qildi va milliy so‘m qadrini qariyb ikki baravarga devalvatsiya qildi.

29 avgust kuni 4210 so‘m qilib belgilangan bir AQSh dollari kursi 4 sentabr kungi qaror bilan 8100 so‘mga¸ qariyb ikki baravarga ko‘tarildi.

5 sentabrdan boshlab O‘zbekiston tijorat banklari Markaziy bank belgilagan bu narxga o‘z xizmat haqini qo‘shgan holda¸ AQSh va erkin muomaladagi xorij valyutalari bilan qisman erkin savdo qilishni boshlaydi.

Bank mulozimlari ta’kidicha¸ tijorat banklarining oldi-sotdi qiladigan dollar narxi Markaziy bank belgilagan kursdan 2 foizdan oshmaydi. Taxminlarga ko‘ra¸ 5 sentabr kuni tijorat banklaridagi kurs 8260 so‘m atrofida bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra¸ “bugundan (4 sentabrdan ) boshlab Markaziy bank va uning viloyatlardagi bosh boshqarmalari barcha vakolatli banklarning filiallariga aholidan bir kunda sotib olinishi mumkin bo‘lgan valyutaning eng ko‘p miqdoridan kelib chiqib madad pullari etkazib berishni boshladi.

Madad pullari asosan 50 ming so‘mlik banknotalardan iborat. Viloyatlardagi tijorat banklari filiallari o‘rtacha 2.5—3 mlrd.so‘m miqdoridagi madad pullari bilan ta’minlanmoqda. Valyutasini sotish istagidagi barchaga naqd pul etadi”¸ deyiladi Telegram xabarlaridan birida.

12 avgust kuni Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “tijorat banklariga jismoniy shaxslardan naqd chet el valyutasini sotib olishi uchun Markaziy bank tomonidan madad pullari berish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ni tasdiqlagan edi.

Devalvatsiya nima?

Lotin tilidan bevosita tarjimada «ahamiyatini tushirmoq»¸ «qimmatini tushirmoq» degan lug‘aviy ma’no tashuvchi devalvatsiyani Markaziy banklar qachon¸ qaysi maqsadlarda¸ qanday ishlatishini Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiyot universiteti dotsenti Saparboy Jubaev tushuntiradi:

- Devalvatsiya amaliyoti rivojlanayotgan¸ o‘z iqtisodini tuzatayotgan davlatlarda qo‘llaniladi. Devalvatsiya u yoki bu davlatning Markaziy banki o‘z valyutasining sotib olish qobiliyatini keskin kamaytiradi¸ deganidir.

Rivojlanayotgan davlatlar¸ birinchidan¸ o‘z ichki bozorini saqlab qolish¸ valyutaning mamlakatdan chiqib ketishi oldini olish uchun devalvatsiyaga qo‘l uradi. Ikkinchidan devalvatsiya¸ byudjet tushumlarini ko‘paytirish uchun¸ uchinchidan¸ o‘z eksport salohiyatini oshirish uchun qilinadi¸ dedi Markaziy bank qarori kutilayotgan avgustning so‘nggi kunlarida Saparboy Jubaev.

O‘zbekiston Markaziy banki nega devalvatsiyaga qo‘l urdi?

O‘zbekistondagi Iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak markazi direktori¸ mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupov Markaziy bankni devalvatsiyaga majburlayotgan sabablarni tushuntiradi:

- Bugun ham O‘zbekistonda valyuta almashtirish¸ deylik dollar almashtirishning uchta kursi saqlanib turibdi. Rasmiy kurs (4200 so‘m atrofida)¸ qora bozor (7700-8000 so‘m atrofida)¸ va banklar yudirik shaxslarga sotishni boshlagan birja kursi (8500 so‘m atrofida). Ana shu uchta kursni birlashtirish¸ unifikatsiya qilish¸ erkin konvertatsiya joriy qilish kerak. Buning uchun Markaziy bank rasmiy kursni devalvatsiya qilishi kerak. Buning ikki yo‘li bor – sekin-asta¸ yoki bittada. O‘zbekiston Markaziy bankidagilar avvaliga sekin-asta devalvatsiya qilib ko‘rdilar. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra¸ endi birdaniga devalvatsiyaga qaror qilishgan. Markaziy bank bugun 4200 so‘m bo‘lib turgan kursini talab va taklifni nisbatan muvozanatda ushlaydigan nuqtada belgilaydi. Ularda bu nisbatni hisoblash uchun ma’lumot yetarli¸ deb o‘ylayman. Bu jarayonda eksperimentlar ham bo‘ladi¸ albatta. Avvaliga bir narxni “paypaslab” ko‘rishadi¸ keyin boshqa narxga o‘tish mumkin¸ deydi Ozodlik bilan 30 avgust kungi suhbatda Yuliy Yusupov.

Keskin devalvatsiyadan keyin narx-navo ham keskin oshib ketadimi?

Yuliy Yusupov¸ bir kechalik keskin devalvatsiya oqibatida kurslar birlashsa¸ bozordagi narx-navo ham keskin oshib ketishi haqidagi prognozlarga qo‘shilmasligini aytadi:

- ​Dollar rasmiy kursiga bog‘langan xizmat va tovarlar narxida¸ o‘zgarish bo‘ladi¸ bo‘lmaydi emas. Masalan¸ mobil aloqa¸ internet provayderlari¸ ayrim universitetlardagi kontrakt pullari rasmiy kursga bog‘langan. Agar bir dollar bugungi 4200 so‘mdan¸ deylik¸ 7000 so‘mga chiqsa¸ bularning so‘mdagi narxi ham qariyb ikki baravarga oshadi. Lekin konkurensiya rivojlansa¸ bularning hammasi sekin-asta o‘z narxini pasaytirishga va umuman o‘z tariflarini dollarda belgilash amaliyotidan voz kechishga majbur bo‘ladi.

Men devalvatsiyadan keyin asosiy iste’mol tovarlari narxi keskin oshib ketadi¸ degan vahimalarga qo‘shilmayman. Sababi oddiy – ularning deyarli hammasi dollarning rasmiy emas¸ qora bozor narxiga bog‘langan. Hatto ayrim importyorlar so‘mni rasmiy kursda konvertatsiya qilgan bo‘lsa-da¸ uni bozor narxida sotib kelgan.

Yonilg‘i narxlarining oshishini kutish mumkin. Lekin buning bosh sababini devalvatsiyadan ko‘ra¸ monopolistlardan qidirish kerak bo‘ladi. Ular rasmiy va qora bozor kursi o‘rtasidagi farqni allaqachon narxlarga ko‘chirgan bo‘lsa ham¸ devlaьvatsiyani bahona qilib¸ narxlarni oshirishga urinadilar. Bularning narx-navoni keskin ko‘tarishiga yo‘l qo‘ymaslik¸endi hukumatning ishi bo‘ladi. Bevosita devalvatsiya oqibatida narxi oshadigan xizmat va tovarlar soni O‘zbekistonning bugungi vaziyatida juda cheklangan¸ degan edi 31 avgust kungi Ozodlik bilan suhbatda Yusupov.

XS
SM
MD
LG