Линклар

“Erk” demokratik partiyasining lideri Muhammad Solihni Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi munosabati bilan suhbatga tortdik. “Ozodik” radiosining qirg‘iz xizmati savollariga javob berarkan, siyosatchi, Qirg‘iziston prezidenti saylovi Bishkek va Toshkent munosabatlariga qanday ta’sir qilishi mumkinligi xaqida ham fikr bildirdi. Muhammad Solih bilan jurnalist Sanjar Eraliev suhbatlashdi.

- Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida jonalayotgan aloqalarning kelajagi haqida nima deya olasiz?

- So‘nggi 25 yil ichida O‘zbekistonning aloqalari nafaqat Qirg‘iziston, balki O‘rta Osiyodagi boshqa davlatlar bilan ham juda yomonlashgandi. Rahbarlar uchrashgan paytlarida quchoqlashib ko‘rishgani va samimiy suhbat qilishgani bilan, siyosiy tajribada O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘z bilganidan qolmadi.O‘zbekistonni qo‘shnilardan izolyatsiya qilishga urindi va qo‘shnilarni kirgizmadi. Tikonli simlar qalinroq o‘raldi, janjal va bir-biriga nafrat faqat kuchayib bordi. Buni inqiroz deb aytish mumkin. Undan chiqish uchun O‘zbekistonning xozirgi rahbariga kuchli iroda kerak. Bunday irodani yangi prezident Shavkat Mirziyoev ko‘rsatadi, deya umid qilamiz. Uning Qirg‘izstonga tashrifi o‘sha chigal muammolarni hal qiladi deb ishonyapmiz. Inqiroz butun jabhada bor, uning hammasini hal qilmoq lozim. Bunga kuchi yetadimi yoki yo‘qmi, lekin harakatni bugundan boshlamoq lozim, deb bilamiz va muvaffaqiyat tilaymiz.

- Shavkat Mirziyovning Qirg‘izistonga tashrifi oldidan berilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, asosan chegara muammolarini hal qilishga e’tibor qaratilmoqda. Undan boshka iqtisodiy va ijtimoiy muammolar ham bor. Ularning yechim topishi yaqinmi yoki bu ancha vaqt talab qiladimi?

- Vaqt talab qiladi, albatta. Lekin vaqt o‘zi kelmaydi, biz borishimiz kerak. Masofani qisqartirish uchun ikki tomonning siyosiy irodasi kerak. Qirg‘izistonda prezident saylovi bo‘lishi kutilomoqda. Qanday rahbar kelishi va u o‘zbek-qirg‘iz aloqasiga qanchalik ta’sir qilishini hozir ayta olmaymiz. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, O‘zbekiston taraf faqat chegara masalasiga e’tibor qilmasdan, yuqorida aytganimdek, butun jabhalarda, iqtisodiy integratsiyaga ham ko‘ngil burmog‘i darkor.

- Saylov haqida gapirib qoldingiz. 15 oktabrda Qirg‘izistonda prezident saylovi o‘tadi va 1 dekabrda Almazbek Atambaev hokimiyatni boshqa odamga topshiradi. O‘zbek hukumatida bu saylovga qiziqish bormi, nima deb o‘ylaysiz. Toshkent kimni istaydi? Atambaevning davomchisinimi yoki farqi yo‘qmi?

- Menimcha, o‘zbek hukumati aloqalarni yaxshi olib boruvchi insonni xohlaydi. Shavkat Mirziyoev kimgadir simpatiyasini bildirib, kimgadir antipatiyada bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Harqalay, aqlli inson. Boshqa davlatning ichki ishlariga aralashmaydi. Kim O‘rta Osiyo davlatlarining integratsiyasi tarafdori bo‘lsa, o‘sha bilan hamfikr bo‘ladi.

- Agar Qirg‘izston bilan O‘zbekistonning ichki siyosatini solishtirsak, umuman o‘xshash emas. Birida demokratik harakatlar ko‘proq bo‘lsa, ikkinchisida vaziyatga moslashuvchan siyosat bor. Bunday holatda ikki davlat bir-birini siyosiy qo‘llab-quvvatlashi qanchalik reallikka yaqin?

- Menimcha, Shavkat Mirziyoev so‘nggi uch-to‘rt oy mobaynida liberal qadamlarni qo‘ya boshladi. Ayniqsa iktisodiyotda. Lekin bu odimlar siyosatda ham, jamiyatni demokratlashtirish borasida ham bo‘lishi kerak. Bu muhim, iqtisoddan ham muhim. Karimovga bu borada 25 yil aytdik, lekin uqtira olmadik. U o‘z aytganini qildi va O‘zbekistonning demokratiya bo‘yicha ahvoli bugun past darajada. Mirziyoev bu hatolarni qilmaydi deb o‘ylaymiz. Bu xatolarga qarshi siyosat yuritishi kerak. Liberallashuv iqtisoddagina emas, siyosatda ham, ijtimoiy hayotda ham bo‘lishi lozim.

XS
SM
MD
LG