Линклар

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi "Do‘stlik" punkti rasman ochildi (VIDEO)


6 sentabr kungi tadbirda ikkala tomondan jami 2000 ga yaqin odam qatnashgani aytilmoqda.

6 sentabr kuni Andijon va O‘sh viloyatlari o‘rtasidagi “Do‘stlik” chegara-o‘tkazuv punktining tantanali ravishda ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iziston tomoni shu kundan e’tiboran chegara punktida ikki mamlakat fuqarolarining 60 kunlik vizasiz qatnoviga to‘sqinlik qilayotgan cheklovlar olib tashlanganini bildirdi.

6 sentabr kunning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tgan rasmiy ochilish marosimida Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinborsari Duyshenbek Zilolaev¸ Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov va qirg‘iz parlamenti deputatlari ishtirok etdi.

Marosimda qilgan chiqishida Zilolaev¸ "qirg‘izistonliklarga O‘zbekistonga o‘tish uchun bundan so‘ng telegramma kerak bo‘lmay qoldi. Bundan so‘ng o‘tib-qaytish bemalol bo‘ladi"¸ deya baënot berdi.

Voqea joyidagi Ozodlik muxbirlariga ko‘ra, ochilish marosimiga chegaraning ikki tomonidan ham minglab odam yig‘ilgan.

5 sentabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ayni shuni va’da qilgan edi.

- Bugun 20-25 daqiqa qirg‘iz televideniesini ko‘rdim. Unda odamlar “Nahotki O‘zbekiston prezidentining kelishi bilan men yana Andijonga avvalgiday borib kelish imkoniyatiga ega bo‘laman? Nahotki, bu ish amalga oshadi?” deb gapirishayapti. Men sizlarga javob berib, shuni aytishni hohlardimki, ha, bu ish amalga oshadi, dedi 5 sentabr kuni davlat tashrifi bilan Bishkekda mehmon bo‘lgan O‘zbekiston prezidenti.

Ozodlik muxbirlariga ko‘ra, rasmiy marosim qatnashchilari tadbirni Andijon hududida ham davom ettirgan.

«Do‘stlik» chegara punkti 2010 yilgi O‘shdagi qonli voqealardan so‘ng O‘zbekiston tomonidan bir tomonlama yopib qo‘yilgan edi.

Ikki davlat o‘rtasida jami 15 ta chegara-o‘tkazish punkti bor. Bulardan to‘rttasi temir yo‘lida joylashgan. Shu kungacha 11 punktdan faqat uchtasi ishlamoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG