Линклар

Ozodlik O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida ommaviy paxta terimi boshlanganini aniqladi. Mamlakatning shimoliy viloyatlarida esa paxta kech ochilgani sabab, ommaviy terim 10 sentabrdan boshlanishi aytilmoqda. Ozodlikning ayrim tumanlardan olgan xabarlariga ko‘ra, hokimlar paxta terimiga byudjet tashkilotlari ishchilarini majburan jalb etishga kirishgan. Viloyatdagi oliygohlar talabalari ham har ehtimolga qarshi tayyor bo‘lib turish haqida ogohlantirilgan.

Janubdagi terim hozircha muallimlarsiz boshlandi

Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi kollejlardan birida ishlaydigan o‘qituvchi paxta terimi ommaviy boshlanganini aytar ekan, bu yil paxta terimiga muallimlar jalb etilmayotganidan xursand ekanligini bildirdi:

-Mana hozir paxta terimi boshlandi, lekin bizlarga bir og‘iz ham paxta haqida gap kelmagan. Keyin men erinmasdan, qishloq maktablarini ham surishtirdim. Ularning aytishlaricha, terimga chiqmaslik haqida qat’iy qaror kelgan. Hozir fermerlarning o‘zi har kilogrammiga 400 so‘mdan berib, mahalla odamlariga tergizyapti ekan. Ikkinchi terimga 600 so‘mdan qilamiz, deb va’da beryapti ekan. Agar haq bersa, xalqning o‘zi terib beradi, - deydi kollej o‘qituvchisi.

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloq vrachlik punkti shifokori Yo‘ldosh Xo‘jaev ham, paxta terimiga chiqish haqida hozircha gap bo‘lmaganini aytdi:

- Maktabni, do‘xtir va hamshiralarni chiqarmaymiz, debdi. Mahallada uyda bo‘sh o‘tirgan ayollarni chiqarar ekan. O‘tgan yil uyma-uy yurib, hammang paxtaga chiq deb, quvib yurardi. Bu yil paxtada avvalgi yillardagidek vahima yo‘q. Lekin, bu hali yakuniy xulosa emas, terim boshlansinchi, ko‘ramiz, - deydi Yo‘ldosh Xo‘jaev.

Qorqalpog‘istonlik shifokorlarga terimga tayyorlanish buyurildi

Ammo, paxta terimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan ba’zi shimoliy viloyatlarda mahalliy hokimlar byudjet tashkilotlari ishchilariga terimga tayyor bo‘lib turish haqida og‘zaki buyruq bergan:

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanidagi qishloq vrachlik punktlaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan shifokoriga ko‘ra, hokim tibbiyot xodimlarining terimga chiqarish haqida selektor yig‘ilishida gapirgan:

“Hokimiyatdagi majlisda shifokorlar va hamshiralar ham 8 sentabrdan paxta terimga chiqadi, deb buyruq bergan. Bu haqda o‘sha majlisda qatnashgan shifokorlar aytishdi. Shu paytgacha, bu haqda indamay kelishayotgandi”, dedi shifokor.

“Talaba, tayyorlan!”

Buxoro tibbiyot universiteti talabasining Ozodlikka yozishicha, ulardan paxta terimiga chiqish haqida tilxat yozdirib olinmoqda:

“Bizda, Buxoroda hokim talabalarni paxtaga olib chiqmaymiz, deb aytgan edi. Bir oy oldinroq. Endi talabalarni keyingi haftadan yana paxtaga olib chiqish kutilmoqda. Bizdan “paxta yigim terimida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilamiz degan xatga qo‘l qo‘ydirib olishyapti. Shu kungacha domlalarimiz paxta bo‘lmaydi deb bizga har kuni aytishardi. Har doimgidek kuchi etganlar soxta medspravka taxlaydi yoki pul bn masalani hal qiladi. Oddiy tabaqaga mansub oilalarni farzandlari esa paxta teradi. Dala sharoiti hammaga ma’lum. O‘tgan yili oxirgi kunlarda hattoki yeyishga non qolmadi, g‘o‘zapoyalar yig‘ishtirilayotgan bir paytda bizga 20 kg paxta topib kelishimiz buyurilgan edi. Shu kunlar yana qaytib kelishini o‘ylasak, yuragimiz orqaga tortadi”, deb yozdi talabalardan biri.

Buxoro tibbiyot universitetining o‘zini tanishtirmagan mulozimlaridan biri, talabalardan tilxat yozdirib olinayotganini inkor qilar ekan, lekin paxtaga chiqish-chiqmaslik masalasi savol ostida turganligini aytdi:

“Bu borada aniq bir narsa deya olmayman. Har holda rahbarlar tayyor bo‘lib turinglar, 15 sentabrda ma’lum bo‘ladi, deb aytishyapti. Biz ham talabalarga shunday deyapmiz”, dedi mulozim.

“Hokimning byudjet tashkilotlari terimga chiqadi deganini yozib olganman”

Joriy yilning 4 sentabr kuni Toshkent viloyati Parkent tumani hokimi o‘tkazgan yig‘ilishda “muallim” sifatida ishtirok etgan mustaqil jurnalist Malohat Eshonqulovaning aytishicha, hokim paxta terimiga jalb qilinadigan bog‘cha xodimlari ro‘yxati borligini aytgan:

“Biz Parkent tumanida bir qancha maktab va bog‘chalarda bo‘ldik. Bog‘cha mudiralari hokimiyat tomonidan paxtaga chiqadiganlar ro‘yxati tuzdirilganini aytishdi. Bular, asosan, bog‘cha qorovullari, farroshlar, texnik xodimlar. Dushanba kuni ertalab soat 7dagi hokimiyatda bo‘lgan majlisga “muallim” sifatida kirishga muvaffaq bo‘ldim. Hokim Ne’matjon Abdullaev paxta terimiga chiqadigan ro‘yxatlar haqida so‘rab, “oxirgi muddat chorshanba kuni”, dedi. Konkret misol, tumandagi 17-bog‘chadan 11 kishi chiqarilishi so‘ralgan ekan. Menda buni tasdiqlovchi hujjatlar bor”, dedi Malohat Eshonqulova.

Hukumat, bu yil majburiy paxta terimi bo‘lmaydi, degan

O‘zbekistonda shu paytgacha paxta terimiga byudjet tashkilotlari ishchi va xodimlari, tadbirkorlarning majburiy chiqarilishi kuzatilgan.

Ammo, Shavkat Mirziyoev prezident etib saylanganidan so‘ng, qishloq xo‘jalik ishlariga o‘qituvchi va shifokorlarning majburiy jalb etilishi mamlakat televideniesida va yig‘ilishlarda bir necha marta tanqid qilindi.

Xalqaro press klub o‘tkazgan yig‘ilishlarda Namangan, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimlari ham bu yil biror nafar o‘qituvchi va shifokor paxta terimiga jalb etilmasligi haqida va’da bergan.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, vazir muovini Erkin Muhitdinov AQSh Senati xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi hay’ati a’zolari bilan uchrashuv chog‘ida majburiy mehnatni taqiqlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 8 avgust kungi bayonnoma qarori imzolanganini va o‘qituvchiyu shifokorlar paxta terimiga chiqarilmasligini aytgan edi.

Ozodlik terim jarayonidagi majburiy mehnat holatlarini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG