Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:02

Axmat Demir "Chorsu"ni oldi, Vohid Gunesh esa "quruq" qoldi


Axmat Demir bilan kelishuvga erishish uchun Toshkent hukumati poytaxt markazidagi "Chorsu" mehmonxonasini unga tekinga taqdim etgan.
Axmat Demir bilan kelishuvga erishish uchun Toshkent hukumati poytaxt markazidagi "Chorsu" mehmonxonasini unga tekinga taqdim etgan.

1992 yildan 2010 yilgacha O‘zbekistondagi Mir Store supermarketlar tarmog‘i¸ Grand Mir mehmonxonasi mulkdori bo‘lgan Demir Holdings rahbari, Mirziyoev hukumati bilan muzokaralardan so‘ng, Toshkentga qaytib¸ yangidan biznes boshlamoqda.

16 sentabr kuni Toshkentda turkiyalik tadbikor Ahmet Demir "Muvaffaqiyat hikoyasi" deb nomlangan biznes seminar o‘tkazadi.

Ayni paytda¸ 2003 yildan 2011 yilga qadar Toshkentda ish yuritgan Turkuaz supermarketlar tarmog‘i egasi Vohid Gunesh¸ yangi hukumat bilan o‘z da’vosi yuzasidan kelisha olmagani bois tortishuv yuzasidan ajrim chiqarish Parijdagi xalqaro arbitraj sudiga qolganini aytadi.

"Muvaffaqiyat hikoyasi"

16 sentabr kuni Toshkentdagi Alpha Education biznes maktabida turkiyalik tadbirkor¸ Demir Holdings boshqaruvi raisi Axmet Demir "Mufavvaqiyat hikoyasi" deb nomlangan ma’ruzasini taqdim etadi.

50 nafar mahalliy biznesmen taklif etilishi aytilayotgan bu tadbirda Axmat Demir¸ ma’ruzasidan anglanishicha¸ O‘zbekistondagi o‘z faoliyatini "muvaffaqiyat" namunasi sifatida taqdim etadi.

Mustaqil O‘zbekistonda ish boshlagan ilk turk shirkatlaridan sanaluvchi Demir Holding 1992 yilda Toshkentda ofis ochgan va ko‘p o‘tmay savdodan boshlangan faoliyatini to‘qimachilik¸ qurilish va turizm sohasiga kengaytirib, yirik biznes imperiyasini yaratgan edi.

1995 yilda Toshkent markazida Demir supermarketining ochilishi katta voqea bo‘lgandi.

MXX bosh qarorgohi (Sayilgoh ko‘chasi) yonginasida joylashgan bu supermarket tez orada o‘z peshtaxtalarida sotilgan sut¸ meva sharbatidan to sovunga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygandi.

Turk matbuotining yozishicha¸ Demir 7 mingga yaqin odamni ish bilan ta’minlagan yirik holdingga aylangan edi.

Ammo¸ keyinchalik Mir Store bo‘lib nomlangan supermarketlar 2010 yil oxirida nazorat tizimlari tekshiruvi bahonasida yopilib¸ Demir qayta ochilmagan¸ uning egasi¸ O‘zbekistondan chiqib ketgan edi.

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgandan so‘ng turk sarmoyasini mamlakatga qayta jalb qilish urinishi doirasida O‘zbekistonda biznes qilib¸ turli tazyiq va bosim ortidan uni tashlab ketishga majbur bo‘lgan turkiyalik sarmoyadorlar bilan muzokaralar boshlandi.

Ana shu jarayonda¸ shaxsan prezident tashabbusi bilan Toshkentga taklif etilib¸ mulk mojarosini hal etish yuzasidan so‘zlashuv olib borilganlar orasida Axmat Demir ham bo‘ldi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ Toshkent rasmiylari bilan muzokaralar davomida Axmat Demir murosaga erishgan: Turk ishbilarmoniga Toshkent markazida yillardan beri bo‘sh yotgan "Chorsu" mehmonxonasi investitsion shartlar va soliq imtiyozlari bilan tekinga berilgan.

Shu bilan birga Axmat Demirning O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati tizimini yaratishga oid biznes rejasi qabul qilingan.

16 sentabr kuni Axmat Demirning Mirziyoev hokimiyatga kelgandan beri sarmoya iqlimining yaxshilangani¸turk biznesining O‘zbekistondagi muammolari o‘tmishda qolgani haqida gapirishi kutilmoqda.

"Muvaffaqiyatsizlik hikoyasi"

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkentga taklif qilingan turk tadbirkorlari orasida 2003 yilda O‘zbekistonda faoliyat boshlab¸ 2011 yilda og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanishi ortidan mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan Güneş Tekstil shirkati egasi Vohid Gunesh ham bor edi.

Vohid Gunesh 70 million dollarlik sarmoyasini tashlab chiqishga majbur bo‘lganini iddao qiladi.

Tadbirkoning 7 sentabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ Axmat Demirdan farqli uning Toshkent hukumati bilan muzokaralari natijasiz tugagan:

- 2013 yilda Xalqaro arbiraj sudiga menga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun O‘zbekiston hukumatidan 250 million dollar undirishni so‘rab ariza berganman. 20 dekabr kuni sudning ajrim chiqarishi kutilmoqda. O‘zbekistonda tashlab chiqqan biznesim narxi - 70 million dollar, - deydi Vohid Gunesh.

Tadbirkorning ilova qilishicha, mojaroni sudsiz hal qilish urinishlari natija bermagan.

-Ularga mojaroni mirovoy bilan¸ ya’ni sudsiz hal qilaylik¸ menga faqat o‘zimning biznesimni¸ mol-mulkimni beringlar¸ da’voimni qaytarib olaman dedim. Ular¸ Turkuaz (Toshkent markazidagi eski GUM binosi -tahr.) binosini qaytib beramiz¸ lekin qolgan mulkingiz sotilib ketgan¸ qayta olmaymiz¸ deyishdi. Xo‘p¸ Turkuaz narxini 30 million dollarga baholab¸ uni chegirib tashlaylik¸ qolganining puli beringlar¸ dedim. Pul yo‘q¸ deyishdi. Xo‘p¸ unda nima berasizlar¸ desam¸ narxi 300 -400 ming dolalrlik joylarni taklif qilishdi¸ Jizzaxda yangidan tekstil fabrika quring¸ deyishdi. Men bunga ko‘nmadim¸ va 40 million evaziga Toshkentdagi eski Meredian va Sheraton otellarini har birini 20 milliondan hisoblab beringlar¸ mojaroni yopamiz dedim. Bu mehmonxonalar NBUga¸ ya’ni davlatga qarashli. Ular buni prezidentdan so‘raymiz¸ deyishdi va oradan ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tgandan keyin¸ yo‘q¸ deb javob berishdi. Yo‘q bo‘lsa¸ yo‘q¸ unda Parij mahkamasida gaplashamiz¸ dedim¸ shu bilan oramiz uzildi¸ - deydi Vohid Gunesh.

“Men vitrinaga yaramadim”

Vohid Gunesh ta’kidicha¸ O‘zbekiston hukumati turkiyalik ehtimoliy sarmoyadorlarga O‘zbekistonda turk sarmoyasi uchun hech qanday muammo yo‘q¸ eskilari hal etildi¸ degan mujda berish maqsadida o‘zi va Demir bilan muzokara boshlagan.

Bu so‘zlashuvlarda ular taklifiga ko‘ngan Demir bilan kelishib¸ uni “vitrina uchun muvaffaqiyat simvoli”ga aylantirishgan¸mol-mulkini oxirigacha so‘ragani uchun o‘zini chetga surib qo‘yishgan.

- Men Demirdan farqli¸ O‘zbekistonga o‘z millionlarimni olib kirib¸ ulardan ayrilib chiqqan tadbirkorman. Hozirgi sharoitda O‘zbekistonga bir tiyin ham sarmoya kiritmoqchi emasman. Turklarda ham o‘zbeklardagi kabi “sutdan kuygan qatiqni ham puflab ichadi” degan maqol bor. Hukumatga ishonch yo‘q, - deydi Vohid Gunesh.

U Turkuazni qaytadan zamonaviy savdo markaziga aylantirish uchun kamida 10 million dollar sarflashi kerakligini aytadi.

- Zotan bu joyni xarob qilishgan. Buncha pulni katta risk qilish uchun axmoq bo‘lish kerak. Mening rejam¸ O‘zbekistonda mendan tortib olingan mol-mulk va pullarim evaziga ishlab turgan ob’ektni berishsa¸ uni yurg‘izib¸ daromadini Turkuazga ishlatib¸ O‘zbekistondagi biznesimni sekin-asta rivojlantirish. Ular bunga ko‘nmadi¸ endi Parij sudi qarori mening foydamga hal bo‘lsa¸ zotan shunday ehtimol katta, hukumat kamida 100 million dollar to‘lashga hukm qilinadi, - deydi Vohid Gunesh.

Unga ko‘ra, da’vo arizasini qaytib olishi uchun Toshkentda yana 40 kuncha vaqt.

XS
SM
MD
LG