Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:04

Tojikiston foydasiga josuslikda ayblangan ayolning otasi Oliy sudga shikoyat qildi


Josuslikda ayblangan Halimova o‘g‘li bilan
Josuslikda ayblangan Halimova o‘g‘li bilan

Tojikiston foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib 11¸5 yilga qamalgan Zulfiya Halimovaning otasi Muhammadnosir Halimov 7 avgust kuni qizi bilan Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida uchrashib kelganidan keyin, qizining ishini qayta ko‘rib chiqish talabi bitilgan ariza bilan Prezident va Oliy sudga murojaat qildi.

- Kecha qamoqonaga borib qizim bilan gaplashib¸ uning aybsizligiga amin bo‘ldim. Qizim qiynoqlar ostida qilmagan aybiga iqror bo‘lganligini aytib berdi. Mana bugun esa O‘zbekiston prezidenti va Oliy sudga ariza yozdim. Qizim josus emas¸ uni ishini qayta ko‘rib chiqilishini talab qilaman¸ dedi o‘tgan yili qamoqqa olinib¸ joriy yilning 12 iyulida Tojikiston foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib, 11¸5 yilga qamalgan 36 yashar Zulfiyaning otasi.

Sudda Zulfiya Halimovni himoya qilgan advokat Shoira Qilichevaning Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ himoyasi ostidagi ayol O‘zbekiston jinoyat kodeksining 223-moddasi, (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish) va 160- moddada (Josuslik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

Hukm joriy yilning 22 iyulidan kuchga kirgani ortidan Halimova etap qilinib, Zangiotadagi ayollar qamoqxonasiga yuborilgan.

Sirdaryo IES operatori qanday qilib josuslikda ayblandi

Sirdaryo Issiqlik elektr stansiyasining kimyo sexida operator bo‘lib ishlagan 36 yashar¸ vatandoshligi yo‘q Zulfiya Halimova jazoga O‘zbekiston Harbiy sudining yopiq majlisida hukm qilingan.

Halimovaning otasiga ko‘ra, sud jaraënida O‘zbekiston davlat sirlariga oid masalalar ko‘rilgani bois, advokatga hukm nusxasi hozirgacha berilmagan.

Zulfiya Halimovaning otasi Muhammadnosir aka Ozodlik bilan suhbatda qizi Tojikistonga borib ishlab kelgani uchun “josus” deya ayblanganini aytdi.

- Qizim Sirdaryo IESda operator bo‘lib ishlaganda OVIRga aldab chaqirib olib ketishdi. Qizimni aytishicha o‘sha OVIR idorasida ikkita janjalkash ayol unga tashlanishgan. Darrov militsiya kelib qizimni bezorilikda ayblab 10 sutka qamab qo‘yishdi. Oilasiga habar ham berishmadi. 10 kunlik hibs paytida Xovosdagi izolyatorda MXX tergovchisi Zoir Tursunov qizimga bosim o‘tkazib josuslik bo‘yicha iqrornomaga qo‘l qo‘ydirib olibdi¸ deydi suhbatdosh.

Muhammadnosir akaning aytishicha, uning qizi 2004 yildan 2005 yilgacha Tojikistonning Xo‘jand shahridagi "Ochil" restoranida ofitsiant bo‘lib ishlagani O‘zbekiston huquq tartibot organlarida shubha uyg‘otgan.

- Qizim 10 sutkaga hibs qilingan paytida uyda tintuv o‘tkazib¸ kompyuter va boshqa jihozlarni olib ketishdi¸ deydi josuslikda ayblangan ayolning otasi.

Zulfiyaning fotoalbomidan yana bir “josus” chiqdi

Zulfiya Halimovaning tintuv paytida olingan fotoalbomi yana bir sirdaryolik ayolni josuslikda ayblash uchun asos bo‘lgan. O‘zbekiston Harbiy sudi ayni sud majlisida Zulfiya bilan birgalikda Sirdaryoning Shirin shaharchasida istiqomat qilgan 36 yashar O‘zbekiston vatandoshi Alyona Kimni Tojikiston manfaatiga josuslikda aybdor deb topib, 10 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan edi.

Mahkumaning opasi Viktoriya Sultonmurodovaga ko‘ra¸ o‘tgan yili Zulya Halimova qo‘lga olingan paytda uning fotoalbomidan Alyona Kimning surati chiqqan:

- So‘roq paytida Zulfiya Halimova singlimga qarshi ko‘rsatma berdi. Lekin, shunga qaramay, Halimovani ham josuslik va chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblab, 12 yilga qamashdi¸ - deydi Sultonmurodova.

Tergov materiallariga ko‘ra. Zulfiya Halimova va Alyona Kim bir vaqtning o‘zida Tojikiston respublikasi Xo‘jand shahridagi “Ochil “ restoranida ishlashgan.

Ozodlikning Xo‘janddagi muxbiri “Ochil” restoraniga borib haqiqatdan ham bu ikkala ayolning restoranda ishlaganligini tasdiqladi.

Ayni paytda muxbirimiz suhbatlashgan restoran ma’murlari bu ikki ayolning josuslik qilganiga ishonmasligini aytgan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan advokat Nadejda Pakning kuzatishiga ko‘ra¸ Zulfiya Halimova ham Alyona Kim ham bir sxemada qo‘lga olingan va qiynoq ostida aybiga iqror qilingan.

Alyona Kimning opasi Viktoriya Sultonmurodova Ozodlik bilan suhbatda singlisi Tojikistonga borib ishlab kelgani uchun “josus” deya ayblanganini aytdi.

- Singlim o‘tgan yilning 7 dekabrida uyga kelmadi. U Shirin shahridagi kasalxonada sanitar bo‘lib ishlar edi. Ertasiga uning ma’muriy huquqbuzar sifatida 10 kunga qamalganini aytishdi. Yangiyerdagi izolyatorda ekan. 16 dekabr kuni izolyator polini yuvishdan bosh tortdi deb yana o‘n kun qamoqqa hukm qilindi. O‘sha paytda Siroj degan MXX zobiti singlimni so‘roq qilib uni ustidan jinoiy ish ochdi¸ - deydi Sultonmurodova.

Advokatning aytishicha¸ o‘sha vaqtda O‘zbekiston Ichki ishlar tizimidagi VOXR (Qo‘riqlash xizmati)da ishlagan Alyona Kim dugonasi vatandoshligi yo‘q Zulfiya Halimova bilan 2004 yildan 2005 yilgacha Tojikistonning Xo‘jand shahridagi "Ochil" restoranida ofitsiant bo‘lib ishlaganini tergovchilar «josuslik» deb malakalashgan.

O‘zbekiston Harbiy sudi 36 yashar o‘zbekiston vatandoshi Alyona Kim hamda vatandoshligi yo‘q 36 yashar Zulfiya Halimova ishi yuzasidan Ozodlik muxbiriga izoh bermadi.

O‘zini Harbiy sud matbuot xizmati xodimi, deb tanishtirgan mulozim davlat va harbiy sirlariga oid jarayonlar izohlanmasligini aytish bilan kifoyalandi.

Yaqinlarining iddao qilishicha Alyona Kimga berilgan dastlabki advokat Suhrob Vohidov tergov jarayonida advokatlik litsenziyasidan mahrum etilgan. Biroq Ozodlik Vohidovning o‘zi bilan bog‘lana olmadi.

Portalga yozmaslik va jurnalistlarga shikoyat qilmaslik talab qilingan

Hozir qamoqda jazo o‘tayotgan Alyona Kimning Sirdaryo viloyat Shirin shahrida yashovchi onasi oldiga viloyat IIB vakillari kelib «portalga yozmaslik va jurnalistlarga arz qilmaslik» borasida suhbat o‘tkazishgan.

Shunga qaramasdan Kimning yaqinlari hukm yuzasidan kassatsion ariza topshirgan.

Zulfiya Halimovaning otasi esa bu masalani Oliy sud ko‘rib chiqib hal qilishiga ishonadi.

- Qizim menga va o‘g‘liga zarar yetishidan qo‘rqib qilmagan aybini bo‘yniga olibdi. Endi qayta sud bo‘lsa qizim oqlanadi va adolat qaror topadi¸ deydi Zulfiya Halimovaning otasi Muhammadnosir aka.

Tutash chegaralardagi "josus"

Tutash chegaralarga ega bo‘lgan O‘zbekiston va Tojikiston so‘nggi yillarda o‘nlab vatandoshlarini qo‘shni davlat foydasiga josuslik qilganlik ayblovi bilan Ozodlikdan mahrum qildi.

2013 yilning martida Surxondaryo viloyat huquq-tartibot idoralari tomonidan uch ayol O‘zbekistonga qarshi josuslik qilishda ayblanib qo‘lga olingan edi.

"Yoshlar" telekanali "Jinoyat va Jazo" ko‘rsatuvida iddao qilinishicha, bu uch ayol O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatining eng muhim inshootlari, shu jumladan, harbiy va chegara postlari, u yerdagi xavfsizlik darajasi va bu inshootlarda xizmat qilayotganlar haqida "ma’lumot to‘plashlari lozim" bo‘lgan.

Tojikistonda ham O‘zbekiston foydasiga josuslik ayblovlari bilan bir necha kishi qamalgan.

Shunday mahkamalardan biri Tojikiston shimolidagi "Vostokredmet" tashkiloti mas’ullari ustidan bo‘lib o‘tgan edi.

XS
SM
MD
LG