Линклар

11 sentabrdan boshlab O‘zbekistonning ayrim oliygohlari talabalarni paxta terimiga jo‘natishni boshladi. Hukumatning joriy yilda paxta terimi majburiy bo‘lmasligi haqidagi va’dasiga qaramasdan, deyarli barcha oliygohlar talabalariga 15 sentabrdan ommaviy safarbarlik boshlanishi aytilgan.

Andijon Davlat universiteti talabalari 11 sentabr kuni Ulug‘nor tumaniga paxta terimiga jo‘natildi.

Universitet rahbariyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, talabalar 12 sentabrdan boshlab dalaga chiqariladi:

“Bugun ertalab hamma talabalarni Ulug‘norga jo‘natdik. Soprovojdenie bilan ketishdi. Militsiya borguncha talabalar chiqqan avtobuslarni kuzatib boradi. Bugun talabalar borib joylashadi va ertadan boshlab paxta terishni boshlaydi”, dedi universitet rahbarlaridan biri.

Andijon Davlat tibbiyot instituti talabalari ham 12 sentabr kuni Ulug‘nor tumaniga jo‘natiladi.

“Ertaga ertalab soat 6da paxtaga o‘zimizning yangi bino oldidan, bosh o‘quv binosidan ketiladi. Ulug‘norga borishadi. Talabalar otryadlarga bo‘lingan holda Mingbuloq, Do‘stlik hududlariga borishadi. 6 kurs talabalari esa o‘qishlarini davom ettiradi”, dedi institut xodimasi.

Andijon tibbiyot instituti binosiga yopishtirilgan e’lon
Andijon tibbiyot instituti binosiga yopishtirilgan e’lon

Andijon mashinasozlik institutining 1500 talabasi esa 12 sentabr kuni Bo‘z tumaniga jo‘natilishini bildirdi oliygoh rahbarlari.

Institut talabalaridan birining aytishicha, ularga paxta terimiga chiqish majburiy ekani, paxtaga bormagan talaba o‘qishdan haydalishi mumkinligi aytilib, tahdid qilingan:

“Domlamiz paxtaga bormasang, o‘qishdan ketasan yoki sessiyadan o‘ta olmaysan, degan gapni gapirdi” deydi ismini ochiqlamasni so‘ragan talaba yigit.

Toshkent Agrar universitetining Nukus filialidan olingan ma’lumotga ko‘ra, talabalar paxtaga ketishga tayyorlanishi uchun ularga ikki kunlik dam olish berilgan va ular 13 sentabrdan boshlab, Chimboy tumaniga jo‘natiladi.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa viloyatlardagi oliygohlar xodimlari talabalar paxtaga ketishga tayyor bo‘lib turishi va 2-3 kun ichida safarbarlik boshlanishi haqida ogohlantirilganini aytishdi.

Poytaxt oliygohlari talabalari ham har ehtimolga qarshi tayyor bo‘lib turish haqida ogohlantirilgan.

Jumladan, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, paxtaga safarbarlik 15 sentabrdan boshlanishi mumkinligi e’lon qilingan:

“Paxtaga 15 sentabrdan deyishdi. Lekin hali kuni aniq emas. Talabalar ko‘rpa-to‘shagini tayyor qilishi kerak shungacha. Hozircha o‘qish bo‘layapti. Lekin hamma tayyor turibdi”, dedi institut xodimi.

Joriy yilda O‘zbekiston hukumati paxta terimida majburiy mehnat taqiqlanishi to‘g‘risida ogohlantirgan.

Xalqaro press klub o‘tkazgan yig‘ilishlarda turli viloyatlar hokimlari bu yil paxta terimiga hech kim majburan jalb qilinmasligiga va’da bergan.

Buxoro muhandislik texnologiyalari universitetiga joriy yilda o‘qishga kirgan talabalaridan birining yaqini hukumatning o‘z va’dasida turmaganidan norozi bo‘lganini aytadi:

“O‘qish boshlaganiga 10 kun ham bo‘lmay turib, paxta terimiga badarg‘a qilishdi. Nima 1 avgust kuni abiturientlarni oliygohda o‘qish uchun emas, dalada paxta terish uchun imtihondan o‘tkazishdimi? Axir yangi o‘qish yilidan boshlab talabalar paxta terimiga borishmaydi, deb va’da berishmaganmidi?” dedi buxorolik shaxs.

O‘zbekistonda paxta terimida majburiy mehnatdan foydalanilayotgani to‘g‘risida ko‘p yillardan beri xalqaro tashkilotlar va huquq faollari xabar berib keladi. Buning ortidan dunyoning 150 dan ortiq yirik shirkati o‘zbek paxtasi va undan tayyorlangan mahsulotlarga boykot e’lon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG