Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:10

Konvertatsiyadan odamlarning hafsalasi pir bo‘lmoqda


O‘zbekistonda konvertatsiya ochilganidan bir hafta o‘tib, tobora ko‘proq odamlarning undan hafsalasi pir bo‘lmoqda. Sababi banklardan rasmiy kursda naqd valyuta sotib olib bo‘lmayapti. Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutalarni sotish tijorat banklarining konversion bo‘limlarida pul mablag‘larini xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazish orqali amalga oshirilmoqda. Konversion kartalardan esa, O‘zbekiston ichida pul echib olish imkonsiz.

O‘zbekistonda konversion karta ochish orqali bankdan 2 ming AQSh dollari harid qilgan toshkentlik tadbirkor Tohir shu pulni ko‘shni Qozog‘istonga borib yechib olganida, 1 dollar 9 ming so‘mdan ko‘pga tushayotganini aytdi.

- Qozog‘istonda bankomatdan yechib olganda 5 foiz komissiya ushlab qolyapti. Hamma harajatni hisoblasam, 1 dollar 9000 so‘mdan ko‘proq bo‘lyapti. Eng yomoni esa, bu kartalardan pul yechib olishga O‘zbekistondagi banklar qo‘ygan limit hali ham bor. Bir kunda 100 dollar, bir oyda esa 300 dollardan ortiq pulni yechib olib bo‘lmayapti,- deydi tadbirkor.

O‘zbekiston banklarida konversion kartani ochishning o‘ziga 170 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha bank xizmati va karta haqi uchun pul to‘lash kerak.

Tadbirkor Tohirning aytishicha, faqat shu to‘lov bilan ish bitmaydi.

- Bundan tashqari straxovoy depozit uchun kamida 70 dollar qo‘yish kerak. Bu hali hammasi emas. Konversion karta ochish uchun UzCard deb ataluvchi so‘m kartasini ham ochish kerak. Uni ochishga ham 5 dollar ketadi. Ana undan keyin so‘mni UzSardga yotqizasiz. U yerdan 8170 so‘m - 1 dollar kursida konversion kartaga tushiriladi, - deydi Tohir Sobirov.

Lekin, bu pulni O‘zbekiston ichkarisida kartadan naqd yechib olib bo‘lmaydi. Onlayn-do‘konlarda ham u bilan xarid qilib bo‘lmaydi.

Buni Toshkentdagi Asaka bank xodimi ham tasdiqladi.

- Konversion kartalar O‘zbekistonda ishlamaydi. Faqat xorijda. Chunki, O‘zbekistonda milliy pul - so‘m, - dedi bank xodimi.

Jismoniy shaxslarga konversion kartalar orqali horijiy valyutani sotishdagi chegara esa, bir chorak uchun 5000 dollar etib belgilangan.

O‘qish yoki davolanish maqsadida horijga otlanganlar uchun esa, bu pul yetmay qolishi mumkin.

Hindistonga davolanish uchun otlangan toshkentlik nafaqaxo‘r Shoira Saidbekova chet elda davolanish ikki baravar qimmatga tushayotganini aytadi.

- Hozir kurs ikki baravar oshdi. Horijda davolanish endi ancha qimmatga tushyapti. Shunda ham 5 ming dollar limit qilib qo‘yibdi, bu pul davolanish uchun yetmaydi, - deydi Shoira Saidbekova.

O‘zbekistonda AQSh dollarining rasmiy kursi ikki baravar oshgani xorijda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarni ham ancha qiyin ahvolda qoldirgan.

- Men Ukrainaning Dnepr shahrida o‘qiyman. O‘zbekistonda konvertatsiya ochilganidan so‘ng biz, horijdagi o‘zbekistonlik studentlar, qiynalib qoldik. Avvallari, bankdan 4 100 so‘mdan dollar sotib olganimiz uchun o‘qish to‘lovlari o‘zbekistonliklar uchun ikki barobar arzon edi. Ya’ni, bankdan bir dollarni hozirgi 8 100 so‘m o‘rniga 4 100 so‘mga sotib olar edik. Lekin, endi bunday imkon yo‘q. Dollarning rasmiy kursi 8 100 so‘mga tenglashtirilgani uchun bizlar endi o‘quv shartnomamizni to‘lay ololmayapmiz. Ammo, o‘qishni ham tashlab keta olmayman. Shuncha yil o‘qib, barcha sarflangan pul va kuchni yo‘qqa chiqarmoqchi emasman. Devalvatsiya qilishdiku, biroq oyliklar hamon o‘sha-o‘sha. Ota-onalarimiz qaerdan pul topishsin? Oddiy xalq endi nima qilsin?, - deydi Ukrainada tibbiyot sohasida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talaba.

O‘zbekistonlik jurnalist Malohat Eshonqulova mamlakatda 5 sentabrda e’lon qilingan konvertatsiyani "g‘irromlik" deb atadi.

- Dollarni sotib olishganlaridan keyin, hukumat, bank deganlari xalqaro viza kartasi-partasi deb o‘tirmasdan, loaqal 2 ming dollarni naqd berish amaliyotini ham yo‘lga qo‘yishi kerak edi. Davlatning, banklarning bu tadbiri dollar qora bozorining umri boqiy bo‘ladi degani! Ishonavering!, - deydi Eshonqulova.

Qora bozorda esa bir hafta ichida dollar kursi banklarda belgilangan kursdan o‘zib ketdi. Bir hafta ilgari "qora bozor"da 7850 so‘m bo‘lgan dollar 8150 so‘mdan oshdi.

- Bizda olish 8150, sotish 8170 bo‘lyapti, - deydi Toshkentning Chorsu bozoridagi sarrof.

Markaziy bank 5 sentabrdan boshlab, o‘zbek so‘mining bir AQSh dollariga nisbatini 4210 so‘mdan 8100 so‘mga tushirdi.

Bu haqdagi qaror bank saytida e’lon qilindi.

O‘zbekiston Markaziy banki o‘z qarorini prezident Mirziyoevning “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ortidan qabul qildi va milliy so‘m kursini horijiy valyutalarga nisbatan qariyb ikki baravarga pasaytirdi.

XS
SM
MD
LG