Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:17

Mutaxassislar: O‘FF saylovni shaffof o‘tkazmagani uchun FIFA sanksiyalariga uchrashi mumkin


Seshanba, 12 sentabr kuni O‘zbekiston Futbol federatsiyasining (O‘FF) navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida Umid Ahmadjonov Federatsiya prezidenti etib saylangani kuzatuvchilar va futbol mutaxassislari noroziliklarini keltirib chiqardi. Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek futbol jamoatchiligi vakillari saylov FIFA va O‘FF qoidalarining qo‘pol tarzda buzilishi bilan amalga oshirilganini ta’kidladi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi bu da’volarni asossiz, deb atadi.

“O‘FFning yangi rahbari 1,5 soatda saylandi ...”

Joriy yilning 12 sentabrida Toshkentning “Radisson” mehmonxonasida O‘zbekiston Futbol federatsiyasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unga yig‘ilgan jamoa Umid Ahmadjonovning nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. U O‘FF rahbari lavozimiga Mirabror Usmonov o‘rniga saylandi. Bevosita futbolga aloqasi bo‘lmagan birvarakayiga uch amaldor o‘zbek futboli rahbariyatiga saylangani e’lon qilindi.

O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbari Ochilboy Ramatov O‘FFning birinchi vitse-prezidenti etib saylandi. Yaqinda ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Po‘lat Bobojonov hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti rektori Shoakram Isroilov federatsiya vitse-prezidentlari bo‘ldi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasini boshqargan sobiq prezident Mirabror Usmonov saylov Konferensiyasida nutq so‘zlab, “Men kelganimda aytgan edim: “Mendan hech narsa kutmanglar! Men Jahon Chempionatiga olib chiqish yoki boshqasiga va’da bera olmayman”, deganiga qaramasdan, yelkasiga mindirilgan zar chopon bilan sahnani tark etdi.

Yig‘ilish ortidan ommaviy axborot vositalarida O‘FF prezidenti saylovi noravshan tarzda qator buzilishlar bilan amalga oshirilgani to‘g‘risida fikr-mulohazalar tarqala boshladi.

Kuzatuvchilar futbol federatsiyasi prezidentligiga nomzodlar oldindan ko‘rsatilmagani, nomzodlar dasturlari hatto saylov bo‘layotgan kuni rasmiy saytda e’lon qilinmagani, “Radisson” mehmonxonasidagi anjumanga futbol jamoatchiligining ko‘plab namoyandalari taklif etilmagani va 1,5 soat ichida jamoatchilik bilan kelishilmagan nomzod tayinlanganini iddao qilmoqda.

Ta’kidlash joyizki, saylov arafasida Toshkentda o‘zbek futboli va sporti taqdiri muhokamasiga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda sport tashkilotlarini boshqarish va dunyo tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgandi. Konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekiston va Rossiyadagi turli sport tashkilotlari vakillari va mutaxassislari taklif etilgan edi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yilning 10 avgustida qabul qilgan "Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi qarori ham muhokama qilindi.

Konferensiya ishtirokchilari Mirabror Usmonovni futbol boshqaruviga amaldorlarni emas, sport mutaxassislarini jalb qilish to‘g‘risidagi prezident Shavkat Mirziyoev qaror-talablarini inkor etayotganlikda aybladi.

Jumladan, konferensiyasi ishtirokchilari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev, davlat maslahatchisi Ahmadxo‘ja Yunusxo‘jaev, Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Alisher Sultonov va O‘zbekiston Futbol federatsiyasi a’zolari nomiga xat hozirlashdi.

Ozodlik O‘zbekiston rahbariyatiga o‘zbek futboli vakillari tomonidan jo‘natilgan Rezolyutsiyani chop etadi:

Futbol faollarining O‘zbekiston rahbariyatiga murojaati.
Futbol faollarining O‘zbekiston rahbariyatiga murojaati.

Unda futbol faollari O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati final bosqichiga chiqa olmaganini bevosita O‘FFda yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘ladi va 12 sentabrga mo‘ljallangan Federatsiya rahbari saylovini keyinga surish taklif etildi.

"2017 yil 12 sentabr kuni yangi prezidentni saylash bo‘yicha O‘FF konferensiyasini o‘tkazish rejalashtirilgan. Ammo O‘FF prezidentligiga saylovlar keng futbol jamoatchiligi ishtirokisiz, nomzodlarning saylovoldi dasturlari muhokama qilinmasdan yopiq tarzda o‘tkazilishi o‘zbek futbolidagi islohotlar va uning istiqboli borasida xavotir uyg‘otadi. Yuzaga kelgan vaziyatda O‘FF prezidentligiga saylovlar o‘tkazish muddatini ortga surish va saylovlarni FIFA saylov reglamenti talablariga muvofiq, demokratik asosda o‘tkazish zarur, deb hisoblaymiz", deyiladi rezolyutsiyada.

Anjuman ishtirokchilari futbol boshqaruvidagi tizimli muammolar, rivojlanish dasturining mavjud emasligi futbol og‘ir inqirozga uchrashiga olib kelayotgani va “zudlik bilan chora ko‘rilmasa, uzoq yillar davomida jahon maydonlarida ham milliy terma jamoalar, ham klub futboli darajasida raqobat qilish qobiliyatidan mosuvo bo‘lishi” ta’kidlandi jumladan rezolyutsiyada.

Футбол фаолларининг Ўзбекистон раҳбариятига мурожаати.
Футбол фаолларининг Ўзбекистон раҳбариятига мурожаати.

Rezolyutsiyaga O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan murabbiy Birodar Abduraimov, 2007 yili Osiyoning eng yaxshi murabbiysi Rauf Inileev, O‘zbekiston Futbol federatsiyasi birinchi prezidenti Elmar Aminov, futbol faxriylari Andrey Fyodorov, Azamat Abduraimov, Vyacheslav Soloxo, Nikolay Lyubartsev, “Lokomotiv” bosh murabbiysi Andrey Miklyaev va futbolchi Timur Kopadzelar imzo chekishganini ko‘rish mumkin.

Biroq, O‘zbekiston rahbariyatining bu rezolyutsiyaga munosabat bildirgani borasida biror ma’lumot borligi aniqlanganicha yo‘q.

Aksincha, Ozodlikka ismi sir qolish sharti bilan ma’lumot bergan manba futbol rahbariyati imzo chekkan futbolchi va trenerlarga bosim o‘tkazayotgani, ularni nomadagi o‘z imzolaridan voz kechishga majburlayotgani borasida so‘zladi.

“Saylovlar buzilishlarsiz o‘tdi”

Ozodlik qator nashrlarda paydo bo‘layotgan bu kabi noroziliklar masalasida O‘zbekistondagi futbol tashkilotlariga murojaat qildi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasining saylovga oid mulohazasini olish imkoni bo‘lmadi. Ammo, O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmatida Ozodlik so‘roviga O‘FF raisligiga saylovlar davomida qoidabuzarliklar kuzatilmaganini bildirishdi.

- Albatta, O‘zbekiston Professional futbol ligasi Futbol federatsiyasi a’zosi sifatida saylovda qatnashgan. Faqat bitta nomzod qo‘yilgan - shahar futbol federatsiyasi o‘z nomzodini ilgari surgan. Nomzodini viloyat federatsiyalari ham ko‘rsatishi kerak edi. Saylov o‘z tartibi bor. Saylov O‘zbekiston Futbol federatsiyasi Nizomi asosida bo‘ladi - FIFA qoidalari hech qanaqasiga amal qilmaydi. Konferensiya bo‘lishi haqida biz 6 hafta oldin rahbarlarga xabar berdik.

- Nomzod haqida ma’lumot oldindan berilmaydimi, uni jamoatchilikka tanishtirish kerak emasmi?

- O‘sha Ustavda ham yozilgan: nomzod bo‘yicha oxirgi daqiqalargacha kun tartibini o‘zgartirish uchun takliflar kutiladi va oxirida Bosh kotibiyat o‘sha konferensiyada uni ma’lum qiladi. Lekin, nega boshqa nomzod ko‘rsatilmadi degan savol beradigan bo‘lsangiz – men unga javob berishga tayyor emasman, dedi O‘zbekiston futbol ligasining o‘zini Sanjar deb tanishtirgan rasmiy vakili.

Biroq, matbuot xizmati rasmiysi tilga olgan “O‘zbekiston Futbol federatsiyasi Nizomi”ning 39- moddasi 4- bandida “Bosh kotib Konferensiya boshlanishidan kamida ikki (2) hafta oldin A’zolarga taklif etilgan nomzodlar to‘g‘risida xabar berishi lozim” deyilgan.

Shu bilan birga, hujjatda nomzodlarni saylashga oid batafsilroq tartib-qoida mavjud emasligini ham ko‘rish mumkin.

“FIFA qoidalariga rioya qilmasa o‘zbek futboli sanksiyalarga uchrashi mumkin!”

7 sentabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan sport anjumanida rossiyalik taniqli sport mutaxassisi, FIFPro (Professional futbolchilar federatsiyalari xalqaro assotsiatsiyasi – tahr.) a’zosi Vladimir Leonchenko ham qatnashdi.

Ozodlik bilan suhbatda u bunday shaffof bo‘lmagan saylovlar FIFA sanksiyalariga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

- Men tafsilotlarni bilmaganim sababli O‘zbekistonda saylovga bir kun qolganda ham nomzodlar borasida hech qanday ma’lumot e’lon qilinmaganidan juda taajjublandim. Saylov reglamenti ham yo‘q, Nizomda qisman nimalardir aks etgan, xolos. Saylov Komissiyasi haqida, dastur borasida ham hech narsa ma’lum emas. Vaholanki, FIFAda yirik o‘zgarishlar ketayapti va ayniqsa prezidentlar saylovlariga talablar qattiq bo‘layotir, chunki bu odam FIFA Kongressida bitta ovozga ega bo‘ladi. Masalan, bizda Rossiyada bu saylov ikir-chikirigacha yozib chiqilgan, dedi futbol mutaxassisi.

Vladimir Leonchenko FIFA a’zosi bo‘lgan biror mamlakatda saylov reglamenti mavjud bo‘lmasa, unda FIFA qoidalari asosida saylov o‘tkazilishi zarurligiga alohida e’tibor qaratdi.

Suhbatdosh biror federatsiya FIFA qoidalariga amal qilmasa sanksiyalar qo‘llanilishi yoki hatto a’zolikdan mahrum etilishi mumkin, deydi:

- Bunday vaziyatda FIFA saylov reglamenti joriy etilishi lozim edi,chunki FIFA ayniqsa federatsiya prezidentlari sayloviga juda katta ahamiyat bermoqda. Konferensiyada FIFA va Osiyo Konfederatsiyasi vakillari ishtirok etdi. Ular bu vaziyat borasida FIFAga xabar berishlari lozim, chunki O‘zbekiston Federatsiyasi bu tartiblarni ancha ilgari bajarib qo‘yishi lozim edi. Agarda FIFA bu qoidabuzarliklarni ko‘rib qolsa, o‘zbek futboliga nisbatan sanktsiyalarni qo‘llashi mumkin. Mana xavf qaerda! Agarda O‘zbekiston federatsiyasi “FIFA qoidalari bizga o‘rnak emas” deydigan bo‘lsa, unda FIFA tarkibidan chiqarilishi ham mumkin, dedi Vladimir Leonchenko.

Владимир Леонченко билан тўлиқ суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:14 0:00
Бевосита линк

Toshkentdagi anjumandan qaytgan yana bir yirik futbol eksperti - FIFA tashkiloti huquqiy maslahatchisi va “Huquqiy tashabbuslarga ko‘mak xalqaro jamg‘armasi” vitse-prezidenti Alisher Aminov Ozodlik bilan suhbatda 12 sentabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan futbol federatsiyasi rahbarligiga saylovlar hukumatning yana eskicha yo‘lni tanlaganidan darak ekaniga ishora qildi.

- Bu tartibda o‘zbek futboli bilan bog‘liq barcha mas’uliyat futbol boshqaruvini amaldorlarga topshirgan prezident va hukumat zimmasiga yuklanadi. Futbolni yana mutaxassislar emas, temiryo‘lchi va IIB vakili boshqaradi! O‘zbek futbolida ikki imkoniyati bor edi, xususan boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish. Ammo O‘zbekiston eski yo‘l bilan– sovet tuzumidan qolgan boshqaruv tizimini saqlash yo‘li bilan ketdi. Bu o‘zgarishlarni na hukumat, na futbol jamoatchiligining asosiy qismi istamayotgandek tuyuldi. Mirabror Usmonovni “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlash o‘rniga uni javobgarlikka tortish lozim edi. Mana nima uchun u O‘FFga yana o‘zining odamini qo‘yib oldi, deya o‘z fikrini bildirdi Alisher Aminov.

XS
SM
MD
LG