Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:39

Toshkentda "Ekstazi"ga puli yetmagan bangilar "Lirika"ga ruju qo‘ydi (VIDEO)


Toshkentda retseptsiz sotib olingan "Lirika" tabletkasi
Toshkentda retseptsiz sotib olingan "Lirika" tabletkasi

Toshkentlik 22 yashar kompyuter muhandisi Sherzod Ozodlik bilan suhbatda yengil kayf beradigan "apteka narkotiklariga" o‘rganib qolganini so‘zlab berdi. Sherzodning aytishicha, u Toshkent aptekalaridan va ko‘chadan bemalol sotib olish mumkin bo‘lgan "Lirika" yoki "Tramadol" dorisini ichib "kayf qilishga o‘rganib qolgan". Ozodlikning Toshkentdagi mobil muxbiri hech qanday retseptsiz bu dorini sotib oldi. Muxbirga ko‘ra toshkentlik o‘spirinlar orasida, "Lirika" tabletkasi keyingi paytda ommalashgan.

Ozodlik "Lirika" ga berilgan boshqa bir toshkentlik yigit bilan ham gaplashdi. Me’morlik bilan shug‘ullanadigan 27 yashar Bahodirning ishonishicha, qimmat narkotik¸ xususan ekstaziga puli yetmagan o‘spirinlar "Lirikani" tanlamoqda:

-"Lirika"ning bir tableti 16 ming so‘m¸ "ekstazi"niki esa 40 dollar. Shu farq bois keyingi paytda lirikaga qiziqish ko‘paydi¸ - deydi yengil kayf beradigan dorilarga bog‘lanib qolgan Bahodir.

Uning aytishicha, "Lirika" va "Tramadol"ni aptekadan retseptsiz ham olsa bo‘ladi:

- Eski Rossiya mehmonxonasi (Hozirgi nomi Grand Mir) oldidagi aptekaga borib muomalasini qilsangiz beradi. "Lirika" ber deb to‘g‘ri aytilmaydi. Dozasini aytib¸ opa shundan bering desangiz, sekin bervorishadi. Potok yo‘lga qo‘yilgan. Kechqurun esa ko‘chadagi maxsus joylarda turgan barigalar (olibsotar)dan sotib olish mumkin ¸ deydi Bahodir

Ozodlik muxbiri eski Grand Mir ro‘parasida joylashgan aptekaga telefon qilganida¸ u yerda ishlaydigan sotuvchi "Lirika" va "Tramadol"ni aptekadan retseptsiz olish imkonsizligini aytdi:

- "Lirika" deb, dori qutisiga yozilgan aslida bu - Pregabalin. Pregabalin va Tramadol tarkibida metilgeksan va morfiy bo‘lgan dorilar qatorida alohida nazoratda turadi. Dori faqat retsept bilan sotiladi¸ - deydi sotuvchi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi "Lirika" dorisi va boshqa tarkibida psixotrop modda bo‘lgan dorilar kuchli nazorat ostida faqat retsept bilan sotilishini alohida ta’kidladi.

Bu gapdan keyin Ozodlik iltimosi bilan Toshkentdagi jurnalist mulozimlarining bu iddaosini tekshirish uchun jurnalistik eksprementni boshladi.

Тошкентда "лирика" психотроп дорисини топиш осонми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:31 0:00

Retseptsiz "Lirika"

Vazirlik mulozimi va apteka xodimi "retseptsiz sotib olish imkonsiz", deb aytgan "Lirika" tabletkasini jurnalist Toshkent markazi yaqinida bemalol hech qanday retseptsiz sotib olganini aytdi.

- "Lirika"ni sotib olish uchun bir soat ham ketgani yo‘q. Yaxshi surishtiruv, kerakli joy va lirika qo‘lingizda¸ - dedi jurnalist.

Avvalroq u Toshkentning eski ToshMI mavzesidagi aptekaga ham kirib, "Lirika bormi?" deb so‘raganida sotuvchilar sirli tabassum bilan yo‘q¸ deyishgan.

Ozodlik suhbatlashgan yoshlarga ko‘ra, Toshkentda "Lirika" tabletkasi narkomanlar va yengil kayf ovchilari orasida bozorgirdir.

Qora bozor

Ortidan Ozodlik O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qayta bog‘lanib, Toshkent ko‘chasida "Lirika" dorisini sotib olinishi aks etgan fototasvirni yubordi.

Bunga javoban mulozim "Ko‘chada sotilayotgan dorilar uchun vazirlik mas’ul emas" dedi, ammo dorining qora bozori mavjudligini e’tirof etdi.

"Qozog‘iston va Rossiyadan kontrabanda tarzida dori keladi. Bu potok uchun vazirlik javobgar emas. MXX va prokuratura tekshirishi kerak. Ko‘chadan sotib olingan dorining ham kontrabanda deb aytishga asosim bor. Chunki aptekalardagi psixotrop moddalar sotuvi jiddiy nazorat qilinadi. Qoidani buzgan aptekachi eng kamida litsenziyadan mahrum bo‘ladi"¸ - dedi mulozim.

Toshkentdagi “Tabletka” dorixonasi xodimasi Ozodlik bilan suhbatda "Dori so‘rab keladigan narkomanlarni yaxshi tanishini va ulardan uzoq turishini" ta’kidladi:

- Hozir "Lirika" dorisini so‘rab keladiganlar ko‘paydi. Oldin rak kasallarga beriladigan og‘riqni qoldiruvchi dorilarni soxta retsept bilan olishga uringanlarni ham ko‘rgandim. Nurofen¸Tramadol va Tetralginga ham narkomanlar orasida talab ko‘p. Oddiy aspirin va prednizon dorisi ham ko‘p miqdorda ichilsa, gallyutsinatsiya yuz berib, odam psixikasi o‘zgarishi mumkin. Shu ma’noda, biz tarkibida morfiy bo‘lgan dorilar sotilishini jiddiy nazorat qilamiz. Lekin, aspirin sotilyapti bemalol. Yoki, masalan, ko‘zga tomiziladigan Tropikamid borku oddiy¸ o‘shani ham ichib kayf olishyapti. Bu muammoning yo‘q bo‘lishi narkomaniyaning yo‘q bo‘lishi bilan bog‘liq, - deydi Toshkentdagi“Tabletka” dorixonasi xodimasi.

"Lirika" nima?

Toshkentdagi “Tabletka” dorixonasi xodimasi o‘zining farmatsevtika institutida olgan bilimlari va ish tajribasidan kelib chiqib bu doriga tasnif berdi:

- Bu dorini chiqqaniga o‘n yil bo‘ldi. AQShda ishlab chiqarilgan. Keyingi to‘rt yilda O‘zbekistonda ommalashdi. "Lirika" bu dorrini brendi ya’ni savdo belgisi. Asli oti pregabalin. Epilepsiya va mushak tortishib qolish (sudorgi) bilan kasallangan bemorlarga vrach tavsiyasi va retsepti bilan sotiladi. 17 yoshga to‘lmagan va markaziy nerv tizimida muammosi bo‘lgan shahslarga bu dorini iste’mol qilish mumkin emas. Homilador¸ va bola emizadigan ayollar hamda yurak qon tomirlarida muammosi bo‘lganlarga ham bu dori mumkin emas¸ - deydi suhbatdosh.

Toshkentlik ruhshunos Zilola Abdulhakimovaning aytishicha¸ "Lirika" tabletkasiga «bog‘lanib» qolgan mijozlarning boshqa narkomanlardan farqi oz:

- "Lirika" tabletkasiga mubtalo bo‘lganlar¸ undan chiqish paytida boshqa narkozavisimiylar kabi azobli simptomlarga duch kelishadi. "Lirika" qabul qilgan paytidagi junbushga kelganini sog‘inib yana tabletkaga ruju’ qo‘yadi. Retsidiv esa ularni yana qaytmas choxga uloqtiradi. Ular endi tabletkadan kerakli kayfni ola olmay uni alkogol bilan omuxta qilishga o‘tishadi va butunlay "Lirika"ga qaram bo‘lib qolishadi. "Lirika"ga "o‘tirib" qolganlar darhol vrachga yoki narkologik dispanserga murojaat qilishi kerak. Oqibat juda yomon bo‘lishi mumkin. "Lirika" qabul qilgan odamdagi post-simptomlardan biri xudkushlikka moyillikdir¸ - deydi toshkentlik psixolog.

Uning qat’iy ishonch bilan aytishicha, "Lirika" - narkotik va boshqa narkotik moddalar kabi xatarli".

Hikoyamiz qahramoni bo‘lgan Sherzod lirika tabletkasiga qaramlikdan chiqish yo‘lini mustaqil izlayotganini aytadi.

- Mana 18 kundan beri lirika qabul qilmayapman. Bu men uchun rekord ko‘rsatkich. Sal dovdirab yuribman. Lomka qiynaydi. Lekin baribir "Lirikadan butunlay qutulib ketishimga ishonaman¸ - deydi yengil kayf beradigan "apteka narkotiklariga" o‘rganib qolgan kompyuter muhandisi.

XS
SM
MD
LG