Линклар

Sherobod hokimi: Prezident maslahatchisi meni ishdan bo‘shatgani yo‘q!

  • Озодлик

Qimmatga sotib olgan do‘konlari buzilib¸ bugunda yoymachiga aylanganini ta’kidlagan sherobodlik savdogarlar¸ tuman hokimining o‘z oldilarida ishdan olinganiga guvohlik berdilar.

Surxondaryo viloyat, Sherobod tuman hokimi Abdulhakim Eshmurodov 15 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda o‘zining ishdan olingani haqidagi xabarni inkor etdi. Bundan oldin Ozodlikka murojaat qilgan sherobodlik tadbirkorlar¸ 14 sentabr kuni prezident maslahatchisi o‘z oldilarida Eshmurodovni hokimlikdan bo‘shatganini “minnatdorlik” bilan xabar qilgan edi.

15 sentabr kuni Ozodlikka murojaat qilgan sherobodlik tadbirkorlar ushbu tumanga borib¸ prezident portaliga murojaat qilganlar bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazgan prezident davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganovni alqab¸ duo qildilar.

“Kecha tushdan keyin bizlarni hokimiyatga familiya bilan chaqirib olishdi. 15 tacha bo‘ldik. U yerga prezident apparatidan davlat maslahatchisi kelgan ekan. U kishi bizlarni eshitdi¸ oldimizda hokim Abdulhakim Eshmurodov (laqabi "Aqlli") tik holda turdi. Bizlar portalga chiqqanimiz sababi dehqon bozorida ko‘chmas mulkimiz - do‘konimiz hech narsasiz zo‘rovonlik bilan buzib tashlanib¸ bizga pul ham¸ bozordan yer ham berishmaganligini va boshqa buzilmagan do‘konlarni xuddi bizning ahvolimizga tushirishmoqchi ekanligini¸"men portal¸ men sud¸ kimga borsang bor"¸ deganini aytdik.Toshkentdan kelgan davlat maslahatchisi hokimga qarab “bu nima bedodlik” degandi¸ hokim bidir- bidir qilib gapidan tona boshladi. Keyin biz hokimning barcha gaplarini maxsus yul bilan isbotlab berdik. Toshkentdan kelgan davlat maslahatchisi hokim Abdulhakim Eshmurodovga qarab: “Biz sizga ishongandik¸ rasvo ishlaringizni hech qo‘ymabsiz¸ xalqni shuncha ham ezadimi? Xayf sizga¸ oddiy mardikordan farqingiz qolmabdiyu¸ bugundan hokimlikdan bo‘shsiz. Sizga bundan ortiq isnod-jazo yo‘q”¸deb ishdan ozod qildi. Bizlarni: “Sizlar boraveringlar¸ nasib bo‘lsa hammasi yaxshi bo‘ladi”¸ deb kuzatvordi. Baraka topsin¸ yaxshi odam ekan. Shunday odamlar ko‘paysin”¸ deb ëzdi 15 sentabr kuni Ozodlikka sherobodlik tadbirkorlar vakili.

Aytilishicha¸ Sherobod hokimi iyun oyida tuman markazidagi shinam bozorni buzdirib¸ bu yerda savdo qilib kelgan 167 nafardan ortiq tadbirkorga na tovon puli va na yangi do‘kon ajratgan. Uch yil burun bu bozordan katta pul to‘lab, do‘kon sotib olgan savdogarlar kasod bo‘lib¸ prezident portaliga qayta-qayta murojaat qilgan. Tadbirkorlarga ko‘ra¸ muammoni hal qilish o‘rniga hokim Eshmurodov¸ shikoyat qilganlarga nisbatan bosim va tahdidni kuchaytirgan¸ xolos.

Ozodlik 15 sentabr kuni Sherobod tuman hokimligiga bog‘lanib¸ shikoyatchi tadbirkorlar bilan bunday uchrashuv bo‘lgan-bo‘lmagani va unda hokimning ishdan olinganiga oid xabarga oydinlik kiritishni so‘radi.

Mahalliy vaqt bilan kechki soat 6 larda Ozodlik suhbatlashgan hokim yordamchisi joriy hafta davomida Sherobod tumaniga O‘zbekiston prezidentining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov safar qilgani¸ uch kun davomida tadbirkor va oddiy aholi vakillari bilan uchrashib¸ 14 sentabr kuni Toshkentga qaytganini tasdiqladi.

(Davlat maslahatchi Tursunxon Xudoyberganov viloyatlardan birida shikoyatchilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Surat Twitter tarmog‘idan olindi.)

Biroq hokim ërdamchisi Abdulhakim Eshmurodovning ishdan olinganidan xabari yo‘qligini bildirdi:

- Hokim bugun ham ishdalar. To‘rtta rahbarga tayinlangan to‘rtta sektor bor. (Gap tuman hududining 4 sektorga bo‘lingani ustida bormoqda - tahr.) U kishi hozir o‘z sektorida yuripti¸ men kabinetdaman. Ishdan olingan bo‘lsalar¸ men bilishim kerakku! Mening bundan xabarim yo‘q¸ dedi Sherobod tuman hokimi yordamchisi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Ozodlik muxbiri 14 sentabr kungi sayyor guruh bilan uchrashuvda bevosita qatnashgan tadbirkorlardan biri bilan qayta bog‘landi.

Shaxsi sir qolishini so‘ragan bu tadbirkor¸ Eshmurodov tadbirkorlarga qilgan “kimga borsang bor¸ baribir o‘zimga keladi”¸ degan mazmundagi tahdididan tonganidan so‘ng¸ davlat maslahatchisiga uning ayni dag‘dag‘asi yozib olingan audioyozuv taqdim etilgani va shundan so‘ng “oqsoch¸ ko‘zoynakli maslahatchi” (Xudoyberganov) prezident nomidan gapirayotgani va bunday bedodlik uchun uning ishdan olinganini aytganini ta’kidladi.

“Bugun butun Sherobod ahli shu haqda gapirayapti. Bu odam oldin Surxondaryo viloyatiga hokim bo‘lgan¸ undan olgan oblprokuror bo‘lgan. Unga gap topib berish qiyin. Qo‘lingdan hech narsa kelmaydi – xohlasam¸ do‘koningni¸ xohlasam¸ uyingni yer bilan tekislab tashlayman” deb do‘q qilgani-qilgan. Lekin davlat maslahatchisi malades odam ekan¸ tomiri chuqur bu hokimni ishdan oldi bizning oldimizda”¸ dedi 14 sentabr kungi majlisda bevosita qatnashgan tadbirkorlardan biri.

Sherobod hokimi ishdan olindimi-olinmadimi¸ degan savolga so‘nggi aniqlikni kiritish maqsadida Ozodlik muxbiri bevosita Abdulhakim Eshmurodovning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Eshmurodov “o‘zining ishdan olinganidan bexabarligi"ni ayta turib¸ O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra davlat maslahatchisining hokimlarni ishdan olishga haqqi yo‘qligiga shama qildi:

- Hech narsadan xabarim yo‘q. Meni tepadan so‘rab¸ qancha javob kerak bo‘lsa¸ o‘shattan olishlariz mumkin. Hokim qanday tartibda qo‘yiladi¸ qanday tartibda olinadi¸ undan xabarlariz bor. O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunida aniq yozib qo‘yilgan – uni e’lon beriladi¸ hammasi hal qilinadi¸ Xalq deputatlari kengashi o‘tkaziladi. Hamma savollaringizga tegishli tartibda yuqori idoralarimizdan javob olishingiz mumkin. Salomat bo‘ling¸ deya suhbatni tugatdi Abdulhakim Eshmurodov.

14 sentabr kuni Kun.uz saytida «O‘zpaxtasanoat» rahbari tuman hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi” degan xabar e’lon qilindi.

Unga ko‘ra¸ «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Yashin Sohibovich Xidirov lavozimdan olinib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hokimining ijtimoiy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan.

15 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Sherobod tuman hokimi yordamchisi bu yangilikni internetda ko‘rgani¸ hozircha bu haqda hech qanday rasmiy qog‘oz ko‘rmagani¸ hozircha Xidirovning tumanga kelmaganini bildirdi.

Xidirovning hokim o‘rinbosarligiga tayinlanishi Eshmurodovning ishdan olinish-olinmasligiga aloqadormi-yo‘qmi¸ Ozodlik ixtiyorida hozircha bunga aniqlik kirituvchi ma’lumot yo‘q.

Surxondaryo viloyat hokimi qabulxonasi telefon go‘shagini ko‘targan xodim Ozodlik radiosi degan so‘zni eshitishi bilan¸ go‘shakni ilib qo‘ydi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati Sherobod tuman hokimining ishdan olingani haqida o‘zida ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

XS
SM
MD
LG