Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:20

Professor va bloggerlar Milliy bog‘ o‘rnida Disneyland qurish rejasiga qarshi


Toshkent markazidagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ining «Stargate Systems» xususiy shirkatiga berilishiga ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildirilmoqda.

Norozilik bildirayotganlar ichida professor va diplomat Alisher Fayzullaev¸ siyosatshunos Farhod Tolipov¸ blogger Sardor Salim va filolog Farida Shariflar ham bor.

Shuningdek Toshkentdagi "Mehr va Oqibat" hayvonlarni asrash jamiyati Milliy bog‘ hududi buzilib delfinariya qurilishi g‘oyasiga qarshi petitsiyani imzolashga chorlamoqda.

Beshyog‘ochda Dysneyland?

Dushanba kuni Toshkent markazidagi milliy bog‘ eshiklari keluvchilar uchun eshiklarini yopdi. Shu bog‘ ichidagi ustaxonada rassom bo‘lib ishlaydigan Farid Nugmanovning aytishicha¸ bu hududdagi binolar¸ arg‘imchoq va bolalar temir yo‘lini buzish boshlangan.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 sentabrdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy bog‘i o‘rnida «zamonaviy hamda yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bog‘i» qurilishi boshlangan.

Ayni qarorga ko‘ra¸ Milliy bog‘ Toshkentdagi «Stargate Systems» shirkatiga 49 yil muddatga ijraga berilgan. Maydoni ko‘l bilan birga 20,79 gektarni tashkil qiluvchi bog‘ hududida to‘rt yil ichida yangi ko‘ngil-ochar maskan bunyod qilinishi kerak.

Milliy bog‘ egasiga aylangan shirkat rahbari Jahongir Abidovich Artikxo‘jaevdir.

Ozodlik bilan suhbatda «Stargate Systems» shirkatining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra¸ 2021 yilgacha Milliy bog‘ o‘rnida ikkita «Amerika tepaliklari» attraksioni, syorfing bilan shug‘ullanish uchun sun’iy to‘lqinli suv inshooti, shuningdek delfinariy tashkil qilinadi.

Shirkat vakiliga ko‘ra¸ bu ishlar uchun 60 million dollar sarflanishi rejaga kiritilgan:

- Bu kuniga 10 ming odam dam oladigan Disneyland tipidagi inshoot bo‘ladi, dedi shirkat vakili.

Shaffof tender qani?

Shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis¸ eko binolar qurish borasidagi g‘oyalar muallifi¸ me’mor Saida Shahobiddinova Ozodlik bilan suhbatda “Milliy bog‘ning referendum o‘tkazilmasdan va shaffof jarayonli tendersiz shubhali bir shirkatga berilishi” qator savollar uyg‘otayotganini aytadi:

- Nega buzish kerak¸ degan savol eng birinchi turadi. Park 70-yillar retro stilidagi uyg‘un va ko‘kalamzor joy. Toshkentda platan daraxtlari g‘uj o‘sadigan oxirgi maskan bu. Bugundan boshlab park hududidagi bolalar temir yo‘li buzilayapti. Tor temir izdan iborat bu temir yo‘l unikal edi. SNGda analogi yo‘q. Hozir Yevropada bolalar uchun temir yo‘l qurish trendga aylangan paytda¸ uni buzish kerakmi? Asosiy savol - Milliy bog‘dagi daraxtlarning kesilishi haqida. Men tanishgan rejada 30 foiz daraxt kesilishi nazarda tutilgan. Nega daraxt kesilishi kerak¸ deya savol qo‘yadi bu suhbatdosh.

Dysneyland joyi - Toshkent tashqarisida

Siyosiy fanlar doktori¸ psixologiya fanlari nomzodi, professor, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Muzokaralar laboratoriyasi mudiri va Amaliy diplomatiya kafedrasi professori, Favqulodda va Muxtor elchi Alisher Fayzullaev Facebookdagi o‘z sahifasida Milliy bog‘ning xususiy qo‘llarga o‘tishini qoralab chiqdi.

Fayzullaev «Nega shirkat shahar chekkasidagi taqir yerda attraksion qurmay¸ tayyor bog‘ni buzmoqchi?" deya savol qo‘yadi:

- Shaxsan mening fikrimcha, bunaka parklarni qurish kerak, lekin shahardan chetda. Milliy bog‘, ayniqsa¸ shahar markazida, kommersiyadan yiroq va odamlarning dam olish maskani bo‘lishi kerak¸ deb o‘ylayman¸ deya ta’kidlaydi professor..

Olimga ko‘ra¸ «yuqori texnologiyali parklarning joyi shahar tashqarisida”:

- Hozir jahonning biror joyida shahar o‘rtasida bunday katta attraksionlar qurilmayapti. Taklif etilgan loyiha shahar chekkasida qurilsa, uni qo‘llab-quvvatlardim. Milliy bog‘ maqomiga ega, shahar uchun tarixiy yashil go‘sha o‘rnida nafaqat attraksionlar va delfinariy, balki yirik savdo majmuasi ham qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Yana qaytaraman, shahar chekkasida, qandaydir bo‘sh yotgan yer topib, o‘sha yerni obodonlashtirishganda boshqa gap¸ deydi olim..

Peshonasi sho‘r yerni yanada sho‘rlashtirish?

Toshkentlik filolog Farida Sharif «yoshlar ko‘lida delfin boqish istiqboliga» o‘zining Facebookdagi sahifasida shubha bildirdi:

- Qiziq¸ Goskompriroda bizning kasal tabiatimizda delfin boqishning ekologik oqibatlari bo‘yicha ekspertiza xulosasiga egami? Delfinlar uchun toza dengiz suvi¸ ya’ni sho‘r suv kerak. Mayli¸ bog‘ning yangi egasi vodoprovod suviga tuz qo‘shdi ham¸ deylik. Keyin bu suvni qaerga oqizib yuboradi? Kanalizatsiyagami? Yon-atrofdagi kanallargami? Keyin nima bo‘ladi? Yer sho‘rlanib ketmaydimi? Shahar markazidagi bog‘ga nazarini tikkan tujjorlar ikkinchi Orolni tayyorlashmoqdami? deya ritorik xitob qiladi Farida Sharif.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Alisher Fayzullaev ham Toshkent markazida delfinariya qurilishini yoqlamaydi:

- Ummon yoki dengiz bo‘yida barpo etiladigan delfinariyni tushunsa bo‘ladi. Biroq bu yerda qanday qilib qurishmoqchi¸ tushunarsiz. Delfinlar qanday suvda yashaydi, bu yerda tanqis bo‘lgan suv qanday yangilanadi, bunga qancha suv ketadi? Hisob-kitoblar bormi? Suvdan foydalanish uchun to‘lov qay tariqa amalga oshiriladi?¸ deydi olim.

Ayni paytda Toshkentdagi "Mehr va Oqibat" hayvonlarni asrash jamiyati Milliy bog‘ hududining buzilishi va o‘rnida delfinariya qurilishi g‘oyasiga qarshi petitsiyani imzolashga chorlamoqda. Bu tashkilot a’zolari Toshkentga keltiriladigan delfinlar taqdiri fojeaviy bo‘lishidan xavotir bildirmoqda.

Toshkent markazida tuganmas tiqin?

Me’mor Saida Shahobiddinova va professor Fayzullaev bog‘ qurilishi shaharda transport kollapsiga olib keladi¸ degan ehtimolni ham ilgari surishdi.

Fayzullaev nazarida, jamoatchilik muhokamasi va ekspert hisob-kitoblarisiz amalga oshiriladigan bu rejadan shahar infratizimi zarar ko‘rishi mumkin:

- Kuniga 10 ming nafar tashrif buyuruvchi degani shahar markazida, boz ustiga, aeroportga olib boruvchi bosh ko‘chada yirik tirbandlik keltirib chiqarilishini anglatadi. Bu muammo qanday hal etiladi? Shaharning biz ko‘nikkan qiyofasichi? Axir bog‘ shahar tarixining bir qismi, ko‘plab insonlarning bolalik xotirasi hisoblanadi. Milliy bog‘da har kuni sayr qiluvchi qariyalar nima qiladi? Ularning manfaatlari nima bo‘ladi, bugungi bog‘ni yaxshi ko‘radigan ko‘plab shaharliklarning manfaatichi? -deya savol qo‘yadi Fayzullaev.

Siyosatshunos Farhod Tolipov Facebookdagi sahifasida​ «bu loyihani to‘xtatishni talab qilib hukumatga yozaylik» degan taklifni ilgari surdi.

Bunga javoban blogger Sardor Salim «Turklar Gezi parkini himoya qilib saqlab qola oldi ¸ bizda unday jasorat yo‘q¸ ko‘nikib ketamiz» deya istehzoli fikr bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Milliy bog‘ning xususiy qo‘llarga o‘tishi qizg‘in muhokama qilingani ortidan¸ bog‘ni 49 yil ijaraga olgan «Stargate Systems» vakili Komi Rakhmanova Facebookdagi sahifasida bu noroziliklarga javob berdi.

Uning uqtirishicha¸ bog‘ maydonida birorta ham daraxt kesilmaydi va bolalar temir yo‘li zamonaviy tarzda qayta bunyod qilinadi.

Keyingi 25 yil ichida ikkita park qurilishlar bois Toshkent xaritasidan g‘oyib bo‘ldi.

Ulardan biri o‘rnida Toshkent shahar hokimligi binosi qurilgan bo‘lsa¸ ikkinchisi o‘rnida prezident ma’muriyati binosi tiklandi.

XS
SM
MD
LG