Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2019, Тошкент вақти: 03:41

Andijonda xotinining o‘rniga paxtaga chiqqan hasharchi dalada jon berdi


Andijon shahrida yashovchi 58 yoshli Muzaffar Umrzoqov maktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi o‘rniga paxtaga chiqqan paytda dalada jon berdi. Voqea guvohlarining Ozodlikka aytishicha, Umrzoqov tergan paxtasini pritsepga olib borayotgan mahal yurak xurujidan o‘lgan. Marhumga shu kuni kechqurun janoza o‘qilib, zudlikda dafn etilgan.

Voqea 16 sentabr kuni Andijonning Izboskan tumani Poytug‘ shahriga yaqin paxta dalasida sodir bo‘ldi.

Voqea tafsilotlaridan xabardor Hayotullo ismli andijonlikning Ozodlikka aytishicha, Muzaffar Umrzoqov Andijon shahridagi 8-sonli maktabda farrosh bo‘lib ishlaydigan rafiqasi Nasiba Umrzoqovaning o‘rniga paxta terimiga chiqqanida, paxta dalasida vafot etgan:

“O‘sha kuni Nasiba opaning o‘rniga turmush o‘rtog‘i Muzaffar aka chiqqan. Dalada paxta terib, soat 16.15da tergan paxtasini pritsep tomon olib borayotganida mazasi qochib yiqilib qolgan, doktorlar yurak huruji deyishdi. Muzaffar aka oldin ham infarkt bo‘lgan ekan. Shu kuni kechqurun 20dan 40 minut o‘tganda janozasi o‘qilib, imi-jimida kechki 21 lar atrofi qabristonga qo‘yildi”, - dedi Hayotullo.

Xalqaro tashkilotlarning majburiy mehnatga qarshi kurashish haqidagi tinimsiz chaqiriqlariga qaramay, O‘zbekistonda bu yil ham byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan o‘qituvchi va shifokorlar ham paxta terishga majburlanmoqda.

Lekin, Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda maktablarning faqat texnik xodimlari paxtaga chiqarilayotganini aytdi.

- 8-sonli maktabning texnik xodimini eri olamdan o‘tgan. Shu maktabda texnik xodim bo‘lib ishlaydigan ayol uyida ko‘rpa-to‘shak tikish ishlari borligini aytib, direktoridan o‘rniga eri chiqishini so‘rab ruxsat so‘ragan va mana shunaqa baxtsiz holat ro‘y bergan, - dedi Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi.

Muzaffar Umrzoqovning Andijon shahridagi uyi. Marhum janazasi kechqurun o‘qilib, zudlikda dafn etilgan.
Muzaffar Umrzoqovning Andijon shahridagi uyi. Marhum janazasi kechqurun o‘qilib, zudlikda dafn etilgan.

58 yoshli Muzaffar Umrzoqovning vafoti bu yilgi paxta mavsumida Ozodlikka ma’lum bo‘lgan birinchi o‘lim holatidir.

O‘tgan yilgi paxta mavsumi payti o‘ndan ortiq odam halok bo‘lgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi rasmiy saytida avgust oyida e’lon qilingan xabarda vazir muovini Erkin Muhitdinov AQSh Senati xalqaro aloqalar bo‘yicha qo‘mitasi hay’ati a’zolari bilan uchrashuv chog‘ida majburiy mehnatni taqiqlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 8 avgust kungi bayonnoma qarori imzolangani va o‘qituvchiyu shifokorlar paxta terimiga chiqarilmasligini aytgani haqda ma’lum qilingan edi.

Ozodlik terim jarayonidagi majburiy mehnat holatlarini kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG