Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:09

96 turdagi import mollari boji 1 oktabrdan arzonlaydi, mashinalarniki emas


O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari muhokama etilayotgan rasmiy saytda 19 sentabr kuni jamoatchilikka Prezidentning yana bir qarori loyihasi taqdim etildi. “O‘zbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada tartibga solish choralari to‘g‘risida” deb nomlangan bu loyiha qarorga aylansa¸ 1 oktabrdan mamlakatga olib kirilayotgan 96 turdagi mahsulotga solinadigan boj to‘lovlari va aksiz solig‘i butunlay olib tashlanadi¸ yoki pasayadi.

“Loyihaning qarorga aylanishi aniq”

19 sentabr kuni muhokama qo‘yilgan qaror loyihasi 4 oktabrga qadar ochiq bo‘lishi aytilgan bo‘lsa-da¸ uning kuchga kirish ehtimoliy sanasi 1 oktabrga belgilangan.

O‘zbekiston Davlat Bojxona qo‘mitasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ bu qarorning prezident Shavkat Mirziyoev AQShdan qaytishi bilan imzolanishi va hatto 1 oktabrga qolmay kuchga kirishi kutilayotganini bildirdi.

Loyiha muallifi - Iqtisodiyot vazirligining Ozodlik gaplashgan mutaxassisi qaror loyihasining mamlakatda valyuta erkin konvertatsiyasi joriy etish boshlangani munosabati bilan ichki ishlab chiqaruvchilar manfaatini himoya qilish va bozordagi ehtiyojtalab iste’mol mollari narxining keskin ko‘tarilib ketishi oldini olish maqsadida ishlab chiqilganini aytadi:

- Bu loyihada 96 turdagi jami 10 mingga yaqin nomdagi import moliga belgilangan davlat boji va aksiz solig‘i butunlay nolga tushirildi yoki sezilarli darajada¸ sog‘lom aql chegarasida¸ arzonlatildi. Boj va aksizdan ozod qilingan mahsulotlar ro‘yxatiga¸ birinchi galda¸ go‘sht¸ sut¸ choy¸ bug‘doy¸ boshoqli va dukkakli ekinlar kabi keng iste’mol mahsulotlari¸ shuningdek¸ deyarli barcha sohadagi ichki ishlab chiqaruvchi uchun suv bilan havodek zarur bo‘lgan xom-ashyo va komponentlar kiritildi¸ dedi Iqtisodiyot vazirligi rasmiysi.

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasidan farmatsevtika mahsulotlari¸ qurilish¸ to‘qimachilik¸ matbaa¸ kiyim-kechak¸ chorva va parrandachilikni rivojlantirish uchun zarur sanalgan mahsulotlar va ular komponentlarining bojdan ozod qilinishi¸ ehtiyoj baland bo‘lgan tayyor kiyim-kecha¸ oyoq kiyimi¸ turli elektr tovarlariga solingan boj stavkalarining sezilarli arzonlatilishi kutilayotgani ko‘riladi.

“Import deyarli to‘xtab qoldi”

19 sentabr kuni e’lon qilingan prezident qarori loyihasiga munosabat bildirgan Toshkentdagi yirik ulgurji bozorlaridagi ayrim savdogarlar¸ Markaziy bank o‘zbek so‘mining xorij valyutalariga nisbatan kursini keskin devalvatsiya qilganidan so‘ng¸ O‘zbekistonga import mollari kelishi muzlab qolganini bildirdi.

“5 sentabrdan boj to‘lovlarini 8100 so‘mdan hisoblashga o‘tishganidan so‘ng¸ Xitoydagi sheriklarimizdan mol olishni to‘xtatdik. Bozor ko‘tarmay qoldi yangi narxlarni. O‘tgan hafta tamojnyadagilar bir hafta-10 kun kutinglar¸ stavkalar o‘zgaradi¸ deyishgandi. Shu qarorni aytishgan ekan. Agar import rastamojkasi arzonlamasa¸ mol kelish to‘xtaydi¸ bozorda qimmatchilik barobarida qahatchilik ham boshlanadi”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan savdogarlardan biri.

“Bozor yana o‘ziga kelib qolsa¸ ajabmas”

Qaror loyihasida taklif etilgan yangi boj stavkalariga munosabat bildirgan chakana savdodagi Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlar¸ devalvatsiyadan keyin "esankirab qolgan" import bozori normallashishiga umid bildirdilar.

“Men birrov qarab chiqdim. Biz Xitoydan import qilib kelgan tovarlarga belgilangan boj to‘lovlari ikki baravardan ko‘proqqa arzonlashishi mumkin ekan. Bu aslida so‘mda to‘lanadigan stavkalarda katta o‘zgarish degani emas. Chunki¸ oldin¸ bitta tovarga davlat kursi bo‘yicha 6 dollar (4100x6=24600 so‘m) to‘lagan bo‘lsak¸ endi yangi kurs bo‘yicha 2 dollar (8100x2=16200) to‘laymiz. Lekin¸ baribir¸ nisbatan arzonlash bor va shuning hisobiga import kelishi yana izga tusha boshlasa kerak"¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan kichik tadbirkorlardan biri.

Devalvatsiyadan keyin ikki baravarga qimmatlagan mashinalar rastamojkasida o‘zgarish yo‘q

Muhokamaga qo‘yilgan qaror loyihasidan chetdan olib kelinadigan avtomobillarga solinadigan boj va aksiz stavkalarining o‘zgarishsiz qolgani ko‘riladi.

O‘zbekistonga import qilinadigan yengil mashinalarning yangisiga to‘lanadigan boj stavkasi loyihada 30 foizdan 70 foizgacha¸ mashina dvigatelining har kub santimetri uchun 3 AQSh dollaridan qilib belgilangan.

O‘zbekiston avvaliga Janubiy Koreyaning Daewoo, bugunga kelib AQShning GM shirkati bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi ortidan¸ ichki bozorni himoyalash iddaosi bilan xorij avtomobillariga nisbatan boj stavkalari nihoyatda baland qilib belgilangan.

Bu stavkalarning o‘zgarishsiz qolgani¸ loyihaga nisbatan bildirilgan dastlabki sharhlarga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi import mashinalari dilerlari hafsalasini pir qilgan.

“Mazkur qarordan maqsad “iste’molchi talabini qondirish va ichki bozordagi narxlarning oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik”dir. Ayni paytda¸ yengil mashinalarga nisbatan boj to‘lovlari va aksizni avvalgi darajada qoldirish mashinalar narxi jiddiy oshishiga olib keladi va shu bilan qaror mohiyatiga ziddir.

Premium klassdagi xorijiy avtomobillarga nisbatan davlat bojini arzonlatish O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatidagi raqobatbardoshlikni oshirishda muhim mexanizm bo‘ladi. Qolaversa¸ to‘lovlarni arzonlashtirish import qilinadigan avtomobillar soni ko‘payishi va davlat byudjetiga tushumlar ham ko‘payishiga olib keladi. Ana shular asosida¸ yangi yengil mashinalarga qo‘yilgan boj to‘lovlarini qayta ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz”¸ deb yozdi qaror loyihasiga birinchilardan bo‘lib munosabat bildirgan o‘zini Shavkat Nurmatov deb tanishtirgan dilerlardan biri.

“Maqsad o‘zi mashina rastamojkasini tushirish edi..”

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligining qaror loyihasini hozirlashga bevosita aloqador rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda import mashinalariga boj to‘lovlarini “sog‘lom aqlga moslash” loyiha mualliflarining birlamchi maqsadlaridan bo‘lganini ayta turib¸ bu borada umidsizlikka hali ertaligini bildirdi.

“Loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishdan maqsad nima? Tadbirkor¸ ishlab chiqaruvchi¸ iste’molchi¸ hukumat tizimlari fikr-mulohazalarini o‘rganish. Ular bildiradigan har bitta fikr inobatga olinadi¸ Iqtisodiyot vazirligi¸ Savdo-sanoat palatasi va boshqa strukturalarda ko‘rib chiqiladi. Shu asosda¸ loyihaga o‘zgartish va tuzatish kiritiladi. Yengil mashinalar rastamojkasini arzonlatish taklifi bor¸ u hali kun tartibidan olib tashlanmadi. Qaror kuchga kirgunga qadar¸ o‘zgarish bo‘lsa¸ ajabmas”¸ dedi loyihani hozirlash jarayoniga bevosita aloqador mulozim.

XS
SM
MD
LG