Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:32

Toshkentdagi yana bir bog‘ “xorijiy investor”ga berildi¸ tadbirkorlar norozi


Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy bog‘ining ham noshaffof yo‘l bilan yangi investorga 49 yillik ijaraga berilgani toshkentlik faollar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston Milliy bog‘ining ham noshaffof yo‘l bilan yangi investorga 49 yillik ijaraga berilgani toshkentlik faollar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Toshkentliklar orasida mashhur Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i shahar hokimi qarori bilan xorijlik deb aytilayotgan investorga 49 yilga ijaraga berildi. Toshkentdagi yana bir so‘lim va gavjum bog‘ning mahalliy tadbirkorlardan tortib olinib¸ shaffof bo‘lmagan tarzda yangi investorga berilishi ortidan ishsiz qolayotgan 40 dan oshiq tadbirkor va ularning ishchilari Ozodlik orqali prezident Mirziyoevga murojaat qilib¸ bu jarayonni to‘xtatishni so‘radi.

Tadbirkorlar “Ariza”si

O‘zbekiston prezidentining virtual qabulxonasi¸ Toshkent shahar hokimi¸ Madaniyat vazirligi va Madaniyat bosh boshqarmasiga yo‘llangan ariza nusxasini Ozodlikka yo‘llagan tadbirkorlar Mirzo Ulug‘bek bog‘i bo‘yicha chiqarilgan qarorga e’tiroz bildiradilar.

Kechagina bog‘da bog‘ rahbariyati va madaniyat ishlari Bosh boshqarmasi tomonidan bog‘ tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilishicha¸ bog‘ni qandaydir investor 49 yilga ijaraga olgan. Endi sizlar o‘z attraksionlaringizni va inshootlaringizni 5 oktabrgacha olib chiqib ketishlaringni so‘raymiz¸ aks holda 10 oktabrdan boshlab eshiklar yopiladi va buldozer tushib hamma yoqni tekislab tashlaydi, deyishdi. Shunda bizlar bu gapga hayron qolib, biz ko‘pchiligimiz ko‘p qavatli uyda tursak¸ bularni qaerga olib ketamiz, desak bu sizlarning muammolaringiz, deyishdi.

Biz bir narsaga tushuna olmayapmiz. Nima uchun investorga kelib-kelib shu bog‘ berilmoqda? Rekonstruksiyadan chiqqan tayyor bog‘. Nima uchun boshqa bog‘lar¸masalan Sirg‘ali nomli madaniyat va istirohat bog‘i, "Bog‘i shamol" madaniyat va istirohat bog‘i, "Gulshan" madaniyat va istirohat bog‘i yoki yangi bog‘lar uchun ajratilgan joylar emas? Bulardan tashqari TashSelMash zavodi buzilgandan so‘ng 20 gektardan oshiq yer investorga muhtoj bo‘lib chiqindiga to‘lib yotibti. Fikrimizcha shu yer investorga berilsa, maqsadga muvofiq ish bo‘lar edi”¸ deyiladi virtual qabulxonaga yozilgan tadbirkorlar arizasida.

Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan tadbirkorlarning aytishicha¸ Mirzo Ulug‘bek bog‘ida yillardan beri ishlab kelgan 40 nafar tadbirkor¸ ular qo‘lida ishlayotgan 200 ga yaqin odam yaqin kunlarda ishsizlar safiga qo‘shilish tahdidi ostida qolgan.

Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ rasmiylar ularga o‘z attraksionlarini Gulshan bog‘iga vaqtincha ko‘chirish mumkinligini aytishgan¸ biroq nima uchun ishlab turgan bog‘ni tortib olib¸ uni noshaffof bir tarzda yangi investorga berishga qaror qilinganiga qanoatlanarli izoh berishmagan.

Mirzo Ulugbek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i investorga muhtoj emas. Chunki bog‘ daromadi va imkoniyati o‘zini o‘zi ta’minlashga yetadi. Bog‘ning hech qanday kommunal yoki boshqa to‘lovlardan qarzi yuq. Bog‘ daromadi birin-ketin bog‘ balansidagi attraksionlarini almashtirishga etadi. Shuning bilan bir qatorda bog‘dagi tadbirkorlar xar yili 3-4 tadan yangi attraksion olib kirishga tayyorlanib turishibdi”¸ deyiladi ularning prezident portaliga yuborgan arizasida.

Bog‘dagi attraksionlarning eskirgani rost¸ biroq...

Ozodlik bilan suhbatda Mirzo Ulug‘bek bog‘i mulozimlaridan biri¸ o‘z umrining aksar qismi ertalabdan tungi 11 ga qadar shu bog‘ hududida kechganini ayta turib¸ o‘zi kabilarning bu yerdan siqib chiqarilayotganidan xafaligini yashirmadi.

Ayni paytda¸ bu bog‘ni 21-asr bolalari uchun qiziq va jozibador qilishga kerak sarmoya ishlab turgan tadbirkorlarda yo‘qligini ham e’tirof etdi.

Juda ko‘p attraksionlar 90-yillarda olib kelingan¸ bugunga kelib eskirgan¸ ularni yangilashga kattagina mablag‘ kerak. Bog‘ infrastrukturasi ham eskirib ketgan. Har yili sezon bo‘yi yorilgan trubalarni yamash bilan band bo‘lamiz. Parkovka masalasi hal bo‘lmay keldi. Yangi investorning vakillari kelib¸ bularning hammasini yangilaymiz¸ hal qilamiz¸ muhimi daraxtlarni kesmaymiz¸ deb va’da berishdi. Bu bog‘dagi har bir daraxt qadrdon bo‘p qolgan¸ o‘zim suv quyardim har kun. Ko‘nglim buzilib ketayapti tashlab ketishga. Lekin bolalarimiz¸ nevaralarimizga zamonaviy¸ xavfsizroq atrraksionlar olib kelib¸ bog‘ni yanada obod qilishsa¸ nima ham deymiz. Faqat bog‘dagi tadbirkorlarga vaqt berib¸ shuni ichida modernizatsiya qilmasang¸ keyin boshqaga beramiz¸ deb halol aytishsa¸ bularniyam qo‘qqisdan ko‘chaga haydab chiqarishmasa¸ yaxshi bo‘lardi”¸ deydi bog‘ ma’murlaridan biri.

Mirzo Ulug‘bek (eski nomi Telman parki) nomli madaniyat va istirohat bog‘i Toshkentdagi eng tarixiy maskanlardan biri hisoblanadi.

1934 yilda tashkil etilgan bog‘ Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani markazida joylashgan.

Yangi investor kim?

Mirzo Ulug‘bek nomli bog‘dagi tadbirkorlarga ko‘ra¸ Toshkent shahar hokimining avgust oyidagi qarori bilan mazkur bog‘ 49 yilga Jet Invest deb nomlangan mas’uliyati cheklangan jamiyatga ijaraga berilgan.

Bu xabarni bog‘da ishlayotganlarga e’lon qilish uchun kelgan rasmiylarga mazkur shirkat vakillari ham hamrohlik qilgan.

Shirkatni “xorijiy investor” deyishdi. Kelgan yigitlar o‘zbeklar edi. Bu shirkatning Toshkentda ofisi hali yo‘q ekan. Egasi kim¸ bundan oldin nima ish qilgan¸ nima uchun bog‘ni aynan shu shirkatga berishdi¸ bilmaymiz”¸ dedi uchrashuvda bevosita qatnashgan tadbirkorlardan biri.

O‘zi va boshqa tadbirkorlarning hozirgi vaziyatda katta bosim va qo‘rquv ostida qolganini yozgan boshqa bir tadbirkor¸ bu shirkatning asl egasi xorijlik emas¸ balki O‘zbekiston hokimiyatidagi “juda ham qudratli shaxs ekani” va tadbirkorlarning ochiq gapirishga qo‘rqayotgani ham shu bilan bog‘liqligini bildirdi.

Bu tadbirkor iddaosicha¸ hokimiyat almashuvidan keyin Toshkentdagi serdaromad biznes ob’ektlari va istiqbolli yer hududlari yangi boshqaruvga aloqador shaxslar qo‘liga o‘tmoqda va Milliy bog‘¸ uning ortidan Mirzo Ulug‘bek bog‘ining “yangi investor”ga berilishi ana shu jarayonning bir ko‘rinishi¸ xolos.

Ozodlik ochiq ma’lumotlar bazasida o‘tkazilgan qidiruv natijasida Jet Invest Ltd. shirkatining Latviyada ro‘yxatdan o‘tganini aniqladi.

Shirkatlar reestridan uning 2008 yilda ro‘yxatga olingani¸ 2015 va 2016 yillarda o‘z faoliyatini to‘xtatganini ko‘rish mumkin.

Na egasi kimligi va na aynan qaysi faoliyat turi bilan shug‘ullanishi ochiq yozilmagan Jet Invest Ltd. shirkatining Mirzo Ulug‘bek bog‘i “xorij investori” deb 49 yilga ijaraga berilgan Jet Invest MChJ bilan ayni shirkat ekanini tasdiqlovchi dalillar hozircha Ozodlikda mavjud emas.

Ozodlik muxbirining bu savolga oydinlik kiritish maqsadida Latviyadagi Jet Invest shirkati telefon raqamlariga qilgan qo‘ng‘iroqlari kun davomida javobsiz qoldi – go‘shakni hech kim ko‘tarmadi.

Bu jarayonlarga oydinlik kirituvchi ma’lumot va hujjatlar sizda bo‘lsa¸ ularni Ozodlikka Telegram va WhatsApp tarmoqlari yoki ozodlikmail@gmail.com elektron pochtasiga yo‘llashingiz mumkin.

Ozodlik bu jarayonlarni o‘rganishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG