Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:26

Stiv Sverdlov: O‘zbekistonda amaliy qadamlarni tezroq qo‘yish kerak!


Stiv Sverdlov Ozodlikning Bishkekdagi ofisida (26 iyulь, 2017)
Stiv Sverdlov Ozodlikning Bishkekdagi ofisida (26 iyulь, 2017)

Xalqaro Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari, tadqiqotchi Stiv Sverdlov prezident Shavkat Mirziyoevning ​BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqiga munosabat bildirar ekan, ​O‘zbekistonda inson huquqlari va majburiy mehnatdan voz kechish bo‘yicha amaliy qadamlar qo‘yish vaqti keldi, deb hisoblaydi. Mirziyoev BMT minbaridan turib, Toshkent hukumati islohotlar orqali mamlakatning yangi qiyofasini shakllantirayotgani hamda fundamental inson huquqlari haqida gapirdi.

Stiv Sverdlov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqiga o‘z munosabatini Ozodlikka yozma tarzda jo‘natdi:

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelgandan so‘ng oradan bir yil o‘tib, 19 sentabr, seshanba kuni BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilk marta nutq so‘zladi. Islohotchi sifatida tanilayotgan Mirziyoev mamlakatni isloh qilish va yangilash bo‘yicha xalqaro minbardan turib, ulkan va’dalar berdi.

To‘g‘risi, ko‘pchilik Mirziyoevdan bunday ma’ruzani kutmagan edi. Negaki, u 2016 sentabrigacha O‘zbekistonda uzoq vaqt rahbarlik qilgan marhum prezident Islom Karimov davrida bosh vazir bo‘lib ishlagan. Karimov avtoritar va izolyatsionist rahbar sifatida tanilgan, mamlakatda inson huquqlari qo‘pol ravishda buzilishi boshida turgan edi.

Mirziyoev nutqining ancha qismi “Inson huquqlari himoyasini kafolatlash”ga bag‘ishlandi. U Karimovning dahshatli merosidan qat’iy tarzda voz kechishga qaror qilgan ko‘rinadi.

“Inson manfaatlari hamma narsadan ustun turadigan demokratik davlat va adolatli jamiyat” qurishni maqsad qilib olganini bildirgan Mirziyoev “Ishonchimiz komil: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan konsepsiyani ilgari surdi. O‘zbekiston o‘tmishini hisobga olsak, u ilgari surayotgan konsepsiya chindan ham yuksak ahamiyatga ega.

O‘zbekiston prezidentining ushbu bayonoti so‘nggi oylarda hukumatning fuqarolik jamiyatiga bosimni kamaytirish sari qo‘ygan qadamlar bilan birga ijobiy taassurot uyg‘otdi. Endi, hukumat bundan keyin inson huquqlarini barqaror ta’minlab bera oladimi yoki yo‘qmi, degan savol tug‘iladi.

Ayni paytda O‘zbekiston xalqi ko‘nglida umid uchqunlari paydo bo‘lmoqda. O‘zgarishlarni tezroq amalga oshirish prezidentga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

Mirziyoev ma’ruzasida tilga olgan uchta sohada zudlik bilan harakat qilish muhim ahamiyatga ega.

Birinchisi – O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatdan foydalanish masalasi. Bu – qonunbuzarlik ko‘p sodir bo‘ladigan juda og‘riqli soha. Ushbu sohada prezident mamlakatning Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik qilmoqchi ekanini aytgani olg‘a siljish bo‘layotganidan dalolat beradi. Lekin xotirjamlik bo‘lishga hali erta. Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha “Hyuman Rayts Uotch” tashkiloti va boshqa guruhlar paxta yetishtirish sohasida majburiy mehnatdan doimiy tarzda foydalanilayotganini hujjatlashtirib bormoqda. Bunga sentabr oyi boshidan boshlangan joriy paxta yig‘im-terimi paytida ham misollar ko‘p.

Ikkinchi masala- chiqish vizasi bilan bog‘liq. Prezident O‘zbekiston vatandoshidan mamlakatdan chiqish uchun talab etiladigan chiqish vizasi bekor qilinganini ta’kidladi. To‘g‘ri. Ammo bu tartib 2019 yil boshidan joriy etiladi. Ushbu keskin erkinlik cheklovining zudlik bilan bekor qilinishi ko‘plab aholining turmush tarzini bir kechada yaxshilagan bo‘lur edi.

Uchinchi masala O‘zbekistonning milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlariga ochiq bo‘lishidir. Prezident bunday tashkilotlar bilan “ochiq muloqot”ga tayyor ekanini aytib o‘tdi, biroq ortiqcha cheklovlar, o‘ta byurokratik va ko‘pincha o‘zboshimchalik bilan qabul qilinayotgan qoidalar asl vaziyat buning aksi ekanini ko‘rsatmoqda. Ushbu soha erkin nafas olishi uchun shoshilinch islohotlar zarur bo‘ladi.

Mirziyoevning ma’ruzasini o‘tmish bilan aloqalarni uzish deb baholash mumkin. Endi shunga yarasha qadamlar qo‘yilishini kutib qolamiz.

Stiv Sverdlov. Human Rights Watch.

XS
SM
MD
LG