Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:13

Faollardan uyushmagan aholini paxtaga olib chiqish talab qilinmoqda


Terimdan talabalarni qaytargan hukumat paxtani uyushmagan aholi bilan terib olmoqchi. Suratda: Samarqand davlat universiteti talabalari paxtadan qaytmoqda. 2016 yil kuzi.
Terimdan talabalarni qaytargan hukumat paxtani uyushmagan aholi bilan terib olmoqchi. Suratda: Samarqand davlat universiteti talabalari paxtadan qaytmoqda. 2016 yil kuzi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning 21 sentabr kungi farmoyishi bilan talaba, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari 22 sentabrda paxta terimidan qaytarilganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab terimga “uyushmagan aholi”ni jalb qilishga zo‘r berilmoqda.

Tuman, viloyat va respublika miqyosida keyingi kunlarda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari, mahalla raislari, imomlar va boshqa faollardan aholi orasida tushuntirish ishlari olib borish, terimga odam chiqarish talab qilindi.

"Har xonadondan 1 kishi"

Toshkent viloyat, Chinoz tuman hokimligida 22 sentabr, juma, soat 14.30 da boshlangan yig‘ilishni tuman hokimi muovini o‘tkazgani, yig‘ilishda viloyat hokimligidan Otabek ismli mulozim ishtirok etgani to‘g‘risida majlisda qatnashgan mahalla raislaridan biri ismi ochiqlanmasligi sharti bilan aytib berdi.

“Majlisda Chinoz tumanida 23 ming xonadon borligi, har bir xonadon 1 kishidan odam chiqarsa, 23 ming terimchi bo‘lishi aytildi. Shuncha odamni dalaga chiqarish vazifasi mahalla raislari, maktab direktorlari va boshqa faollarga yuklatildi. Hokim majlisga qatnashganlarning hammasidan ish kunini sahar soat 6 da boshlashni, soat 7 gacha uyma-uy yurib, paxtaga odam chiqarishni talab qildi”, dedi chinozlik mahalla raisi.

Uning aytishicha, paxta terimiga jalb qilingan o‘qituvchilar yotoqdan qaytgan. Lekin, baribir, terimga chiqishayapti. “Masalan bizning mahalladagi maktabdan 2 o‘qituvchi va texnik xodimlar yotoqdan qaytib keldi. Endi uyidan qatnab terayapti”, dedi mahalla raisi.

Chinoz tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi mahalla raisidan olingan ma’lumotlarni na tasdiqladi va na inkor etdi.

"Falonchinikiga oshgaaaa... Yo‘g‘e, dalaga paxtaga!!!"

Ozodlikka kelayotgan xabarlarda ba’zi joylarda aholini paxtaga chaqirishda an’naviy usullardan foylanashayotganini ko‘rish mumkin. Masalan, Jizzaxda jarchi ko‘chama-ko‘cha yurib, mahalla ahlini paxtaga oshga chaqirganday chaqirmoqda.

"Ҳамма пахтага"
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:08 0:00

Majlis ketidan majlis

24 sentabr, yakshanba oqshomida Bosh vazir Abdulla Aripov butun mamlakat bo‘ylab selektor majlisi o‘tkazdi. Majlisda ishtirok etgan andijonlikdan olingan bu xabarni “Yoshlar ittifoqi” tashkilotining Sirdaryo viloyat bo‘limi mulozimi ham tasdiqladi.

Andijon viloyat tumanlaridan biri hokimligi mulozimining ismi aytilmasligi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, “Bosh vazir ishtirokidagi selektor yig‘ilishi kech soat 8 yarimda boshlanib, 1-1,5 soatcha davom etdi, keyin viloyat hokimining majlisi, undan keyin tuman hokimining majlisi bo‘ldi. Odamlar majlisdan 11 yarimlarda bo‘shadi”.

Hokimlik mulozimining aytishicha, Bosh vazir selektor yig‘ilishida paxtani kim terishi to‘g‘risida gapirgani yo‘q. U faqat paxta terimidagi oqsayotgan viloyatlarni tanqid qilgan. Lekin viloyat hokimi majlisda qatnashgan faollardan uyushmagan aholini terimga jalb etishni talab qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 25 sentabr, soat 19.30 ga faollar yana hokimliklarga majlisga chaqirilgan. Majlisda terimga kim qancha odam jalb etgani to‘g‘risida hisobot talab qilinadi.

Paxtani kim terishi 19 sentabrda ma’lum bo‘lgan

Bosh vazirning 21 sentabr kungi farmoyishi e’lon qilinishi bilanoq har bir o‘zbekistonlikda "paxtani endi kim teradi?" degan savol paydo bo‘lgan edi.

Lekin, Ozodlikka kelib tushgan bu hujjatdan hukumat bu masalaga oldindan tayyorlanganini ko‘rish mumkin.

“Yoshlar masalalari bo‘yicha respublika idoralararo kengashi”ning 19 sentabrda o‘tkazilgan majlisida uyushmagan yoshlardan iborat “Fidoyi yoshlar otryadlari” loyihasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala ko‘rilib, tegishli qaror qabul qilingan.

Idoralararo kengashga Bosh vazir Abdulla Aripov raislik qiladi.

​Ozodlik bu majlisdan oldinroq, 17 sentabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab "Yoshlar ittifoqi" tashabbusi bilan 575 ta "Fidoyi yoshlar" otryadi tuzilgani, bu otryadlarga 51 ming 138 ta "uyushmagan yoshlar" qamrab olingani, ularning soni kun sayin ortib borayotgani to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlarga tayanib xabar xabar bergan edi.

Har bir tumanda necha nafar "fidoyi yosh" bo‘lishi rejalashtirilgan

“Yoshlar ittifoqi” Sirdaryo viloyat bo‘limi vakilining Ozodlikka aytishicha, shu kunda "Fidoyi yoshlar" otryadlari safini kengaytirish ishlari olib borilmoqda.

“Har bir maktabda vakillarimiz bor. Ular darslar tugaganidan so‘ng, kunning ikkinchi yarmida mahallalarda yurib, ishsizlarni, yoshi 19 dan 30 gacha bo‘lgan yoshlarni targ‘ibot qilish orqali ularning roziligi bilan “Fidoyi yoshlar otryadlari”ni tashkil qilayapmiz”, dedi “Yoshlar ittifoqi” vakili.

Uning aytishicha, har bir tumanda necha kishi bunday otryad a’zosi bo‘lishi ham rejalashtirib qo‘yilgan. Masalan, Xovos tumanida 960 yigit-qiz “Fidoyi yoshlar” otradlariga birlashtirilishi lozim.

Shuni aytish kerakki, "Fidoyi yoshlar"ni moddiy rag‘batlantirish masalasi ham nazarda tutilgan. Terimchi yoshlar orasida bir necha nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlanishi, ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirilishi va’da qilingan. Masalan, mamlakat bo‘ylab eng ilg‘or terimchiga "Matiz" avtomobillari berilishi aytilgan.

Fidoyi topolmagan paxtani o‘zi teradi!

Joylardan kelayotgan xabarlarga qaraganda, “Fidoyi yoshlar” otryadlariga a’zo jalb etish ancha qiyin kechayotganga o‘xshaydi. Har holda 25 sentabr kuni Ozodlikka Namangandan tahrirsiz berayotganimiz quyidagi xat keldi:

“Mana Namangan viloyatida "Yoshlar ittifoqi" yetakchilari paxtada yotoqqa majburiy yotqizib paxta termoqda. Agar kim yotoqqa odam topmasa¸ o‘zi yotadi¸ agar o‘zi yotmasa¸ ishdan haydaladi¸ deyishti. Nega majburan yotqizishadi? Paxtaga chiqmasang¸ arizangni yoz¸ degan gap hamma joyda to‘lib yotibti”, deb xabar qilgan namanganlik o‘z xatiga “Yoshlar ittifoqi” Markaziy Kengashi raisi Q. Quranbaevning 4 sentabrdagi xati nusxasini ilova qildi.

Quranbaev hokimlar va tegishli vazirliklar rahbarlaridan “Yoshlar ittifoqi”ning o‘quv yurtlaridagi boshlang‘ich tashkilotlari rahbarlari paxta terimiga jalb etilmasligiga amaliy yordam berishini so‘ragan.

PaxtaGramga marhamat!

Aziz tinglovchi, "Paxta-2017" mavzusini Ozodlik o‘zining PaxtaGram ruknida batafsil yoritmoqda.

XS
SM
MD
LG