Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:24

Rishton chegarasi ochildi¸ ammo Rishton-So‘x yo‘li ochilmadi


25 sentabrdan boshlab ertalabki 7 dan kechki 7 ga qadar O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarining o‘zaro o‘tib-qaytishi uchun “Rishton” –“Kaytpas” chegara nazorat-o‘tkazish punktlari o‘z faoliyatini qayta boshladi. Ayni paytda¸ O‘zbekistonning So‘x eksklaviga kirish chegarasidagi “Apkan” punkti yopiqligicha¸ So‘x-Rishton yo‘lining yaqin orada ochilish-ochilmasligi ham mavhumligicha qolmoqda.

Rishton-Cho‘ng‘ara yo‘li ochildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning 5 sentabr kuni Bishkekka qilgan safari davomida ikki davlat rasmiylari o‘rtasida imzolanilgan hukumatlararo protokolga muvofiq¸ 25 sentabrdan boshlab o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi “Rishton” punkti ochildi.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi yana bir punktning ochilganini tasdiqlagan farg‘onalik huquq faoli Bahodir Eliboev bu ochilish tafsilotlariga oydinlik kiritdi:

- Ochildi deb eshitishimiz bilan¸ borib ko‘rdik. Rostdan ham Rishton markazida so‘xliklar yuribdi¸ yo‘l shimoliy So‘xgacha ochilipti¸ Cho‘ng‘aragacha xolos¸ deydi Eliboev.

Farg‘ona viloyatining Rishton tumaniga qarashli Cho‘ng‘ara qishlog‘i Qirg‘izistonning Botken viloyati hududidagi Aqtupraq qishlog‘i ichidagi O‘zbekiston eksklavi bo‘lib hisoblanadi. (Cho‘ng‘araliklar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida bahsli bo‘lib turgan Burgandi massividagi neft konlarida mehnat qiladi.)

- Rishton chegara punktining ochilishi¸ cho‘ng‘araliklarning Rishtonga kelib-ketishini osonlashtirdi¸ ammo bu Rishton-So‘x yo‘li ochildi¸ degani emas¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan farg‘onalik faol.

“Rishton” –“Kaytpas” chegara punktlari orqali O‘zbekistondan Qirg‘izistonga o‘tiladi. So‘xga yetib olish uchun bu eksklavga ketayotganlar bir necha kilometr Qirg‘iziston hududidan o‘tishi lozim. Shundan so‘ng So‘xning (ya’ni O‘zbekistonning) chegarasi keladi. Bu "Apqan" nazorat-o‘tkazish punktidir va shu punkt yopiqligicha turibdi. Shundan kelib chiqib, so‘xliklar Ozodlikka “Rishton” –“Kaytpas”ning ochilishidan muammomiz hal bo‘lmadi", demoqda.

Rishton-So‘x yo‘li ochilmadi

Ozodlikning Farg‘ona viloyat hokimligiga yaqin manbasi¸ 18 sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari rasmiylarining chegara masalasiga bag‘ishlangan muzokaralarida Rishton-So‘x yo‘lining ochilishi haqida deyarli bir to‘xtamga kelganini bildirgan edi.

“Toshkentdan telefon qilib¸ qirg‘iz tomondagi Rishtondan kiradigan Kaytpas va So‘xga kiradigan Apkan postlarini ochish masalasi hal bo‘ldi. Faqat texnik ishlar bitishi¸ ya’ni kompyuter va boshqa jihozlar o‘rnatilishi uchun vaqt kerak deyishgandi. Mana 10 kun o‘tdi ham¸ bugun-erta qilib o‘tiribmiz. Aniq bir gap yo‘q”¸ dedi ayni mulozim 27 sentabr kuni.

Bu rasmiy¸ bunday mavhumlikdan hafsalasi pir bo‘lgan so‘xliklar yana prezident portaliga shikoyat yozishni ko‘paytirganini qo‘shimcha qiladi.

Ayni paytda¸ chegara masalasidagi hukumatlararo komissiya faoliyatiga yaqin o‘zbek mulozimi 27 sentabr kuni muzokaralarning Botkenda davom etganini bildirdi¸ ammo ularda tomonlar biror kelishuvga erishgan-erishmagani haqida bayonot berishga ertaligini ta’kidladi.

Farg‘onalik huquq faoli Bahodir Eliboev¸ Rishton-So‘x yo‘lidagi Apkan postining ochilmayotgani haqida 26 sentabr kuni o‘zi eshitgan sababni “kurakda turmaydigan” deb baholadi:

- Rishtondan So‘xgacha yo‘l nima uchun batamom ochilmadi¸ deb so‘rasam¸ Cho‘ng‘aradan So‘xgacha bo‘lgan 10 kilometrcha masofa bor. O‘sha joyda qirg‘izlar sholisini yo‘lga to‘shab qo‘yipti¸ deyishdi. Bir-ikki kunda olishadimi¸ desam¸ ha¸ degandek qilishdi. Bilasiz¸ ikki davlat munosabatlariga 10-15 ta odamning sholisi to‘siq bo‘la olmaydi. Tushunganim¸ hali ikki davlat o‘rtasida hal etilmagan masalalar bor¸ dedi Eliboev.

Rishton-So‘x yo‘lida joylashgan hududdagi vaziyatdan yaxshi xabardor tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha¸ mazkur hududda bu yo‘l yopiqligidan katta daromad ko‘rayotgan qudratli guruhlar paydo bo‘lgan va bugunga kelib ular hukumat qarorlariga ta’sir o‘tkazish darajasida kuchaygan bo‘lishi mumkin.

Ozodlik hozircha bunday da’volarni tasdiqlashi mumkin dalil¸ tafsilotlarni o‘rganmoqda.

O‘zbekistonning So‘x eksklavida 2013 yil 5-6 yanvar kunlari mahalliy aholi va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro ortidan Co‘x-Rishton yo‘lidagi chegara punktlari yopib qo‘yilgan edi.

Farg‘ona viloyatining ikki tumanini bog‘lovchi taxminan 70 kmlik bu yo‘l deyarli to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. So‘x voqealaridan keyin yo‘lni ochish urinishlari boshlaganda¸ qirg‘izistonliklar unga norozilik bildirib¸ yo‘lni to‘sib qo‘ygan edi.

So‘xni O‘zbekistonning qolgan hududi bilan boshlovchi eng qisqa yo‘l yopilganidan beri o‘tgan qariyb besh yil davomida so‘xliklar Farg‘onaga o‘tib-qaytish uchun Vodil orqali 130 km.dan ko‘proq yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda.

So‘xliklar bu yo‘ldan borib-kelishning nihoyatda qiyinligi¸ Qirg‘iziston hududida o‘zlarining turli rasmiy va norasmiy ta’magirlik va qonunsiz harakatlardan aziyat chekib kelayotgani haqida Ozodlikka yillardan beri murojaat qiladi.

XS
SM
MD
LG