Линклар

Turkiyadan qaytgach, 27 sentabr kuni Toshkent aeroportida ushlangan va Toshturmaga tashlangan yozuvchi Nurullo Otaxonov qo‘yib yuborildi. O‘g‘li Fayzullaning xabar qilishicha, yozuvchini "Yashnobod tuman IIB boshlig‘i xizmat mashinasida uyiga olib borib qo‘ygan". Ayni paytda yozuvchiga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari haqida biror ma’lumot berilmagan.

Yozuvchi qo‘yib yuborildi

Otasi ushlanganidan buyon yozuvchining Facebook tarmog‘idagi sahifasi orqali xabarlar qoldirayotgan o‘g‘li - Fayzulla Otaxonov 1 oktabr kuni oqshom otasi qo‘yib yuborilgani haqida xabar qoldirdi.

"XUShXABAR!!! Hozirgina uydan xabar keldi. Dadamlarni aeroportdan kishanlangan holda olib borilgan Yashnobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘zining xizmat mashinasida Toshturmadan chiqarib eshigimiz tagiga qo‘yib ketgan. Hozir uyimizda xursandchilik! Yaqin oralarda dadamlarni o‘zlari bayonot beradilar, inshaalloh", deb yozdi Fayzulloh.

Fayzulloh Otaxonovning yozishicha, "bundan keyin nima bo‘ladi hozircha ma’lum emas, hech qanday tushuntirish berilmagan".

Ozodlik muxbiri bilan qisqagina gaplashgan yozuvchi tez orada batafsil intervyu berishini bildirdi, intervyu uchun ​saytimizni kuzatib boring!

Mirziyoevning chetdan qaytgan ilk vatandoshi

Nurullo Otaxonov prezident Mirziyoevning “chetdagi vatandoshlar O‘zbekistonga qaytsin” degan chaqirig‘idan ruhlanib¸ O‘zbekistonga birinchi bo‘lib qaytgan va qaytishi bilanoq hibsga olingan ilk taniqli shaxsdir.

U Istanbuldan Toshkentga qaytgach, aeroportda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan xibsga olindi va qo‘ldagi kishanlari bilan militsiya bo‘limiga olib ketilgandi.

Tergovchilarning so‘zlariga qaraganda, Otaxonovning ushlanishiga uning “Bu kunlar” kitobidagi g‘oyalar sabab bo‘ldi. O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, kitobda «ekstremistik» g‘oyalar mavjud.

Adibning hibsga olingani o‘zbekistonlik ziyolilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keskin qoralandi. Bu hodisa haqida berilgan bayonotlar va bahsu munozaralar bilan mana bu linkda tanishishingiz mumkin.

Toshkent IIBB: Adib qidiruvda bo‘lgan

Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaev payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yozuvchi Nurullo Otaxonovning qo‘lga olinganiga izoh berib, adibning joriy yil 11 may kuni qidiruvga berilganini ma’lum qildi:

«Otaxonov Nurulloga nisbatan 11 may kuni 159-modda bo‘yicha [Jinoyat kodeksi — O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish] jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mazkur jinoiy ish bo‘yicha qator tergov harakatlari amalga oshirildi va unga nisbatan 159-modda 1-qism, 244-modda 3-qism „g“ bandi bo‘yicha sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish ko‘rinishidagi chora tanlangan va qidiruv e’lon qilingan», dedi Toshxo‘jaev.

Nurullo Otaxonov ijodi

Nurullo Otaxonov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlog‘ida tug‘ilgan.

Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi bo‘limini tamomlagan. “Yo‘l boshida” “Dunyo keng”, “Shu yerlik kishi” kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari orqali tanildi.

Yozuvchining sevgi mavzusidagi “Oq bino oqshomlari” hikoyasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, “Yilning eng yaxshi hikoyasi” deb topilgan edi.

Ushbu hikoya asosida “Oq bino oqshomlari” badiiy filmi suratga olingan. Yozuvchi turk, gurji, xitoy va rus adabiyotidan bir qator asarlar tarjima qilgan. Jumladan, yozuvchi Temur Po‘latovning “Taroziy toshbaqasi” (“Cherepaxa Tarazi”) romani hamda “Shinavanda” (“Zavsegdatay”) qissasi ham Otaxonov tarjimasida o‘zbek kitobxoniga etib borgan yozuvchi keyingi 25 yil mobaynida “Yoshlik” (Bo‘lim mudiri), “Mushtum” (Mas’ul kotib), “Sharq yulduzi” (Bo‘lim mudiri), “Hidoyat” (Bosh muharrir) kabi turli jurnallarda hamda “Movarounnahr” nashriyotida (Bosh direktor) ishlab kelgan.

Otaxonovning “Ozodlik”ka aytishicha¸ 2013 yil oxirida ochiq aytilmagan sabablarga ko‘ra birdan “Movarounnahr" nashriyoti Bosh direktorligi hamda “Hidoyat” jurnali Bosh muharrirligidan bo‘shatilgan va shuning ortidan iqtidor uchun istalmagan kishiga aylangan.​

XS
SM
MD
LG