Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:16

Bank boshqaruvi tizimini isloh qilish vaqti kelmadimi, Shavkat aka?


Uzbekistan- Banner OzodMaktub
Uzbekistan- Banner OzodMaktub

"Men yana oyligi to‘lanmasdan dam olish kunlarisiz, ertalab soat 7 yarimdan kech soat 10 gacha (kamida!) xodimlar ishda o‘tirishini, tushlik vaqtimiz normal vaqtdan ancha kechligini (butun Respublikada shu ahvol, Respublika kasaba uyushmasi, sog‘liqni saqlash vazirligi qaerga qarashyapti, hayronman) va yana boshqa ahvollarni yozmadim", deyilgan Ozodlikka bank xodimidan kelgan xatda. Maktubni OzodMaktub ruknida tahrirsiz, qisqartirishsiz, muallif imlosi va punktuatsiyasini saqlagan holda berishga qaror qildik. Xat muallifi ismi sir qolishini istagan.

***

«Ipoteka-bank» ATIB Bekobod filialida majburiy mehnat oddiy tus olgan. Avvallari bunday bo‘lmagandi. Bundan qariyb yetti yil avval bizga yangi kelgan boshliq, tartib o‘rnatish bahonasida, yuqoriga yoqish uchun salla desa, kallasini olib borib berishda professional mahorat ko‘rsata boshladi.

O‘sha paytlarda Bekobod shahrining markaziy qozonxonalaridan biri aholiga issiq suv hisoblagichlarini o‘rnatish uchun Ipoteka-bank Bekobod filialidan katta miqdorda kredit olib, qarzni to‘lay olmay, bankrotlik e’lon qilganda, yuqoridan qarzni yo‘q issiq suvga o‘rnatilgan hisoblagich o‘rnatgan oddiy aholidan undirish haqida topshiriq keldi.

Boshliq aholidan pulni undirtira olmagach, biz xodimlarning oyligidan har oy majburiy olib qola boshladi.

Boshliq aholidan pulni undirtira olmagach, biz xodimlarning oyligidan har oy majburiy olib qola boshladi. «Schetchik ishi»dan so‘ng «bochka ishi», prinsip esa o‘sha-o‘sha...

Pensiyalarni majburan naqddan plastikka o‘tkazishganini hali hech kim esdan chiqargani yo‘q.

Shaharda bir nechta bank filiallari mavjud. Ammo kaltak faqat bizning boshimizda sinib keladi. Chunki boshliq majburiy mehnatni tizimli qilib yo‘lga qo‘yib qo‘ydi. Masalan, bitta xodim oyiga 4ta «schetchik» qarzini undirtirish, 8ta «pensioner» (pensiyasini plastikka "ixtiyoriy" o‘tkazishga rozi bo‘lganidan), 10 million so‘mdan omonat puli (naqd pul taqchil bo‘lgan vaqtlarda), 4 tadan majburiy kredit (aholiga tovuq-qo‘yni kreditga berish «g‘oyasi»), 4 ta 1 million so‘mlik gazetaga majburiy obuna (Ooo, bu haqda alohida maqola, yo‘g‘-e, ensiklopediya yozsa, bu yig‘ilayotgan pullar tepadagilardan kimning cho‘ntagiga borib tushishi haqida jurnalistik surishtiruv uyushtirishsa arziydigan «ish»), shaharda 2 ta yangi qurilayotgan "arzon" uylarga 2 tadan xaridor, paxtaga mardikor uchun 250 mingdan pul, shanba-yakshanba terimga chiqish, 5 tadan terimchi topish... Bunaqa ishlarning cheki yo‘q.

O‘sha boshliq hozir Ipoteka-bankning Toshkent viloyati filialiga boshqaruvchilikka ko‘tarilib ketdi. Ammo biz majburiy mehnatdan qutuldik deb xursand bo‘lib, chuchvarani xom sanabmiz.

Yaqinda prezident Bekobodga kelib ketdi. O‘shanda u aholining isitish tizimi yo‘qligi haqida shikoyatlarini eshitgach («schetchik» ishi), aholiga arzon avtonom isitish tizimini kreditga berishni buyurib ketdi.

Juda soz bo‘ldi. Rostdan ham shunday bo‘ldi. Reklamalar qilindi, mahalliy televideniedan ko‘rsatishdi. Aholi esa bunga qiziqish bildirmadi. Shunda eski boshliq yana qaytib kelib, majlis qildi.

Endi har bir xodim 20 tadan isitish tizimiga xaridor topib kelishimiz kerak ekan..

Endi har bir xodim 20 tadan isitish tizimiga xaridor topib kelishimiz kerak ekan... Yuqoridagi ishlarni qilmagan xodimning mukofot puli qirqiladi. Ustamasi olib tashlanadi. Eng yomoni, majlisda haqorat qilinadi. Ishdan haydaladi.

Men yana oyligi to‘lanmasdan dam olish kunlarisiz, ertalab soat yetti yarimdan kech soat o‘ngacha (kamida!) xodimlar ishda o‘tirishini, tushlik vaqtimiz normal vaqtdan ancha kechligini (butun Respublikada shu ahvol, Respublika kasaba uyushmasi, sog‘liqni saqlash vazirligi qaerga qarashyapti, hayronman) va yana boshqa ahvollarni yozmadim.

Bir narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak deb o‘ylayman. Ayb o‘sha boshliqda, muayyan bir shaxsda emas (aynan shuning uchun uning ismini keltirmadim). U ham buyurilgan ishni sifatli bajarmoqchi bo‘lyapti.

Bizda biror aybni bir kishiga ag‘darib qo‘ya qolish keng quloch yoygan. Ammo biz endi yaxshi tarafga o‘zgarishni boshladik. Buni hamma e’tirof etyapti.

Nega kishilar pulini uyda saqlashni afzal bilishadi?

Bankka aholining ishonchi «nol»ga teng ekanligidan omonat rejalari bajarilmaydi. Nega bo‘lmasa kishilar pulini uyda saqlashni afzal bilishadi?

Turli xizmatiga oid bo‘lmagan ishni bajarish qo‘lidan kelmagach, madaniyatsiz boshqaruvchisidan kurakda turmas so‘zlar bilan so‘kish eshitaverib beti qotib ketgan xodim mijoz bilan gaplashayotganda muomala madaniyatini unutib, qo‘pol muomala qilishi tabiiy hol emasmi?

Yaqinda prezident bank faoliyatini yaxshilash to‘g‘risida yangi qaror chiqardi, majburiy mehnatga qarshi eng yuksak BMT minbaridan turib gapirdi, uning saylovoldi dasturida ish vaqti normadan oshib ketuvchi ishchilarning ish vaqtini normallashtirish punkti ham bor edi. Shundan kelib chiqib menda bir savol tug‘ilyapti:

Bank boshqaruvi tizimini ham haqiqiy (qog‘ozda emas!!!) isloh qilish vaqti-navbati kelmadimi ekan, Shavkat aka?!

...........................................................................................................................

Эслатма​: OzodMaktub рукни остида чоп этиладиган фикрлар муаллифнинг шахсий қарашлари ифодасидир. Озодлик бу мулоҳазалар учун масъул эмас.

XS
SM
MD
LG