Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:53

“Aholiga naqd dollar sotish 10 oktabrdan ham boshlanmaydi”


Ozodlik bilan 9 oktabr kungi suhbatda shunday fikr bildirgan O‘zbekiston bank tizimi mulozimlaridan biri¸ Bosh vazir Abdulla Aripovning 23 sentabr kuni naqd dollar sotishning 1 oktabrdan boshlanishi haqidagi bayonotini “o‘ylamay aytilgan gap” deya baholadi. Mustaqil moliyaviy tahlilchi esa¸ bu jarayonning paysalga solinayotgani Markaziy bank valyuta zahiralarining talabni qondirish darajasida emasligi ifodasi¸ deb izohladi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdullar Aripov¸ Reuters agentligining 23 sentabr kungi xabariga ko‘ra¸ hukumat 1 oktabrdan boshlab barcha tijorat banklarining aholiga naqd valyuta sotishiga ruxsat berishini aytgan edi.

1 oktabr kuni naqd valyuta sotish boshlanmaganidan so‘ng¸ bu jaraënning 10 oktabrdan boshlanishi xabar qilindi.

9 oktabr kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ aholiga naqd valyuta sotish amaliyoti 10 oktabrdan ham boshlanmaydigan ko‘rinadi.

Tijorat banklari bu haqda Markaziy bankdan yo‘riqnoma kutayapti. Markaziy bank esa¸ o‘z navbatida¸ Vazirlar Mahkamasidan buyruq kutayapti. Hozircha bunday qaror biror instantsiyada mavjud emas. Hatto bugun shunday qaror qabul qilingan taqdirda ham¸ tijorat banklari ertadan naqd dollar yoki yevro sotishga tayyorlanib ulgurmaydi. Bu jarayonga hali ancha bor”¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan bank tizimi mutassadilaridan biri o‘z shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

"Zahiradagi valyuta cho‘g‘i ozroq...."

O‘zbekiston Moliya vazirligi sobiq mutasaddilaridan biri Saparboy Jubaev¸ naqd xorij valyutasini erkin sotishning kechiktirilayotganini¸ mamlakat valyuta zahiralarining talabdan ko‘ra ancha kamligi bilan izohlash mumkin, deb taxmin qildi.

26 iyul kuni Toshkentdagi Xalqaro press-klubdagi matbuot anjumanida Moliya Vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzaev O‘zbekiston valyuta zahirasi miqdorining 20 milliard dollardan kam emasligini¸ Markaziy Bank raisi o‘rinbosari Saidkamol Xo‘jaev bu zahiralarning ikki yillik import uchun yetarli ekanini aytgan edi.

Jubaev taxminicha¸ Mirzaev tilga olgan zahira yo amalda yo‘q¸ yo bo‘lsa ham¸ XVJ talabi bo‘yicha tegish mumkin bo‘lmagan zahiradir. Astanadagi Yevroosiyo iqtisodiyot universiteti dotsenti fikricha¸ mamlakatning bozorga tashlashga qurbi yetadigan real zahirasi qatlami ancha yupqa bo‘lishi mumkin:

- Markaziy bank bir oyda mamlakatda¸ xususan¸ iqtisodning eng muhim tarmoqlariga valyutaga qancha talab borligini aniq biladi. Menimcha¸ Markaziy bankda turgan resurslar¸ hozircha O‘zbekistondagi korxonalar talabini qondirishga yetmaydi hisob-kitob bo‘yicha. Shuning uchun bular¸ oldin aholi va korxonalardan valyuta resurslarini yig‘ib olib¸ keyin ochamiz¸ deb reja qilayotgan bo‘lishi mumkin. Aks holda¸ talab va taklif o‘rtasidagi tafovut kuchayib¸ dollar qadrining yana oshib ketishidan qo‘rqishayapti¸ chamamda¸ deydi bu tahlilchi.

Jubaev¸ O‘zbekiston hukumatining erkin konvertatsiyaga o‘tish harakatini oldinga qadam tashlayman deb¸ oyog‘i ko‘targanicha¸ uni havoda muallaq ushlab turgan odamning ko‘rinishiga o‘xshatadi.

“Erkin konvertatsiyaga o‘tish faqat korxonalar va aholi valyutasini sotib olish ko‘rinishida bir tomonlama yo‘nalishda davom etgani sayin¸ valyuta bozoridagi talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat nuqtasi ham shuncha ko‘tarilib ketaveradi”¸ deydi bu mutaxassis:

Saparboy Jubaev fikrini davom ettirar ekan, yana bunday dedi:

- Bir yildan beri erkin konvertatsiyaga o‘tamiz¸ deb psixologik muhitni yaratgandan keyin¸ bitta katta qadam bilan¸ shokoviy terapiyadan o‘tib olish kerak edi. Dollarni sotib olib¸ o‘zi naqd dollar sotmayotgan hozirgi vaziyatda talab va taklifning haqiqiy muvozanatini aniqlashning iloji yo‘q. Men bir dollar O‘zbekistonda 9000-10000 so‘mga chiqishiga ishonmasdim¸ lekin bunaqa chala konvertatsiya cho‘zilaversa¸ 10 mingga ham chiqadi¸ degan xavotir tug‘ila boshladi edi. Erkin konvertatsiyaga o‘tilmasa¸ vaziyat zanjir reaksiyasi sifatida murakkablashib ketaveradi.

Kuzatuvchichi fikricha¸ Markaziy bankning naqd valyuta sotishni boshlash uchun hukumatdan buyruq kutaëtganining o‘ziyoq¸ O‘zbekiston iqtisodining asl muammosi Markaziy bank¸ bank tizimining hukumatdan mustaqil bo‘la olmayotganiga borib taqaladi:

- Hukumat¸ birinchi navbatda¸ byudjetni o‘ylaydi. Shunday ekan¸ u hozir korxonalarga sot¸ aholiga sotma¸ yoki falon korxona sen buncha dollarni sot¸ bunchasini hali sotmay tur¸ degan aralashuv bilan jarayonnning erkin bo‘lishiga yo‘l bermaydi; Markaziy bank¸ umuman bank tizimi o‘z birlamchi funksiyasini bajara olmay qolaveradi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Moliya vazirligi Valyuta-iqtisod boshqarmasi sobiq rahbari Saparbiy Jubaev.

XS
SM
MD
LG