Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 03:01

Rossiyaga Migratsiya agentligi jo‘natgan o‘zbekistonlik "yarim qul"ga aylantirilganini aytdi


Illyustrativ surat.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan Rostov shahriga Toshkentda tuzilgan shartnoma asosida ishga jo‘natilgan o‘zbek muhojiri Rossiyada yana bir shartnoma tuzilgani, natijada o‘zbekistonliklar "yarim qullik holatida ishlashga majbur bo‘layotganidan" arz qildi. O‘zbekistonliklarni Rostov viloyatiga jo‘natgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Toshkent viloyat bo‘limi ​vakili og‘ir ahvolda qolgan vatandoshlariga "agentlik yuristiga arz qilish"ni tavsiya qilish bilan cheklandi.

Rossiyaning Rostov viloyat, Shaxti shahridan Ozodlikka murojaat qilgan andijonlik Hasanboy Shamsiddinovning aytishicha, u Rossiyaga O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan yollanib, jo‘natilgan.

Suhbatdosh bu ishga joylashish uchun Migratsiya agentligiga "2,5 million so‘m atrofida mablag‘ bergani", ammo unga va’da berilgan sharoitlardan qoniqmaganini aytdi.

- Ular Rostov shahriga tikuv sexiga jo‘natdi. "35-40 ming rubl oylik, ish “sdelniy”, ya’ni ishbay asosida qilgan ishingizga pul beradi", deb va’da qilishgan. Bu yerda esa, qilgan ishni emas, soat yozayapti, norma qo‘yyapti: normani eplolmasangiz soatingizdan kesayapti. “Sdelniy” unaqa bo‘lmaydiku! Men necha yillardan beri boshqa joylarda ishlaganman, bilaman. Ular “4 ming rublli oylik patentni ham to‘laysan, 13 foizli soliq ham ushlab qolinadi oyligingdan”, deyapti. Yotoq, ovqat berayapti, ammo ularga ham pul yozilayapti. Bu narsalar haqida nega bizga aytilmagan Toshkentda? Taxminlarim bo‘yicha, 20-25 ming rubl pul chiqadi, deb o‘ylayapman. Chiqib ketsam meni deport bo‘lishim bilan qo‘rqitayapti ish beruvchi, deydi Hasanboy.

Andijonlik yigitning so‘zlariga ko‘ra, Migratsiya agentligiga u bergan 2,5 million o‘zbek so‘midan 900 mingi yo‘l kiraga, 100 ming so‘m maxsus forma tikilishiga va qolgan pul turli boj-to‘lov va agentlikning "xizmat haqi"ga sarflanishi aytilgan.

Muhojir Shaxti shahridagi “BTK” korxonasida o‘zbek muhojirlari harbiy kiyim, asosan, soldatlar formasini tikayotganini ma’lum qildi.

"BTK Tekstil" - yarim harbiy korxona bo‘lib, uning rahbariyati o‘zbek Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Andijonlik Hasanboy Shamsiddinovning aytishicha, u bilan birga Shaxtiga Toshkentdan yana 40 kishi shartnoma asosida 1,5 oy oldin kelgan.

Hasanboy kelganidan keyin ular bilan Toshkentda imzolanganidan tashqari yana bir shartnoma imzolangani va barcha bundan norozi bo‘layotganini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ularni Rostov viloyatiga yollab keltirgan “Standart” shirkati rahbariyati ruxsatisiz o‘zbek ishchilari hatto tashqariga chiqishga haqqi yo‘q ekan.

- Hozir bular aytayapti: “Agar ketadigan bo‘lsang, qilgan rasxodlarimni to‘laysan, keyin xohlagan tomonga ketaver”, deyapti. Qizig‘i, shartnoma tuzilganidan keyin men yana chegaraga chiqib kelishim kerak ekan. Aks holda boshqa patent qila olmas ekanman. “Toshkentdagi gaplarni unut – bu hammasi loxotron! Sizlarga u yerda nima va’da berilgan bilmadim – bizning xizmatimiz shu: xohlasang ishla, bo‘lmasa – chiq!”, deyapti, dedi Hasanboy.

Andijonlik yigit ularni ishga jo‘natishga mas’ul Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi xodimlari telefon raqamlari ishlamayotganini ham aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rostov viloyatidagi tikuv sexlariga o‘zbekistonlik ishchilarni Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Toshkent viloyat bo‘limi jo‘natgan.

Bo‘limning bosh mutaxassisi Shahboz (familiyasini aytishni istamadi) Ozodlik so‘roviga “shartnoma buzilsagina chora ko‘rilishi mumkinligini” bildirib, dedi:

- Shartnoma tuzilganidan keyin u buzilsagina bizga murojaat qilasiz. Rostovdagi fuqarolarga tushuntirilgan: u yerda ob’yomga qarab ish berilar ekan. Fuqaro shu ob’yomni bajarsagina oyligini vaqtida oladi. Ularning hech qanday huquqlari poymol etilmayapti!

Ozodlik: “Bizga to‘g‘ri kelmayapti, tirikchiligimiz o‘tmaydi, uyga pul jo‘natishimiz kerak”, deb aytsa, “Ruxsatimsiz hech qayoqqa ketmaysan!”, deyapti ekan...

- To‘g‘ri! Chunki shartnoma bor-da. Shartnoma buzilgan bo‘lsa, agentligimiz yuridik bo‘limiga telefon qilinglar – yuristlarimiz hal etishga majbur! dedi Migratsiya agentligi vakili.

Hasanboy Shamsiddinov esa, u bilan birga kelgan boshqa o‘zbekistonlik yollanma ishchilar birinchi maoshni olib ketishga shay ekanini bildirdi.

- Bularda hozir pul yo‘q – ketadigan ko‘p. Pul yo‘qligi uchun “Bir oycha ishlaymiz”, deyapti. O‘zbekiston, Toshkentdan hali birov chiqib, xabar olgani ham yo‘q. Bizni yollab kelgan tashkilot “Toshkentdagi holatni unutinglar! Kim shu narsani kovlaydigan bo‘lsa – sursin bu erdan”, deyapti. Faqat patent pulini to‘lab ketsin ekan, dedi Rostovga mehnat kontrakti asosida kelgan Hasanboy Shamsiddinov.

Hasanboy shu kunlarda maosh bermasa ham ishdan bo‘shab, chegaradan “kirdi-chiqdi” muhrini bostirib, Moskvaga ish izlab ketishini ham suhbat so‘nggida ma’lum qildi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiy saytida Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vatandoshlarini ishga qabul qilish davom etayotganini ko‘rish mumkin.

XS
SM
MD
LG