Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 14:36

O‘zbekistonning 3 viloyatidan 30 mingdan ortiq odam poezdda paxtaga jo‘natildi


Boysun vokzalidan hasharchilar paxtaga jo‘natilyapti

Farg‘ona, Namangan va Surxondaryo viloyatlaridan mamlakatning shimoliy va g‘arbiy viloyatlariga 30 ming nafardan ortiq odam paxta terimiga maxsus poezdlarda safarbar etildi. Korxona va tashkilotlar xodimlaridan, mahallalar aholisidan tashkil topgan maxsus otryadlar Xorazm, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda paxta termoqda. Kuzatuvchilarning aytishlaricha, maxsus poezdlarda paxta terimiga odam jo‘natish, hatto Islom Karimov davrida ham kuzatilmagan edi.

Ўзбекистоннинг 3 вилоятидан 30 мингдан ортиқ одам поездда пахтага жўнатилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00
Бевосита линк

Maxsus eshelonlarda paxtaga olib ketildi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida yashaydigan mahalla faollaridan birining Ozodlikka yozishicha, odamlarni majburlab boshqa viloyatlarga paxta terimiga jo‘natish davom etyapti:

“Kecha va bugun Boysundagi Rabot vokzalidan odamlar Qashqadaryoga majburan jo‘natilmoqda. Tuman hokimi O‘ktam To‘raev mahalla raislariga 15tadan 40tagacha odam chiqarasan deb majburlamoqda. Agar kamida 15 odam topmasang, seni falon qilaman deb, haqorat ham qilmoqda. Kecha hokim Bibishirin mahallasi kotibini va Machay mahallasi raisini odam olib kelmading deb, vokzalda kaltakladi, bir qancha tashkilotlar rahbarlarini odaming kam deb, ichki ishlarning temir mashinasiga qamab qo‘ydi”, deb yozdi mahalla faollaridan biri.

Boysun vokzalidan hasharchilar paxtaga jo‘natilyapti
Boysun vokzalidan hasharchilar paxtaga jo‘natilyapti

Surxondaryo viloyatining Denov va Sariosiyo tumanlarida ham odamlarni majburan Qashqadaryo viloyatiga paxta terimiga jo‘natish davom etmoqda.

Denov tumanidagi davlat tashkilotlaridan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbarining aytishicha, ulardan ham bir necha odam poezdda olib ketilgan:

- Bizdan ham to‘rt kishi ketgan, yana odam berasan deyapti. Vagonga solib ko‘rpa-to‘shagi bilan olib ketyapti. Bu davlatni buyrug‘i, bormaganing ishingdan ketasan, deb aytyapti. Biror yil odamlarni boshqa viloyatga poezdda olib borish bo‘lmagan, bu yil ana shunday bo‘lyapti, deydi, tashkilot rahbari.

O‘zbekiston temir yo‘llarining Termiz filialida ishlaydigan temiryo‘lchining aytishicha, hasharchilar maxsus eshelonlarda va yo‘nalishli poezdlarda tashilgan:

“So‘nggi to‘rt kun davomida to‘rtta maxsus eshelon jo‘natildi. Reysoviy poezdlarga ham vagonlarni uladik. Qashqadaryo va Jizzax viloyatiga jo‘natdik”, dedi temiryo‘lchi.

Hasharchilar o‘z hisobidan ijarada turibdi

Farg‘onadagi davlat tashkilotlaridan birining ishchisi so‘zlariga ko‘ra, ularga yoki paxtaga borish, yoki ishdan ketish sharti qo‘yilgan:

“Bizdan ham o‘n kishi Qoraqalpog‘istonga ketdi. Rahbariyat ularga ishda qolishni istasang 20 kunga borib kelasan, dedi. Xuddi Chor Rossiyasi davridagidek, poezdlarga tiqib jo‘natishdi. Lekin, yetib borishgandan keyin gaplashsak, kuniga besh ming so‘mdan berib odamlarning uyida ijarada turishganmish. Na tom bor, na issiq ovqat. Suv masalasi ham qiyin ekan. Ular o‘z yonlaridan qadoqlangan suv sotib olishyapti ekan. Ular bizga telefon qilib pul yuborishimizni so‘rashmoqda. Bu nima?! Karimov davri tugab Mirziyovdan yaxshilik kutgan xalq bir ko‘z ochib yumib, Chor Rossiyasi davridagi mardikorchilik davrida uyg‘ondimi? Mirziyoevga nisbatan xalq noroziligi ortib bormoqda”, deydi ishchilardan biri.

Farg‘ona shahridagi temiryo‘l vokzalida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlardan birining aytishicha, farg‘onalik hasharchilar 6-10 oktabr oralig‘ida Qoraqalpog‘iston va Sirdaryo viloyatiga jo‘natilgan:

“Bu hasharchilarning orasida o‘z ixtiyorlari bilan ketayotganlar ham, korxona va tashkilotlardan majbur bo‘lib ketayotganlar ham bor edi. Ulardan biri bilan gaplashganimda, jo‘nash oldidan har bir hasharchiga 500 ming so‘mdan rag‘batlantirish puli berilganini aytdi. Hammasi uyushgan holda, qozon-tovog‘i, ko‘rpa-to‘shagi bilan olib ketildi”, dedi temiryo‘l mulozimi.

Abdulla Aripov desanti

Ozodlikning O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida ishlaydigan manbasidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta davomida Farg‘ona viloyatidan 16700, Namangan viloyatidan 1900 va Surxondaryo viloyatidan 14900 nafar hasharchi paxta terish uchun Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax viloyatlariga maxsus poezdlarda yuborilgan.

“O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovning shaxsan topshirig‘i bilan bu tadbir uyushtirildi. Aholisi ko‘p bo‘lgan vodiy viloyatlari va paxta terimi deyarli tugagan Surxondaryo viloyatining korxona va tashkilotlar ishchi xodimlari, uyushmagan aholi hisobidan hasharchilar otryadi tashkil etildi. Bu hasharchilar maxsus poezdlarda bir necha kun davomida kerakli joylargacha tashildi. Yo‘lda hech qanday favqulodda hodisa ro‘y bergan emas. Hammasi joyiga yetib borib, paxta teryapti”, dedi manba.

O‘zbekistonda shu paytgacha o‘n minglab hasharchilarni ommaviy ravishda boshqa viloyatlarga poezdlarga olib borish kuzatilmagan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTda qilgan chiqishida majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan edi.

Biroq, prezident gaplarining siyohi hali qurimay turib, paxta terimida majburiy mehnat yana avvalgidan kuchliroq tarzda joriy qilinayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

XS
SM
MD
LG