Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 13:48

Onasi paxtaga ketgan bola devor tagida qolib o‘ldi


Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida 4-sinf o‘quvchisi ustiga devor qulashi oqibatida nobud bo‘ldi. Voqea tafsilotlaridan xabardor taxiatoshliklarning Ozodlikka aytishicha¸ maktab o‘qituvchisi o‘rniga paxtaga yollangan bolaning onasi fojia paytida dalada bo‘lgan. Tuman Xalq ta’limi bo‘limi rahbari o‘qituvchilarga o‘z o‘rniga odam yollab paxtaga yuborish majburiyati qo‘yilganini inkor qilishga urindi.

Taxiatosh tumani markazidagi Berdaq nomli maktabning 4-sinf o‘quvchisi 11 oktabr kuni devor tagida qolib nobud bo‘ldi.

Fojia tafsilotlaridan xabardor taxiatoshlik o‘qituvchilardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bolaning qarovsiz qolgani fojiaga sabab bo‘lganini taxmin qiladi.

“Bolaning otasi Rossiyaga ishlagani ketgan. Onasi maktab o‘qituvchisi bilan pulga kelishib, uning o‘rniga paxta terimiga chiqqan. Bola kecha jiyda teraman deb uylari yaqinidagi eski beton devorga osilib chiqmoqchi bo‘lgan. Lekin, devor qulab uni bosib qolgan. Bola o‘sha zahoti jon bergan. Onasini paxtadan chaqirib kelishgan”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan bolaning mahalladoshlaridan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ fojia kunduzgi soat 12 larda sodir bo‘lgan va 11 yashar bola maktabning ikkinchi smenasida o‘qigan.

Taxiatoshlik o‘qituvchi ta’lim tizimi xodimlarini paxta terimiga jalb qilmaslik haqida Bosh vazir topshiriq berganiga qaramay¸ o‘qituvchilarga o‘z o‘rniga odam yollab paxtaga chiqarishi majburiyati qo‘yilganini fojianing bilvosita sababi deb bilishini yashirmaydi.

“Taxiatoshning hamma maktablarida hozir ahvol shunday. O‘qituvchilar o‘z o‘rinlariga odam yollab paxtaga yuborgan. Pulga zoriqqan odamlar o‘qituvchilar o‘rniga chiqib paxta terishayapti. Buni hamma biladi. O‘qituvchilarga ham¸ o‘zining o‘qituvchiligini bekitib¸ paxtaga chiqish buyurilgan”, deydi o‘zi ham cho‘ntagidan pul to‘lab¸ o‘rniga paxtaga odam yuborishga majbur bo‘lgan taxiatoshlik o‘qituvchi.

Taxiatosh tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Quvvatboy Bekbo‘liev Ozodlik bilan suhbatda Berdaq nomli maktabning 4-sinf o‘quvchisi devor tagida qolib o‘lganini tasdiqlar ekan, o‘qituvchilarning paxta terimi uchun o‘z o‘rniga odam yollayotganini inkor qildi:

- Yo‘q, o‘qituvchilarga o‘z o‘rinlaringga odam chiqaringlar degan talab qo‘yilmagan. Qishloq joylarda obeddan keyin o‘zining daromadi uchun bitta-yarimta chiqayotgan o‘qituvchi bor. Bu ixtiyoriy, o‘zlarining cho‘ntagiga pul ishlash uchun chiqayotganlar bor, dedi Quvvatboy Bekbo‘liev.

O‘zbekistonlik jurnalist va inson huquqi himoyachisi Malohat Eshonqulovaning aytishicha, paxta siyosati tufayli onalar o‘z farzandlarini ko‘p holatlarda qarovsiz qoldirishga majbur bo‘lmoqdalar.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:46 0:00
Бевосита линк

21 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yarim tunda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani va unda 22 sentabr soat 17:00ga qadar paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilganligi haqida hukumat nashrlari xabar qilgan edi.

Bu topshiriq prezident Shavkat Mirziyoev Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasi majlisidan qaytishi bilan berildi. O‘zbekiston prezidenti BMT minbaridan turib mamlakatda bolalar mehnati¸ majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan¸ ammo o‘quvchi-talabalar¸ qolaversa¸ o‘qituvchi va shifokorlarning ayni bayonot qilingan kunda ham majburan paxta dalasida ekani xalqaro maydonda e’tirozga sabab bo‘lgan edi.

Bosh vazirning bu topshirig‘idan so‘ng, talabalar¸ o‘qituvchi¸ vrach va hamshiralar bir kun ichida o‘z o‘qish va ish joylariga ommaviy ravishda qaytarilgan edi.

Ob-havo soviy boshlagandan so‘ng paxta terimi rejasini bajarishi savol ostida qolgan viloyat va tuman hokimlarining o‘qituvchi va shifokorlarni turli tilxat va tahdidlar bilan paxtaga yuborish holatlari kuzatilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan hokimlik vakillari, byudjet tashkiloti xodimlari va o‘quvchi-talablarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlari borligini muntazam inkor qilib keladi.

Paxta terayotgan o‘qituvchiyu shifokorlarning aytishlaricha, ulardan begona odam so‘rab qolgan taqdirda, ta’tilda yoki dam olish kuni bo‘lgani uchun, oilaviy byudjetini to‘ldirish maqsadida o‘z ixtiyori bilan terimga chiqqanligini aytish uqtirilgan, aks holda ishidan ajrash bilan po‘pisa qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG