Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:49

O‘zbekiston bozorlarida import mollar taqchilligi kuzatilmoqda


Toshkentdagi Abu Sahiy bozorining tashqaridan ko‘rinishi
Toshkentdagi Abu Sahiy bozorining tashqaridan ko‘rinishi

O‘zbekistonga import qilinayotgan mahsulotlar uchun belgilangan boj to‘lovlari ikki baravarga qimmatlashi ortidan Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlaridagi yirik bozorlarga mol kelishi, savdogarlarning aytishicha, deyarli to‘xtab qolgan. Oqibatda Toshkentning "Abu Sahiy", "O‘rikzor" bozorlarida kiyim-kechak, poyafzal, qurilish va sanoat mollari taqchilligi sezila boshladi, savdogarlar esa, asosan, qoldiq tovarlarini sotish bilan band.

4 sentabr kuni O‘zbekiston Markaziy banki chet el valyutalarining rasmiy va birja narxlarini unifikatsiya – bir xillashtirishi oqibatida import uchun belgilangan boj tariflari qariyb ikki baravarga oshgan edi.

Xitoydan mol olib kelib Toshkentning "Abu Sahiy" bozorida sotish bilan shug‘ullanuvchi toshkentlik tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, xorij valyutasining so‘mga nisbatan rasmiy kursi bir kunda ikki baravar oshirilishi tadbirkorlarga katta zarba bo‘lgan.

- O‘zi eski kurs bo‘yicha ham 85 foizlik boj to‘lab kelganmiz. Hozir shu ikki baravar oshdi hisob. Chunki davlat kursida 1 dollar 4500 so‘m edi, hozir 8 ming so‘mdan tepada. Biz ham Xitoydan keltiriladigan mol narxini oshirsak, hech kim olmaydi, chunki dollarning rasmiy kursi ikki baravar oshgani bilan qora bozor kursi deyarli o‘zgarmadi. Shuning uchun mol olib kirish zarariga bo‘lyapti. Kelish to‘xtadi, savdogarlar qolgan qoldiq moli bilan savdo qilayapti, - dedi "Abu Sahiy" bozorida bir qancha do‘konga ega tadbirkor.

Toshkentning O‘rikzor bozorida ham shu ahvol. Bu bozorda bir qancha do‘koni bor tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, muammo faqat boj tariflarining oshganida emas.

- Boj tariflari oshdi, to‘g‘ri, ayni paytda "Abu Sahiy" orqali olib kelinadigan molning kilosiga to‘lanadigan transportirovka haqi ham oshdi. Har kilo uchun 9 dollar to‘lanadi. Hozir rasmiy kurs ikki baravar oshganidan so‘ng, bu to‘lov ham ikki baravar ko‘tarildi, chunki rasmiy kursda hisoblanadi, - deydi tadbirkor.

"Abu Sahiy Kargo" orqali O‘zbekistonga mol jo‘natish kamayganini shu shirkatning Xitoyda ishlovchi xodimi ham tasdiqladi.

- "Abu Sahiy Kargo" ishlayapti. Lekin, tariflar oshgani sabab yuborish kamaydi, lekin ishlayapti. Mahsulot turiga qarab kilosi uchun haq 7-9 dollar atrofida bo‘lyapti, - dedi "Abu Sahiy Kargo" hodimi.

Ayni paytda Xitoydan jo‘natiladigan yukning transportirovkasi haqi bir xil turishiga ham ishonch yo‘q. Xitoyning Urumchi shahridagi "Abu Sahiy Kargo" bo‘limi O‘zbekistonga mol yuboruvchilardan yo‘l kira o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirilganliklari to‘g‘risida tilxatlar olmoqda.

Ozodlikka yuborilgan tilxat nushasida “Abu Sahiyning Urumchidagi obmoriga yuk topshirdim. Yuk yo‘l kirasi o‘zgarishi mumkinligi va yetib borish vaqti aniq emasligi haqida ogohlantirildim. Abu Sahiyga hech qanday da’vom yo‘q”, - deb yozilgan.

Xitoyning Urumchi shahridagi "Abu Sahiy Kargo" O‘zbekistonga mol yuboruvchilardan tariflar narxi o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirilganliklari haqida til xatlar olmoqda.
Xitoyning Urumchi shahridagi "Abu Sahiy Kargo" O‘zbekistonga mol yuboruvchilardan tariflar narxi o‘zgarishi mumkinligi haqida ogohlantirilganliklari haqida til xatlar olmoqda.

O‘zbekistonning bozorlarida mol kamayishining yana bir nozik jihati borki, u ham O‘zbekistonda chet el valyutasi rasmiy kursining ikki baravar oshishi bilan bog‘liq.

Toshkentlik tadbirkor buni shunday tushuntirdi:

- Ko‘plab tadbirkorlar konversion kartalariga dollarni rasmiy kursda tushirtirib, Dubayda, Turkiyada, Xitoyda shu kartalarida to‘lab mol olib kelardi. Rasmiy kurs ikki baravar oshganidan so‘ng ularning bozori ham kasod bo‘ldi, chunki rasmiy kurs ikki baravar oshdi, - deydi toshkentlik tadbirkor.

O‘zbekistonlik iqtisodiy tahlilchi Jahongir Shosalimov Ozodlik bilan suhbatda mamlakatda ishlab chiqarish zaif bo‘lib qolayotgan va aholi asosan Xitoy, Turkiya va boshqa davlatlardan keladigan import mollariga qarab qolgan bir paytda hukumat shu mollarni import qilish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga yo‘l ochib berishi kerak, deydi.

- Hukumat devalvatsiyadan keyin tadbirkorlarga keladigan zarbaning oldini olish uchun stavkalarni oldindan o‘zgartirishi kerak edi. Chunki u stavkalar davlat kursi pastligi e’tiborga olinib belgilangan va tadbirkorlik ham davlatning past kursiga moslashgan edi. Hozir ham kech emas. Tariflar kamaytirilishi yoki umuman olib turilishi kerak, toki tadbirkorlik yangi o‘zgarishlarga moslashib olsin. Agar shunday qilinmasa, bozor kasodga uchraydi va bu hozirdan bozorlarda kuzatilyapti, - deydi Shosalimov.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëevning 29 sentabr kungi qarori bilan 1 oktabrdan O‘zbekistonga keltiriladigan oziq-ovqat¸ un¸ o‘simlik yog‘i¸ sariyog‘ va kartoshka kabi asosiy iste’mol mahsulotlariga qo‘yilgan aktsiz solig‘i olib tashlandi.

XS
SM
MD
LG