Линклар

16 oktabrda O‘zbekistonga Rossiyaning Checheniston Respublikasi rahbari Ramazon Qodirov keldi

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, Chechenistondagi "Axmat" klubi prezidenti, Checheniston boks federatsiyasi rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekistonga safari davomida turli tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

info.islom.uz saytining xabar qilishicha, Ramzan Qodirov 16 oktabr kuni «Shayx Zayniddin» jome’ masjidiga borib, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qabrini ziyorat qildi, «Hilol-nashr» nashriyot uyining rahbari Ismoil Muhammad Yusuf bilan uchrashib, Qur’oni Karim tilovatidan so‘ng shayx hazratlarining, barcha o‘tgan mo‘min-musulmonlarning haqiga duo qildi.

Aytilishicha, Ramzan Qodirovning otasi Ahmad xoji Qodirov 1980-yillarda Toshkent islom oliy ma’hadida o‘qib, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan tahsil olgan va umrining oxirigacha sodiq shogirdlardan bo‘lib qolgan edi.

info.islom.uz sayti Ramzan Qodirovning shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qabrini ziyorat etayotgani aks etgan suratlarni ham chop etdi.

Ramzan Qodirov – Chechenistonning birinchi prezidenti, Rossiya qahramoni Ahmad hoji Qodirovning o‘g‘lidir.

Ahmad Qodirov 2004 yil, 9 may kuni Checheniston markazi Grozniy shahri stadionida bayram tadbiri o‘tkazilayotgan paytda amalga oshirilgan terroristik huruj qurboni bo‘lgan.

1976 yil, 5 oktabrda tug‘ilgan Ramzan Qodirov 2007 yil 5 aprelidan buyon Checheniston rahbaridir.

O‘zini prezident Putinning “sodiq askari” deb ataydigan Ramzan Qodirov turli bayonot va aksiyalari tufayli musulmonparvar sifatida tanilgan.

Rossiyalik inson huquqlari faollari Qodirovni Chechenistonni inson huquqlarini o‘ta qo‘pol tarzda buzish evaziga boshqarib kelayotganlikda, ayblab keladi. Ularning fikricha, jurnalist Anna Politkovskaya, siyosatchi Boris Nemsovlarning o‘ldirilishi izi ham aynan Checheniston va Ramzan Qodirovga olib borishi mumkin.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Ramzon Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan ham qabul qilinadi.

XS
SM
MD
LG