Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:06

Sadriddin Ayniyning Qori Ishkambasiga soqol qo‘yishga ruxsat berildi


Xushnud Dodo teatrda mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniy "Sudxo‘rning o‘limi" qissasidagi Qori Ishkamba rolini o'ynaydi.
Xushnud Dodo teatrda mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniy "Sudxo‘rning o‘limi" qissasidagi Qori Ishkamba rolini o'ynaydi.

O'tgan haftada Tojikiston shimolida soqoli borligi uchun huquq-tartibot organlari tomonidan qo'lga olingan uch aktyor ozod qilindi.

Qori Ishkamba va mulla rollarini ӯynash uchun soqol qo'ygan Konibodom shahar teatri aktyorlariga soqol bilan ko'chalarda yuraverishiga ruxsat etilganini tasdiqlovchi “ma’lumotnoma” berilgan.

Xushnud Dodo teatrda mashhur yozuvchi Sadriddin Ayniy "Sudxo‘rning o‘limi" qissasidagi Qori Ishkamba rolini o'ynaydi. U va ushbu pyesada mullalar rolini ijro etayotgan Farrux Vaitov va Farhod To'xtashevlar katta soqol qo‘ygan.

Aktyorlar soqolni spektaldagi obrazning bir unsuri sifatida o‘stirgan. Ammo 7 oktabr kuni Konibodom shahar ko'chasida ularni militsiya xodimlari ichki ishlar bo‘limiga olib kelib, jamoat joyida soqol bilan yurish taqiqlanganligini “tushuntirganlar”.

Aktyorlarga ko'ra, joriy yilning o'zida ular o'nlab marta bunday hodisaga duch kelganlar.

Endilikda Konibodom shahridagi musiqiy-drama teatri aktyorlarga soqol bilan yurishlari uchun rasmiy izn - hujjat berdi.

Hujjatda aktyorlarning suratlari va teatrning muhri bor.

Mazkur hujjat asosida ular yilning oxirigacha Tojikistonda soqol bilan yurishga haqlidirlar.

2015 yilda Tojikiston hukumati jamoatchilik orasida soqolga qarshi kampaniya o‘tkazib, huquq-tartibot tuzilmalari soqol qo‘ygan minglab erkakni qo‘lga olgan edi. Qo‘lga olingan soqollilarning barmoq izlari olingan, yashash manzillari aniqlangan, keyin soqollari qirqilib, ozod etilgan edi. So‘g‘d viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general Sharif Nazarning jurnalistlarga aytishicha, bu tadbir diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashdagi qadam hisoblanadi.

“Ekstremist va terroristik guruhlarga a’zo bo'lishning birinchi sharti bu uzun soqol qo'yishdir. Ekstremizm va terrorizmga bovliq jinoyatlarni tergov qilish jarayonida shunday xulosa keldik” -dedi general Nazar.

Tojikistonda soqolni qisqartirish jarayoni 2009 yilda o‘qituvchilardan boshlangan edi. O‘shanda yoshi 50dan oshgan o‘qituvchilarga uzun soqol qo‘yish taqiqlanib, o‘z xohishi bilan soqolini olmaganlarga 150 somoniy (taqriban 15 AQSh dollari) miqdorida jarima solingan edi.

Birgina Xatlon viloyatida 13 ming odamning soqoli huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan majburan oldirilgani xabar qilingan.

Dushanbeda joriy yilning 11 iyulida o‘tgan “Urf-odatlar, bayram va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 10 yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Emomali Rahmon yana bir bor soqol qo‘yganlar va hijob kiyganlarni tanqid qilgan edi.

Inson huquqlari himoyachilari soqol bilan bog‘liq cheklovlarni shaxsiy hayotga aralashuv va inson huquqlarining qo‘pol tarzda buzilishi sifatida baholab kelmoqda. Jumladan, AQSh Davlat departamentining inson huquqlari ahvoligaoid hisobotlarida Dushanbe rasmiylarining soqolga qarshi kurashi keskin tanqid qilingan.

AQSh Davlat departamenti hisobotida Tojikistonda soqol qo‘yishga to‘la ta’qiq joriy etilmagan bo‘lsa-da, ko‘p holatlarda soqollilarning ishga o‘rnashishida ko‘plab muammolar yuzaga kelayotgani ta’kidlangan.

XS
SM
MD
LG